O‘zbekistonda 13-sentabr soat 23:30 dan 14-sentabr soat 23:30 ga qadar koronavirus yuqtirib olish bilan bog‘liq 572 ta holat qayd etildi. Bu so‘nggi 5 kun ichidagi eng past ko‘rsatkich. Yangi holatlardan so‘ng O‘zbekistonda koronavirusga chalinganlar soni 47995 nafarga yetdi. Koronavirusga chalinish holatlarining 1,2 foizi 14-sentabrga to‘g‘ri keldi.

SSV hisobi bo‘yicha 398, “Daryo” hisobi bo‘yicha 413 kishi koronavirus asoratlaridan vafot etgan.

Foto: Telegram / @ssvmatbuotkotibi

Yangi kasallanish holatlari

Yangi kasallangan 572 kishining barchasi tana harorati ko‘tarilgani bois profilaktika maqsadida hamda koronavirusga chalingan bemorlar bilan muloqotda bo‘lganligi sababli namuna olingan fuqarolar orasida aniqlangan:

  • Toshkent shahrida — 377 nafar;
  • Toshkent viloyatida — 130 nafar;
  • Andijon viloyatida — 17 nafar;
  • Jizzax viloyatida — 11 nafar;
  • Namangan viloyatida — 10 nafar;
  • Surxondaryo viloyatida — 8 nafar;
  • Farg‘ona viloyatida — 7 nafar;
  • Buxoro viloyatida — 7 nafar;
  • Qashqadaryo viloyatida — 5 nafar.

Kun davomida 9 ta hududda koronavirusga chalinish holati qayd etildi. 28-avgust kuni o‘tkazilgan yig‘ilishda O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev kuniga o‘rtacha 370 nafar yangi bemor aniqlanishi karantin talablari yumshatilgan hozirgi sharoitda nazorat ko‘rsatkichi bo‘lishini qayd etgandi. Prezident haqiqiy holat bo‘yicha raqamlarni yashirishga mutlaqo yo‘l qo‘ymaslik to‘g‘risida barcha rahbarlarni ogohlantirdi. Bunga urinish jinoiy javobgarlikkacha bo‘lgan qat’iy choralarga olib kelishi mumkinligi ta’kidlandi. Oxirgi 7 kunda kunlik kasallanish holatlari nazorat ko‘rsatkichidan baland bo‘lmoqda.

Toshkent shahrida 377 kishida koronavirus aniqlandi. Bu Toshkentda sentabr oyida eng ko‘p kasallik aniqlangan kunlar orasida ikkinchi natijadir. 11-sentabr kuni poytaxtda 510 kishida koronavirus qayd etilib, nafaqat sentabr oyining, balki butun epidemiya mavsumi davomidagi antirekord o‘rnatilgandi. Sentabrning 14 kunida Toshkentda kasallanganlar soni 3621 nafarga ko‘paydi. SSV jadvalidagi 14 ta hududdan oxirgi 7 tasida qayd etilgan barcha holatlarni qo‘shib hisoblaganda (3475 ta) ham buncha bemor chiqmaydi. Hozirda Toshkentda koronavirusga chalinganlarning umumiy soni 29173 nafarga yetdi. O‘zbekiston bo‘yicha COVID-19 tashxisi qo‘yilganlarning 60,8 foizi poytaxt hisobiga to‘g‘ri kelmoqda.

Toshkent viloyatida 10-sentabr kuni 186 kishida COVID-19 aniqlanganidan so‘ng kunlik kasallanish holatlari pasaymoqda: 11-sentabrda 182, 12-sentabrda 162, 13-sentabrda 143 va 14-sentabrda 130 kishida koronavirus qayd etildi. Sentabrda Toshkent viloyatida koronavirusga chalinganlar soni 1680 nafarga ko‘payib, umumiy kasallanganlar soni 8885 nafarga yetdi. Bu O‘zbekiston bo‘yicha koronavirusga chalinganlarning 18,5 foiziga tengdir. Besh kundan buyon umumiy kasallanganlar soni bo‘yicha Toshkent viloyatining ko‘rsatkichi 0,1 foizga ko‘tarilib bormoqda.

Andijon viloyatida 17 kishida COVID-19 qayd etildi. Viloyatda 12 kundan buyon uzluksiz ravishda kasallanish holatlari qayd etilmoqda. Ushbu 12 kun ichida viloyatda koronavirusga chalinganlar soni 132 nafarga ko‘paydi va Andijonda kasallanganlarning umumiy soni 1342 nafarga yetdi. O‘zbekiston bo‘yicha COVID-19 tashxisi qo‘yilganlarning 2,8 foizi Andijon viloyati hisobiga to‘g‘ri kelmoqda.

Jizzax viloyatida 11 kishida koronavirus qayd etildi. SSV 10 kun ichida (4-sentabrdan beri) birinchi marta Jizzaxda yangi kasallanish holatlari aniqlangani haqida xabar bermoqda. 4-sentabrda 8 ta holat qayd etilguncha ham 10 kun davomida Jizzaxda kasallanish holatlari qayd etilmagandi. 10-sentabr kuni Jizzax shahar hokimligi axborot xizmati Xalq deputatlari Jizzax shahar Kengashining o‘ninchi sessiyasi materiallari bo‘yicha ma’lumot berib, shahardagi umumta’lim maktablari o‘qituvchilarining COVID-19 bo‘yicha topshirgan test natijalariga ko‘ra 52 nafar pedagog xodimda infeksiya aniqlanganini ma’lum qilgandi. Ammo ushbu holatlarning hammasini ham SSV rasmiy statistikaga kiritmayapti.

Namangan viloyatida 10 kishida koronavirus qayd etildi. Sentabr oyining 10 kunida Namanganda yangi kasallanish holatlari aniqlandi. Bu kunlarda Namangan viloyatida koronavirusga chalinganlar soni 130 kishiga ko‘paydi. Viloyatda kasallanganlar soni 1039 nafarga yetdi. Namangan koronavirusga chalinganlar soni bo‘yicha sentabrda ikkinchi marta Qashqadaryoda o‘tib ketmoqda.

Surxondaryo viloyatida 8 kishida koronavirus aniqlandi. Viloyatda sentabr oyida faqat oxirgi 5 juft sanada kasalliklar qayd etilmoqda: 6-sentabrda 9 ta, 8-sentabrda 1 ta, 10-sentabrda 5 ta va 12-sentabrda 5 ta. Surxondaryoda hozirda koronavirusga chalinganlar soni 659 nafarga yetdi. O‘zbekiston bo‘yicha koronavirusga chalinganlarning 1,37 foizi Surxondaryo viloyatiga to‘g‘ri kelmoqda.

Farg‘ona viloyatida 7 kishida COVID-19 aniqlandi. Sentabr oyida viloyatda faqat 6, 8, 10 va 13-sentabr kunlari yangi holatlar ro‘yxatga olinmadi. Oy davomida Farg‘onada kasallanganlar soni 40 kishiga ko‘paydi. Farg‘onadagi jami kasallanganlar soni 363 nafarni tashkil etmoqda. Bu O‘zbekiston bo‘yicha koronavirusga chalinganlarning 0,75 foiziga tengdir.

Buxoro viloyatida 7 kishida koronavirus qayd etildi. SSV ma’lumotlari bo‘yicha sentabr oyida viloyatda kasallikka chalinganlar soni 44 nafarga ko‘paydi. Ammo 13-sentabr kuni o‘tkazilgan brifingda Buxoro viloyat xalq ta’limi boshqarmasi boshlig‘i Dilfuza Mustafoyeva viloyatda 239 nafar o‘qituvchi va maktab xodimi koronavirusga chalinganini ma’lum qilgandi. Viloyat hokimi o‘rinbosari Mirali Hamroyev esa bu xabarni rad etib, maktab xodimlarining testi birlamchi ekanligi, ulardan qayta test olinishini bildirdi.

Qashqadaryo viloyatida 5 kishida kasallik qayd etildi. Qashqadaryoda koronavirusga chalinganlarning umumiy soni hozirda 1034 nafarga yetdi. Sentabrning 10 kunida viloyatda yangi holatlar ro‘yxatga olindi. SSV bu kunlarda jami 80 kishida koronavirus qayd etilganini ma’lum qilmoqda. Ammo “Daryo” muxbiri bilan suhbatlashgan viloyat xalq ta’limi boshqarmasi boshlig‘i Abdug‘ani Himmatov Qashqadaryoda 855 nafar maktab xodimida koronavirus aniqlanganini ma’lum qildi. Abdug‘ani Himmatovga ko‘ra, viloyatdagi 1151 ta maktab hamda 191 ta filialda faoliyat yurituvchi 75 427 nafar xodimning 32 261 nafari koronavirusga test topshirgan bo‘lib, shundan 855 nafar xodimda koronavirus aniqlangan. Mazkur xabarni tasdiqlagan viloyat Sanitariya va epidemiologiya osoyishtalik markazi bosh vrachi Sobir Murodov o‘qituvchilarning 41 nafarida 14-sentabr kuni kasallik aniqlanganini qo‘shimcha qildi. Ammo SSV viloyatda faqat 5 kishida koronavirus aniqlangani haqida xabar berdi.

O‘lim holatlari va ahvoli og‘ir bemorlar

SSV Toshkent shahrida 5 nafar, Qoraqalpog‘iston Respublikasida 1 nafar, jami 6 nafar koronavirusga chalingan bemor vafot etganini xabar qildi. FVV Xorazm va Qoraqalpog‘istonda bir nafardan xodimi vafot etganini ma’lum qilgandi. SSV ushbu holatlardan faqat bittasini tasdiqladi.

Birinchi o‘lim. Toshkent shahri Sergeli tumanida yashagan 57 yoshli R.R. ismli ayol vafot etgan.

Ikkinchi o‘lim. Toshkent shahri Yunusobod tumanida yashagan 33 yoshli L.M. ismli ayol vafot etgan.

Uchinchi o‘lim. Xorazm viloyati Qo‘shko‘pir tumani Favqulodda vaziyatlar bo‘limi boshlig‘i mayor Doniyor Jabborov 12-sentabr kuni vafot etgan.

Mayor Doniyor Jabborov.

Foto: FVV matbuot xizmati

Favqulodda vaziyatlar vazirligi axborotiga ko‘ra, mayor Jabborov koronavirus infeksiyasidan shifoxonada davolanayotgan bo‘lgan. Doniyor Jabborov 1981-yil Qo‘shko‘pir tumanida tavallud topgan. FVV tizimida 2005-yil aprel oyidan buyon ishlab kelayotgan edi.

Uning o‘limi bo‘yicha SSV hozircha axborot bergani yo‘q.

To‘rtinchi o‘lim. Qoraqalpog‘istonning Qo‘ng‘irot tumani Favqulodda vaziyatlar bo‘limi boshlig‘i podpolkovnik Kuanishbay Akimov 14-sentabr kuni vafot etgan.

Podpolkovnik Kuanishbay Akimov.

Foto: FVV matbuot xizmati

FVV axborotiga ko‘ra, podpolkovnik Akimov koronavirus infeksiyasi bilan xastalanib, shifoxonada davolanayotgan bo‘lgan. Kuanishbay Akimov 1979-yil Nukus shahrida tug‘ilgan. U Qoraqalpog‘iston Yong‘in xavfsizligi boshqarmasida 20 yildan ortiq turli lavozimlarda xizmat qilgan edi.

Uning o‘limiga koronavirus asoratlari sabab bo‘lganini FVV axborotidan bir necha soat o‘tgach SSV tasdiqladi.

Beshinchi o‘lim. Toshkent shahri Yakkasaroy tumanida yashagan 70 yoshli R.G. ismli erkak vafot etgan.

Oltinchi o‘lim. Toshkent shahri Olmazor tumanida yashagan 56 yoshli M.A. ismli ayol vafot etgan.

Yettinchi o‘lim. Toshkent shahri Mirobod tumanida yashagan 63 yoshli O.K. ismli ayol vafot etgan.

Hozirgacha Sog‘liqni saqlash vazirligi 398 kishining koronavirus asoratlaridan vafot etganini xabar berdi. “Daryo” hisobi bo‘yicha koronavirusga chalingach, vafot etganlar soni 413 nafarni tashkil etmoqda.

SSV tomonidan koronavirus qurboni bo‘lgani “tan olinmaganlar”:

Taniqli rejissor Sarvar Karimov ham 17-iyul kuni otasi koronavirus infeksiyasidan vafot etgani, ammo unga tashxis qo‘yilmaganini ma’lum qilgandi. Rejissorning o‘zi va uning boshqa oila a’zolarida koronavirus tasdiqlangan. Shuningdek, 26-iyul kuni bosh vazir o‘rinbosari Aziz Abduhakimov 24-iyul kuni Samarqanddagi Ipak yo‘li xalqaro turizm universitetining 33 yoshli magistranti O‘tkir Temirov kasallikdan vafot etganini aytgan. Ma’lum bo‘lishicha, marhum o‘zida COVID-19’ning barcha belgilari bo‘lsa-da, test ham topshira olmagan, kasalxonaga ham yota olmagan. Qoraqalpog‘istonning Taxtako‘pir tumani shifoxonasining 32 yoshli tez tibbiy yordam hamshirasi Aliya Jiyemuratova 28-iyul kuni koronavirusdan vafot etgani haqida “Makan.uz” xabar tarqatdi. Qashqadaryoda yana bir tibbiyot xodimi, xususiy klinika bosh shifokori To‘raqul Xoliqov 65 yoshida vafot etdi. “Daryo” muxbiri bilan suhbatlashgan xususiy klinika mas’ullarining ta’kidlashicha, To‘raqul Xoliqov so‘nggi bir oy davomida koronavirus kasalligidan davolanib kelgan.

Ayni paytda tibbiyot muassasalarida davolanayotgan 3071 nafar bemordan 451 nafari og‘ir, 243 nafari esa o‘ta og‘ir ahvolda.  16-sentabr kunlari ahvoli og‘ir va o‘ta og‘ir bemorlarning umumiy soni 500-600 oralig‘ida bo‘lgan bo‘lsa, 710-sentabr kunlari 600-700 oralig‘ida, 1113-sentabr kunlari 700-800 oralig‘ida bo‘ldi, endi esa 694 nafarga tushdi. Hozirda davolanishni davom ettirayotganlardan 22,6 foizining ahvoli og‘ir bo‘lib turibdi.

Kasallikdan davolanish

14-sentabr kuni O‘zbekistonning 7 ta hududida 524 nafar bemor koronavirusdan sog‘aydi. Bu so‘nggi 17 kun ichida eng ko‘p bemor sog‘aygan kun bo‘ldi.

Yangi tuzalganlarning

  • 293 nafari Toshkent shahrida;
  • 130  nafari Toshkent viloyatida;
  • 75 nafari Samarqand viloyatida;
  • 8 nafari Andijon viloyatida;
  • 6 nafari Surxondaryo viloyatida;
  • 6 nafari Farg‘ona viloyatida;
  • 3 nafari Namangan viloyatida kasallikdan forig‘ bo‘ldi.

Ularning qanchasi uy sharoitida, qanchasi statsionar sharoitda davolanganiga SSV aniqlik kiritmagan.

Ma’lumot uchun, O‘zbekistonda koronavirus epidemiyasi sabab sog‘liqni saqlash tizimiga tushayotgan yuklamani bir qadar yengillatish maqsadida 5-iyuldan boshlab koronavirus infeksiyasi alomatsiz kechayotgan bemorlarga uy sharoitida davolanishga ruxsat berilgan, ushbu yo‘nalishda yo‘riqnoma va eslatmalar ham e’lon qilingan.

Biroq Sog‘liqni saqlash vazirligi koronavirusga chalinganlarga doir axborotlarida yangi bemorlarning qanchasida kasallik alomatsiz (simptomsiz) kechayotganiga aniqlik kiritmayapti, shu boisdan ayni vaqtda koronavirusdan davolanayotgan bemorlarning qanchasi kasalxonalarda qolayotgani, qanchasi uy sharoitida davolanayotgani ma’lum emas.

Hozirda kasallik qayd etilgan jami 47 995 nafar bemordan 44 526 nafari sog‘ayib, davolanish ko‘rsatkichi 93 foizni tashkil etmoqda. To‘rt kundan buyon bu boradagi ko‘rsatkich o‘zgargani yo‘q. Ammo 5—9-sentabr kunlari davolanish ko‘rsatkichi pandemiya davrida ilk marta 94 foizga chiqqandi.

Sog‘liqni saqlash vazirligi ma’lumotlari bo‘yicha ayni paytda 3071 nafar bemor COVID-19’dan davolanmoqda. Bu so‘nggi 19 kun ichidagi eng yuqori natija. Yetti kun avval davolanishni davom ettirayotgan bemorlar soni 2027 nafarni tashkil etayotgandi.

Hozirda eng ko‘p bemor Toshkent shahrida davolanmoqda — 2064 nafar. Farg‘onada 10, Navoiyda 10, Qoraqalpog‘istonda 17, Jizzaxda 21, Surxondaryoda 22, Sirdaryoda 33, Buxoroda 40, Xorazmda 40, Qashqadaryoda 63, Namanganda 84, Andijonda 103, Samarqandda 161 va Toshkent viloyatida 403 nafar bemor qoldi.

Toshkent shahrida koronavirusdan davolanayotganlar soni 28-avgustdan buyon birinchi marta 2000 nafardan oshdi. Andijonda esa davolanishdagi bemorlar soni 43 kun ichida birinchi marta 100 nafardan ko‘paydi.