O‘zbekistonda 9-sentabr soat 23:30 dan 10-sentabr soat 23:30 ga qadar koronavirus yuqtirib olish bilan bog‘liq 749 ta holat qayd etildi. Bu so‘nggi 39 kun ichidagi eng yuqori natija. Shuningdek, eng ko‘p koronavirus bilan kasallanish holatlari aniqlangan kunlar orasida 3-natijadir (1-avgustda 774 kishida, 2-avgustda 770 kishida COVID-19 qayd etilgandi). Yangi holatlardan so‘ng O‘zbekistonda koronavirusga chalinganlar soni 45679 nafarga yetdi. Koronavirusga chalinish holatlarining 1,6 foizi 10-sentabrga to‘g‘ri keldi.

SSV hisobi bo‘yicha 373, “Daryo” hisobi bo‘yicha 387 kishi koronavirus asoratlaridan vafot etgan.

Foto: Telegram / @ssvmatbuotkotibi

Yangi kasallanish holatlari

Yangi kasallangan 749 kishining barchasi tana harorati ko‘tarilgani bois profilaktika maqsadida hamda koronavirusga chalingan bemorlar bilan muloqotda bo‘lganligi sababli namuna olingan fuqarolar orasidan aniqlangan:

  • Toshkent shahrida — 510 nafar;
  • Toshkent viloyatida — 186 nafar;
  • Samarqand viloyatida — 16 nafar;
  • Namangan viloyatida — 9 nafar;
  • Andijon viloyatida — 9 nafar;
  • Xorazm viloyatida — 8 nafar;
  • Buxoro viloyatida — 5 nafar;
  • Surxondaryo viloyatida — 5 nafar;
  • Qoraqalpog‘iston Respublikasida — 1 nafar.

Kun davomida 9 ta hududda koronavirusga chalinish holati qayd etildi. 28-avgust kuni o‘tkazilgan yig‘ilishda O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev kuniga o‘rtacha 370 nafar yangi bemor aniqlanishi karantin talablari yumshatilgan hozirgi sharoitda nazorat ko‘rsatkichi bo‘lishini qayd etgandi. Prezident haqiqiy holat bo‘yicha raqamlarni yashirishga mutlaqo yo‘l qo‘ymaslik to‘g‘risida barcha rahbarlarni ogohlantirdi. Bunga urinish jinoiy javobgarlikkacha bo‘lgan qat’iy choralarga olib kelishi mumkinligi ta’kidlandi. O‘sha yig‘ilish o‘tkazilgan kundan so‘ng uchinchi marta kunlik kasallanish holatlari 370 tadan oshdi. Bu uchala kunning bari oxirgi 3 kunga to‘g‘ri keldi. Bundan tashqari 10-sentabrdagi natija nazorat ko‘rsatkichidan 2 barobar oshib ketganini ham qayd etish lozim.

Toshkent shahrida 510 kishida koronavirus aniqlandi. Bu poytaxt uchun antirekord hisoblanadi. Bungacha Toshkentda eng ko‘p kasallik kasallik aniqlangan 9-avgust edi, o‘sha kuni 509 kishida COVID-19 qayd etilgan. Poytaxtda 3-sentabrdan beri kunlik kasallanish holatlari ko‘payib bormoqda: 3-sentabrda 109 kishida, 4-sentabrda 135 kishida, 5-sentabrda 170 kishida, 6-sentabrda 177 kishida, 7-sentabrda 190 kishida va 8-sentabrda 317 kishida, 9-sentabrda 331 kishida COVID-19 qayd etilgandi. Sentabrning 10 kunida Toshkentda kasallanganlar soni 2341 nafarga ko‘paydi. SSV jadvalidagi 14 ta hududdan 12 tasida epidemiya mavsumida hali buncha bemor aniqlanmagan. Hozirda Toshkentda koronavirusga chalinganlarning umumiy soni 27893 nafarga yetdi. O‘zbekiston bo‘yicha COVID-19 tashxisi qo‘yilganlarning 61 foizi poytaxt hisobiga to‘g‘ri kelmoqda.

Toshkent viloyatida 186 kishida COVID-19 aniqlandi. Bu viloyatda 3-avgustdan so‘ng (38 kun ichida) qayd etilgan eng yuqori ko‘rsatkichdir. Sentabrda Toshkent viloyatida koronavirusga chalinganlar soni 1063 nafarga ko‘payib, umumiy kasallanganlar soni 8268 nafarga yetdi. Bu O‘zbekiston bo‘yicha koronavirusga chalinganlarning 18,1 foiziga tengdir. Kasallanganlarning 18,1 foizi ilgari hech qachon Toshkent viloyati hisobiga to‘g‘ri kelmagandi.

Samarqand viloyatida 16 kishida koronavirus aniqlandi. Sentabr oyida viloyatda faqat 2 va 8-sentabr kunlari yangi holatlar ro‘yxatga olinmadi. Oy davomida kasallanganlar soni 88 nafarga ko‘paydi. Samarqandda COVID-19 qayd etilganlar soni 1806 nafarga yetdi. O‘zbekiston bo‘yicha koronavirusga chalinganlarning 3,9 foizi Samarqand viloyatiga to‘g‘ri kelmoqda.

Namangan viloyatida 9 kishida koronavirus qayd etildi. Sentabr oyining 7 kunida Namanganda yangi kasallanish holatlari aniqlandi. Bu kunlarda Namangan viloyatida koronavirusga chalinganlar soni 49 kishiga ko‘paydi. Viloyatda kasallanganlar soni 958 nafarga yetdi. Bu Qoraqalpog‘iston (462) va Xorazmdagi (498) koronavirusga chalinganlarning umumiy soniga (960) deyarli teng.

Andijon viloyatida 9 kishida COVID-19 qayd etildi. Viloyatda 8 kundan buyon uzluksiz ravishda kasallanish holatlari qayd etilmoqda. Andijonda koronavirusga chalinganlarning umumiy soni 1273 nafarga yetdi. O‘zbekiston bo‘yicha COVID-19 tashxisi qo‘yilganlarning 2,8 foizi Andijon viloyati hisobiga to‘g‘ri kelmoqda.

Xorazm viloyatida 8 kishida koronavirus qayd etildi. Sentabrning 10 kunidan 5 tasida viloyatda yangi kasallanganlar ro‘yxatga olindi. Bu Xorazmda oy davomida eng ko‘p kasallik aniqlangan kun bo‘ldi. Kasallikka chalinganlarning umumiy soni hozirda 498 nafarga yetdi. O‘zbekiston bo‘yicha koronavirusga chalinganlarning 1,09 foizi Xorazm viloyati hissasiga to‘g‘ri kelmoqda.

Buxoro viloyatida 5 kishida koronavirus qayd etildi. Sentabr oyida viloyatda kasallikka chalinganlar soni 29 nafarga ko‘paydi. Buxorodagi umumiy koronavirusga chalinganlar soni esa 1075 nafarni tashkil etmoqda. O‘zbekiston bo‘yicha COVID-19 qayd etilish holatlarining 2,35 foizi Buxoroda aniqlangan.

Surxondaryo viloyatida 5 kishida koronavirus aniqlandi. Viloyatda sentabr oyida faqat oxirgi uchta juft sanada kasalliklar qayd etildi 6-sentabrda 9 ta, 8-sentabrda 1 ta. Surxondaryoda hozirda koronavirusga chalinganlar soni 646 nafarga yetdi. O‘zbekiston bo‘yicha koronavirusga chalinganlarning 1,4 foizi Surxondaryo viloyatiga to‘g‘ri kelmoqda.

Qoraqalpog‘iston Respublikasida 1 kishida koronavirus aniqlandi. Respublikada oxirgi 22 kun ichida 11 marta yangi kasallanish holatlari ro‘yxatga olingan bo‘lsa, bu kunlarning birontasida yangi bemorlar soni 4 nafardan oshmadi. Qoraqalpog‘istonda koronavirusga chalinganlarning umumiy soni 462 nafarga yetdi. Bu Toshkent shahridagi bemorlar sonidan 60 barobar kam deganidir.

O‘lim holatlari va ahvoli og‘ir bemorlar

SSV Toshkent viloyatida 4 nafar, Toshkent shahrida 3 nafar, jami 7 nafar koronavirusga chalingan bemor vafot etganini xabar qildi. Ushbu o‘lim holatlaridan bittasini “Daryo” oldinroq xabar qilgandi. SSV Bosh prokuratura boshqarma boshlig‘i Hamza Fayziyev koronavirus asoratlaridan vafot etganini uning o‘limidan ikki kun o‘tib tasdiqladi. Shuningdek, Bosh prokuratura bir oy oldin vafot etgan bemorning koronavirusdan tuzalgani bo‘yicha hujjatlari soxtalashtirilganini ma’lum qildi.

Birinchi o‘lim. Toshkent viloyati Zangiota tumanida yashagan 79 yoshli S.J. ismli ayol vafot etgan.

Ikkinchi o‘lim. Toshkent shahri Olmazor tumanida yashagan 70 yoshli B.U. ismli erkak vafot etgan.

Uchinchi o‘lim. Toshkent viloyati Ohangaron shahrida yashagan 46 yoshli S.T. ismli erkak vafot etgan.

To‘rtinchi o‘lim. Chirchiq shahridagi yuqumli kasalliklar shifoxonasida ikki tomonlama pnevmoniya va COVID-19 tashxisi bilan og‘ir ahvolda davolanayotgan 39 yoshli F.Rustamov shifoxona xodimlari tomonidan viloyat Ruhiy kasalliklar dispanseriga o‘tkazilgan va shundan keyin vafot etgan. Ushbu o‘lim holati Bosh prokuraturaning Chirchiq shahrida joylashgan Toshkent viloyati yuqumli kasalliklar shifoxonasi bosh shifokori, Toshkent viloyati bosh infeksionisti Guljahon Yo‘ldoshevaga nisbatan ochilgan jinoyat ishi tafsilotlaridan ma’lum bo‘ldi.

Xabar berilishicha, 2020-yil 10-avgust kuni fuqaro Sh.Minbayev Chirchiq shahar prokuraturasiga murojaat qilib, Chirchiq shahridagi yuqumli kasalliklar shifoxonasida ikki tomonlama pnevmoniya va COVID-19 tashxisi bilan og‘ir ahvolda davolanayotgan qarindoshi F.Rustamov 1-avgust kuni Toshkent viloyati yuqumli kasalliklar shifoxonasi xodimlari tomonidan viloyat Ruhiy kasalliklar dispanseriga o‘tkazilganligini bildirgan. F.Rustamov 2-avgust kuni sog‘lig‘i yomonlashib, vafot etgan. Shu sababli, uning qarindoshi aybdor shaxslarga qonuniy chora ko‘rilishini so‘ragan.

Mazkur holat yuzasidan Chirchiq shahar prokuraturasi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 116-moddasi 3-qismi (ehtiyotsizlik orqasidan odam o‘lishiga sabab bo‘lgan kasb yuzasidan o‘z vazifalarini lozim darajada bajarmaslik) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Aniqlanishicha, bemor F.Rustamovning somatik holati og‘irligi, unda nafas yetishmovchiligi mavjudligi va reanimatsion muolajalarga muhtojligiga qaramasdan yuqumli kasalliklar shifoxonasi bosh shifokorining ko‘rsatmasi bilan ushbu bemor og‘ir ahvolda viloyat Ruhiy kasalliklari dispanseriga yuborilgan. Shu bilan birga, Toshkent viloyati yuqumli kasalliklar shifoxonasida F.Rustamov nomiga yuritilgan kasallik tarixida bemor COVID-19 kasalligidan to‘liq tuzalganligi haqida soxta ma’lumot kiritilgan.

Shifoxona tomonidan F.Rustamov koronavirusdan tuzalganligi bo‘yicha soxta ma’lumotlar berilganligi tufayli ham SSV uni vafot etganlar ro‘yxatiga kiritmagan. “Daryo” hisobi bo‘yicha u koronavirusning O‘zbekistondagi 384-qurboni bo‘ldi.

Beshinchi o‘lim. Toshkent shahri Yunusobod tumanida yashagan 81 yoshli T.K. ismli ayol vafot etgan.

Oltinchi o‘lim. Toshkent viloyati Ohangaron tumanida yashagan 60 yoshli J.X. ismli ayol vafot etgan.

Yettinchi o‘lim. Toshkent viloyati Ohangaron tumanida yashagan 76 yoshli Q.H. ismli ayol vafot etgan.

Hozirgacha Sog‘liqni saqlash vazirligi 373 kishining koronavirus asoratlaridan vafot etganini xabar berdi. “Daryo” hisobi bo‘yicha koronavirusga chalingach, vafot etganlar soni 387 nafarni tashkil etmoqda.

SSV tomonidan koronavirus qurboni bo‘lgani “tan olinmaganlar”:

  • 9 va 15-iyul kunlari Olmaliq shahar shifoxonalarida vafot etgan ikki ayol;
  • DXA Navoiy viloyati boshqarmasi xodimi Adhamjon Dehqonov;
  • Madaniyat vazirligi xodimi Akmal Irisov;
  • Chilonzor tumani SEOM bakteriologiya laboratoriyasi mudiri Marhabo Ahmedova;
  • Bosh prokurorning sobiq o‘rinbosari, Qoraqalpog‘iston prokuraturasida bo‘lim boshlig‘i Hakimbay Xalimov;
  • Jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent viloyat sudi sudyasi Xayriddin Shermuhamedov;
  • Samarqand viloyati Toyloq tumani prokurori Farhod Abduxoliqov;
  • Innovatsion sog‘liqni saqlash milliy palatasi “Buyuk kelajak” kengashi eksperti Sanjar Jalolov;
  • Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat akademik musiqali teatri artisti Janabay Utepbergenov;
  • O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan san’at arbobi, “O‘zbekkino” milliy agentligi Badiiy kengashi a’zosi Anvar Ergashev;
  • “O‘zmetkombinat” aksiyadorlik jamiyati boshqaruvi raisi Sergey Vyunenko;
  • Qashqadaryo viloyatining Mirishkor tumani hokimi G‘ayrat Begaliyev;
  • Toshkent viloyati yuqumli kasalliklar shifoxonasidan COVID-19 kasalligidan to‘liq tuzalganligi haqida soxta ma’lumot bo‘yicha ruhiy kasalliklar dispenseriga og‘ir ahvolda yuborilgan va shu yerda vafot etgan 39 yoshli F.Rustamov.

Taniqli rejissor Sarvar Karimov ham 17-iyul kuni otasi koronavirus infeksiyasidan vafot etgani, ammo unga tashxis qo‘yilmaganini ma’lum qilgandi. Rejissorning o‘zi va uning boshqa oila a’zolarida koronavirus tasdiqlangan. Shuningdek, 26-iyul kuni bosh vazir o‘rinbosari Aziz Abduhakimov 24-iyul kuni Samarqanddagi Ipak yo‘li xalqaro turizm universitetining 33 yoshli magistranti O‘tkir Temirov kasallikdan vafot etganini aytgan. Ma’lum bo‘lishicha, marhum o‘zida COVID-19’ning barcha belgilari bo‘lsa-da, test ham topshira olmagan, kasalxonaga ham yota olmagan. Qoraqalpog‘istonning Taxtako‘pir tumani shifoxonasining 32 yoshli tez tibbiy yordam hamshirasi Aliya Jiyemuratova 28-iyul kuni koronavirusdan vafot etgani haqida “Makan.uz” xabar tarqatdi. Qashqadaryoda yana bir tibbiyot xodimi, xususiy klinika bosh shifokori To‘raqul Xoliqov 65 yoshida vafot etdi. “Daryo” muxbiri bilan suhbatlashgan xususiy klinika mas’ullarining ta’kidlashicha, To‘raqul Xoliqov so‘nggi bir oy davomida koronavirus kasalligidan davolanib kelgan.

Ayni paytda tibbiyot muassasalarida davolanayotgan 2751 nafar bemordan 439 nafari og‘ir, 219 nafari esa o‘ta og‘ir ahvolda. Ahvoli og‘ir va o‘ta og‘ir bemorlarning umumiy soni 658 nafarni tashkil etmoqda. Bu oxirgi 24 kun ichidagi eng yuqori ko‘rsatkich. Hozirda davolanishni davom ettirayotganlarning 23,9 foizining ahvoli og‘ir bo‘lib turibdi.

Kasallikdan davolanish

10-sentabr kuni O‘zbekistonning 9 ta hududida 343 nafar bemor koronavirusdan sog‘aydi. Sentabrda beshinchi marta kunlik sog‘ayish ko‘rsatkichi yangi kasallanish holatlaridan past bo‘ldi.

Yangi tuzalganlarning

  • 206 nafari Toshkent shahrida;
  • 98 nafari Toshkent viloyatida;
  • 11 nafari Samarqand viloyatida;
  • 10 nafari Namangan viloyatida;
  • 5 nafari Buxoro viloyatida;
  • 5 nafari Surxondaryo viloyatida;
  • 4 nafari Andijon viloyatida;
  • 3 nafari Qashqadaryo viloyatida;
  • 1 nafari Qoraqalpog‘iston Respublikasida kasallikdan forig‘ bo‘ldi.

Ularning qanchasi uy sharoitida, qanchasi statsionar sharoitda davolanganiga SSV aniqlik kiritmagan.

Ma’lumot uchun, O‘zbekistonda koronavirus epidemiyasi sabab sog‘liqni saqlash tizimiga tushayotgan yuklamani bir qadar yengillatish maqsadida 5-iyuldan boshlab koronavirus infeksiyasi alomatsiz kechayotgan bemorlarga uy sharoitida davolanishga ruxsat berilgan, ushbu yo‘nalishda yo‘riqnoma va eslatmalar ham e’lon qilingan.

Biroq Sog‘liqni saqlash vazirligi koronavirusga chalinganlarga doir axborotlarida yangi bemorlarning qanchasida kasallik alomatsiz (simptomsiz) kechayotganiga aniqlik kiritmayapti, shu boisdan ayni vaqtda koronavirusdan davolanayotgan bemorlarning qanchasi kasalxonalarda qolayotgani, qanchasi uy sharoitida davolanayotgani ma’lum emas.

Hozirda kasallik qayd etilgan jami 45 679 nafar bemordan 42 555 nafari sog‘ayib, davolanish ko‘rsatkichi 93 foizni tashkil etmoqda. Bir kun oldin bu boradagi ko‘rsatkich 94 foiz edi. 1,5 oy ichida birinchi marta davolanish ko‘rsatkichi pasaydi. 2123-iyul kunlari davolanish ko‘rsatkichi 53 foiz edi, 24-iyuldan bugungi kungacha bu ko‘rsatkich faqat ijobiy tomonga o‘zgarayotgan edi.

Sog‘liqni saqlash vazirligi ma’lumotlari bo‘yicha ayni paytda 2751 nafar bemor COVID-19’dan davolanmoqda. Uch kun avval davolanishni davom ettirayotgan bemorlar soni 2027 nafarni tashkil etayotgandi. Endi esa so‘nggi ikki haftadagi eng salbiy ko‘rsatkichga chiqdi.

Hozirda eng ko‘p bemor Toshkent shahrida davolanmoqda — 1975 nafar. Farg‘onada 6, Navoiyda 8, Jizzaxda 10, Qoraqalpog‘istonda 12, Xorazmda 17, Surxondaryoda 19, Sirdaryoda 33, Buxoroda 33, Namanganda 36, Andijonda 57, Qashqadaryoda 57, Samarqandda 127 va Toshkent viloyatida 361 nafar bemor qoldi.