13-sentabr kuni Buxoro viloyat hokimligi binosida viloyat xalq ta’limi boshqarmasi boshlig‘i Dilfuza Mustafoyeva ishtirokida brifing bo‘lib o‘tdi. Brifingda viloyatdagi qator maktab o‘qituvchilari va texnik xodimlardan koronavirusga olingan test natijalari e’lon qilindi.

Foto: “Daryo”

Ta’kidlanishicha, Buxoro viloyati Xalq ta’limi boshqarmasi tizimida 536 ta maktab faoliyat yuritadi. Dilfuza Mustafoyevaga ko‘ra, 2020/2021-o‘quv yilida viloyat pedagog kadrlari 28 053 nafarni tashkil etadi. Maktablarda an’anaviy ta’lim boshlanishidan oldin viloyatda barcha o‘qituvchi va maktab xodimlari koronavirusga test topshirishgan. Hozirga qadar 18 831 nafar o‘qituvchi va texnik xodimdan test olinib, ularning 239 nafarida koronavirus aniqlangan:

  • Buxoro shahrida 3259 nafar o‘qituvchidan 46 nafarida;
  • Kogon shahrida 666 nafar o‘qituvchidan 11 nafarida;
  • Olot tumanida 1237 nafar xodimdan 23 nafarida;
  • Buxoro tumanida 1843 nafar xodimdan 22 nafarida;
  • Vobkent tumanida 1903 nafardan 33 nafarida;
  • Qorako‘l tumanida 1575 nafardan 20 nafarida;
  • Peshku tumanida 855 nafardan 29 nafarida;
  • Romitan tumanida 1860 nafardan 15 nafarida;
  • Kogon tumanidagi 955 nafardan 9 nafarida;
  • G‘ijduvon tumanida 2608 nafardan 10 nafarida;
  • Qorovulbozor tumani 385 nafardan 7 nafarida;
  • Jondor tumanida 857 nafardan 8 nafarida;
  • Shofirkon tumanida 828 nafardan 5 nafarida COVID-19 koronavirus infeksiyasiga topshirilgan test natijasi “musbat” deb topilgan.

Dilfuza Mustafoyeva 239 nafar maktab o‘qituvchisi va texnik xodimida koronavirus aniqlanganini aytgan bo‘lsa-da, 238 kishi haqida ma’lumot bergan.

Avval O‘zbekistonda pandemiya sharoitida o‘qituvchi va o‘quvchilarning sog‘lig‘ini himoya qilish maqsadida maktab o‘qituvchilaridan ommaviy ravishda COVID-19’ga test olinayotgani xabar qilingan. Shuningdek, Samarqand viloyatining Jomboy tumanida 40 nafar o‘qituvchida, Payariq tumanida esa 60 nafar o‘qituvchida koronavirus aniqlangani ma’lum bo‘lgandi.