O‘zbekistonda 12-sentabr soat 23:30 dan 13-sentabr soat 23:30 ga qadar koronavirus yuqtirib olish bilan bog‘liq 573 ta holat qayd etildi. Bu so‘nggi 4 kun ichidagi eng past ko‘rsatkich. Yangi holatlardan so‘ng O‘zbekistonda koronavirusga chalinganlar soni 47423 nafarga yetdi. Koronavirusga chalinish holatlarining 1,2 foizi 13-sentabrga to‘g‘ri keldi.

SSV hisobi bo‘yicha 392, “Daryo” hisobi bo‘yicha 406 kishi koronavirus asoratlaridan vafot etgan.

Foto: Telegram / @ssvmatbuotkotibi

Yangi kasallanish holatlari

Yangi kasallangan 573 kishining barchasi tana harorati ko‘tarilgani bois profilaktika maqsadida hamda koronavirusga chalingan bemorlar bilan muloqotda bo‘lganligi sababli namuna olingan fuqarolar orasidan aniqlangan:

  • Toshkent shahrida — 342 nafar;
  • Toshkent viloyatida — 143 nafar;
  • Samarqand viloyatida — 51 nafar;
  • Andijon viloyatida — 17 nafar;
  • Namangan viloyatida — 9 nafar;
  • Qoraqalpog‘iston Respublikasida — 8 nafar;
  • Qashqadaryo viloyatida — 3 nafar.

Kun davomida 7 ta hududda koronavirusga chalinish holati qayd etildi. 28-avgust kuni o‘tkazilgan yig‘ilishda O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev kuniga o‘rtacha 370 nafar yangi bemor aniqlanishi karantin talablari yumshatilgan hozirgi sharoitda nazorat ko‘rsatkichi bo‘lishini qayd etgandi. Prezident haqiqiy holat bo‘yicha raqamlarni yashirishga mutlaqo yo‘l qo‘ymaslik to‘g‘risida barcha rahbarlarni ogohlantirdi. Bunga urinish jinoiy javobgarlikkacha bo‘lgan qat’iy choralarga olib kelishi mumkinligi ta’kidlandi. Oxirgi 6 kunda kunlik kasallanish holatlari nazorat ko‘rsatkichidan baland bo‘lmoqda.

Toshkent shahrida 342 kishida koronavirus aniqlandi. Toshkentda sentabr oyida eng kam kasallik aniqlangan kunda 109 ta (3-sentabr), eng ko‘p kasallik aniqlangan kunda 510 ta (11-sentabr) yangi holat ro‘yxatga olindi. Sentabrning 13 kunida Toshkentda kasallanganlar soni 3244 nafarga ko‘paydi. SSV jadvalidagi 14 ta hududdan 12 tasida epidemiya mavsumida hali buncha bemor aniqlanmagan. Hozirda Toshkentda koronavirusga chalinganlarning umumiy soni 28796 nafarga yetdi. O‘zbekiston bo‘yicha COVID-19 tashxisi qo‘yilganlarning 60,7 foizi poytaxt hisobiga to‘g‘ri kelmoqda.

Toshkent viloyatida 143 kishida COVID-19 aniqlandi. Sentabrda Toshkent viloyatida koronavirusga chalinganlar soni 1550 nafarga ko‘payib, umumiy kasallanganlar soni 8755 nafarga yetdi. Bu O‘zbekiston bo‘yicha koronavirusga chalinganlarning 18,4 foiziga tengdir. To‘rt kundan buyon umumiy kasallanganlar soni bo‘yicha Toshkent viloyatining ko‘rsatkichi 0,1 foizga ko‘tarilib bormoqda.

Samarqand viloyatida 51 kishida koronavirus aniqlandi. Sentabr oyida viloyatda faqat 2 va 8-sentabr kunlari yangi holatlar ro‘yxatga olinmadi. Oy davomida kasallanganlar soni 239 nafarga ko‘paydi. Ularning 151 nafari oxirgi 3 kunga to‘g‘ri keldi. Samarqandda koronavirusga chalinganlarning umumiy soni 1957 nafarga yetdi.

Andijon viloyatida 17 kishida COVID-19 qayd etildi. Viloyatda 11 kundan buyon uzluksiz ravishda kasallanish holatlari qayd etilmoqda. Ushbu 11 kun ichida viloyatda koronavirusga chalinganlar soni 115 nafarga ko‘paydi va Andijonda kasallanganlarning umumiy soni 1325 nafarga yetdi. O‘zbekiston bo‘yicha COVID-19 tashxisi qo‘yilganlarning 2,8 foizi Andijon viloyati hisobiga to‘g‘ri kelmoqda.

Namangan viloyatida 9 kishida koronavirus qayd etildi. Sentabr oyining 9 kunida Namanganda yangi kasallanish holatlari aniqlandi. Bu kunlarda Namangan viloyatida koronavirusga chalinganlar soni 120 kishiga ko‘paydi. Viloyatda kasallanganlar soni 1029 nafarga yetdi. Hozirda Namangan va Qashqadaryo viloyatida koronavirusga chalinganlar soni teng bo‘lib turibdi.

Qoraqalpog‘iston Respublikasida 8 kishida koronavirus aniqlandi. Respublikada oxirgi 26 kun ichida 13 marta yangi kasallanish holatlari ro‘yxatga olingan bo‘lsa, bu kunlarda birinchi marta yangi bemorlar soni 6 nafardan oshdi. Qoraqalpog‘istonda koronavirusga chalinganlarning umumiy soni 476 nafarga yetdi. Bu O‘zbekiston bo‘yicha kasallikka chalinganlarning 1 foiziga teng deganidir.

Qashqadaryo viloyatida 3 kishida kasallik qayd etildi. Sentabrning to‘qqiz kunida viloyatda yangi holatlar ro‘yxatga olindi. Qashqadaryoda koronavirusga chalinganlarning umumiy soni hozirda 1029 nafarga yetdi. Qashqadaryo va Namangan viloyatlarida hozirda koronavirusga chalinganlar soni bir xil bo‘lib turibdi.

O‘lim holatlari va ahvoli og‘ir bemorlar

SSV Toshkent shahrida 4 nafar, Toshkent viloyati 1 nafar va Samarqand viloyatida 1 nafar, jami 6 nafar koronavirusga chalingan bemor vafot etganini xabar qildi.

Birinchi o‘lim. Toshkent viloyati Zangiota tumanida yashagan 83 yoshli B.R. ismli erkak vafot etgan.

Ikkinchi o‘lim. Toshkent shahri Shayxontohur tumanida yashagan 74 yoshli X.Z. ismli ayol vafot etgan.

Uchinchi o‘lim. Toshkent shahri Shayxontohur tumanida yashagan 82 yoshli P.X. ismli erkak vafot etgan.

To‘rtinchi o‘lim. Toshkent shahri Olmazor tumanida yashagan 48 yoshli S.X. ismli erkak vafot etgan.

Beshinchi o‘lim. Toshkent shahri Yashnobod tumanida yashagan 70 yoshli X.X. ismli erkak vafot etgan.

Oltinchi o‘lim. Samarqand viloyati Samarqand shahrida yashagan 44 yoshli Z.X. ismli ayol vafot etgan.

Hozirgacha Sog‘liqni saqlash vazirligi 392 kishining koronavirus asoratlaridan vafot etganini xabar berdi. “Daryo” hisobi bo‘yicha koronavirusga chalingach, vafot etganlar soni 406 nafarni tashkil etmoqda.

SSV tomonidan koronavirus qurboni bo‘lgani “tan olinmaganlar”:

  • 9 va 15-iyul kunlari Olmaliq shahar shifoxonalarida vafot etgan ikki ayol;
  • DXA Navoiy viloyati boshqarmasi xodimi Adhamjon Dehqonov;
  • Madaniyat vazirligi xodimi Akmal Irisov;
  • Chilonzor tumani SEOM bakteriologiya laboratoriyasi mudiri Marhabo Ahmedova;
  • Bosh prokurorning sobiq o‘rinbosari, Qoraqalpog‘iston prokuraturasida bo‘lim boshlig‘i Hakimbay Xalimov;
  • Jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent viloyat sudi sudyasi Xayriddin Shermuhamedov;
  • Samarqand viloyati Toyloq tumani prokurori Farhod Abduxoliqov;
  • Innovatsion sog‘liqni saqlash milliy palatasi “Buyuk kelajak” kengashi eksperti Sanjar Jalolov;
  • Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat akademik musiqali teatri artisti Janabay Utepbergenov;
  • O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan san’at arbobi, “O‘zbekkino” milliy agentligi Badiiy kengashi a’zosi Anvar Ergashev;
  • “O‘zmetkombinat” aksiyadorlik jamiyati boshqaruvi raisi Sergey Vyunenko;
  • Qashqadaryo viloyatining Mirishkor tumani hokimi G‘ayrat Begaliyev;
  • Toshkent viloyati yuqumli kasalliklar shifoxonasidan COVID-19 kasalligidan to‘liq tuzalganligi haqida soxta ma’lumot bo‘yicha ruhiy kasalliklar dispanseriga og‘ir ahvolda yuborilgan va shu yerda vafot etgan 39 yoshli F.Rustamov.

Taniqli rejissor Sarvar Karimov ham 17-iyul kuni otasi koronavirus infeksiyasidan vafot etgani, ammo unga tashxis qo‘yilmaganini ma’lum qilgandi. Rejissorning o‘zi va uning boshqa oila a’zolarida koronavirus tasdiqlangan. Shuningdek, 26-iyul kuni bosh vazir o‘rinbosari Aziz Abduhakimov 24-iyul kuni Samarqanddagi Ipak yo‘li xalqaro turizm universitetining 33 yoshli magistranti O‘tkir Temirov kasallikdan vafot etganini aytgan. Ma’lum bo‘lishicha, marhum o‘zida COVID-19’ning barcha belgilari bo‘lsa-da, test ham topshira olmagan, kasalxonaga ham yota olmagan. Qoraqalpog‘istonning Taxtako‘pir tumani shifoxonasining 32 yoshli tez tibbiy yordam hamshirasi Aliya Jiyemuratova 28-iyul kuni koronavirusdan vafot etgani haqida “Makan.uz” xabar tarqatdi. Qashqadaryoda yana bir tibbiyot xodimi, xususiy klinika bosh shifokori To‘raqul Xoliqov 65 yoshida vafot etdi. “Daryo” muxbiri bilan suhbatlashgan xususiy klinika mas’ullarining ta’kidlashicha, To‘raqul Xoliqov so‘nggi bir oy davomida koronavirus kasalligidan davolanib kelgan.

Ayni paytda tibbiyot muassasalarida davolanayotgan 3029 nafar bemordan 483 nafari og‘ir, 246 nafari esa o‘ta og‘ir ahvolda. Ahvoli og‘ir va o‘ta og‘ir bemorlarning umumiy soni 729 nafarga yetdi. Bu bir kun oldingi ko‘rsatkichdan 23 nafarga ko‘p deganidir, 24 soat ichida esa SSV 6 nafar bemor vafot etgani haqida xabar bergandi. Hozirda davolanishni davom ettirayotganlardan 24 foizining ahvoli og‘ir bo‘lib turibdi.

Kasallikdan davolanish

13-sentabr kuni O‘zbekistonning 8 ta hududida 491 nafar bemor koronavirusdan sog‘aydi. Bu so‘nggi 16 kun ichida eng ko‘p bemor sog‘aygan kun bo‘ldi.

Yangi tuzalganlarning

  • 317 nafari Toshkent shahrida;
  • 128 nafari Toshkent viloyatida;
  • 20 nafari Samarqand viloyatida;
  • 11 nafari Namangan viloyatida;
  • 6 nafari Qoraqalpog‘iston Respublikasida;
  • 5 nafari Qashqadaryo viloyatida;
  • 2 nafari Andijon viloyatida;
  • 2 nafari Farg‘ona viloyatida kasallikdan forig‘ bo‘ldi.

Ularning qanchasi uy sharoitida, qanchasi statsionar sharoitda davolanganiga SSV aniqlik kiritmagan.

Ma’lumot uchun, O‘zbekistonda koronavirus epidemiyasi sabab sog‘liqni saqlash tizimiga tushayotgan yuklamani bir qadar yengillatish maqsadida 5-iyuldan boshlab koronavirus infeksiyasi alomatsiz kechayotgan bemorlarga uy sharoitida davolanishga ruxsat berilgan, ushbu yo‘nalishda yo‘riqnoma va eslatmalar ham e’lon qilingan.

Biroq Sog‘liqni saqlash vazirligi koronavirusga chalinganlarga doir axborotlarida yangi bemorlarning qanchasida kasallik alomatsiz (simptomsiz) kechayotganiga aniqlik kiritmayapti, shu boisdan ayni vaqtda koronavirusdan davolanayotgan bemorlarning qanchasi kasalxonalarda qolayotgani, qanchasi uy sharoitida davolanayotgani ma’lum emas.

Hozirda kasallik qayd etilgan jami 47 423 nafar bemordan 44 002 nafari sog‘ayib, davolanish ko‘rsatkichi 93 foizni tashkil etmoqda. Uch kundan buyon bu boradagi ko‘rsatkich o‘zgargani yo‘q. Ammo 5—9-sentabr kunlari davolanish ko‘rsatkichi pandemiya davrida ilk marta 94 foizga chiqqandi.

Sog‘liqni saqlash vazirligi ma’lumotlari bo‘yicha ayni paytda 3029 nafar bemor COVID-19’dan davolanmoqda. So‘nggi 18 kun ichida davolanishdagi bemorlar soni birinchi marta 3 mingdan oshdi. Olti kun avval davolanishni davom ettirayotgan bemorlar soni 2027 nafarni tashkil etayotgandi.

Hozirda eng ko‘p bemor Toshkent shahrida davolanmoqda — 1988 nafar. Farg‘onada 9, Navoiyda 10, Jizzaxda 10, Qoraqalpog‘istonda 18, Surxondaryoda 20, Sirdaryoda 33, Buxoroda 33, Xorazmda 40, Qashqadaryoda 58, Namanganda 77, Andijonda 94, Samarqandda 236 va Toshkent viloyatida 403 nafar bemor qoldi.