O‘zbekistonda 31-avgust soat 23:00 dan 1-sentabr soat 23:30 ga qadar koronavirus yuqtirib olish bilan bog‘liq 343 ta holat qayd etildi. Ketma-ket sakkizinchi kun kasallanganlar soni 400 nafarga yetmayapti. Yangi holatlardan so‘ng O‘zbekistonda koronavirusga chalinganlar soni 42236 nafarga yetdi.

SSV hisobi bo‘yicha 324, “Daryo” hisobi bo‘yicha 335 kishi koronavirus asoratlaridan vafot etgan.

Foto: Telegram / @ssvmatbuotkotibi

Yangi kasallanish holatlari

Yangi kasallangan 343 kishining barchasi tana harorati ko‘tarilgani bois profilaktika maqsadida hamda koronavirusga chalingan bemorlar bilan muloqotda bo‘lganligi sababli namuna olingan fuqarolar orasida aniqlangan:

  • Toshkent shahrida — 218 nafar;
  • Toshkent viloyatida — 91 nafar;
  • Qashqadaryo viloyatida — 13 nafar;
  • Samarqand viloyatida — 12 nafar;
  • Xorazm viloyatida — 4 nafar;
  • Farg‘ona viloyatida — 3 nafar;
  • Qoraqalpog‘iston Respublikasida — 2 nafar.

Kun davomida 7 ta hududda koronavirusga chalinish holati qayd etildi. 22-avgustdan so‘ng kasallik qayd etilgan hududlar 10 taga yetmayotgandi. 28-avgust kuni o‘tkazilgan yig‘ilishda O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev o‘tgan haftada kuniga o‘rtacha 370 nafar yangi bemor aniqlangani, karantin talablari yumshatilgan hozirgi sharoitda ushbu raqam nazorat ko‘rsatkichi bo‘lishini qayd etgandi. Prezident haqiqiy holat bo‘yicha raqamlarni yashirishga mutlaqo yo‘l qo‘ymaslik to‘g‘risida barcha rahbarlarni ogohlantirdi. Bunga urinish jinoiy javobgarlikkacha bo‘lgan qat’iy choralarga olib kelishi mumkinligi ta’kidlandi.

Toshkent shahrida 218 kishida koronavirus aniqlandi. Avgust oyida Toshkentda eng kam kasallik aniqlangan kunda (25-avgust) 61 kishida, eng ko‘p kasallik aniqlangan kunda (9-avgust) 509 kishida COVID-19 qayd etilgandi. Avgust oyida poytaxtda (karantin zonasida aniqlangan holatlar bilan birga) 11 137 ta yangi holat aniqlanib, eng ko‘p kasallik qayd etilgan oyga aylangandi. Hozirda poytaxtda koronavirusga chalinganlarning umumiy soni 25 770 nafarga yetdi. O‘zbekiston bo‘yicha koronavirusga chalinganlarning 61 foizi Toshkent shahri hisobiga to‘g‘ri kelmoqda.

Toshkent viloyatida 91 kishida COVID-19 aniqlandi. Viloyatda 26-iyuldan 25-avgustgacha faqatgina bir marta (23-avgust kuni) kasallanish holatlari 100 taga yetmagandi. 26-avgustdan boshlab esa Toshkent viloyatida har kuni 91 tadan 98 tagacha yangi holatlar ro‘yxatga olinmoqda. Avgust oyi davomida Toshkent viloyatida koronavirusga chalinganlar soni 4379 kishiga ko‘payib, viloyatda eng ko‘p kasallik aniqlangan oyga aylangandi. Hozirda Toshkent viloyatida kasallik aniqlanganlar soni 7296 nafarga yetdi.

Qashqadaryo viloyatida 13 kishida kasallik qayd etildi. Oxirgi 14 kun ichida viloyatda 12 kunda yangi bemorlar ro‘yxatga olindi. Avgust oyida Qashqadaryoda 258 kishida koronavirus aniqlangandi.

Samarqand viloyatida 12 kishida koronavirus aniqlandi. Avgust oyida 31 kunidan 23 tasida Samarqandda yangi kasallanish holatlari aniqlanib, kasallanganlar soni 780 kishiga ko‘paygandi. Samarqandda jami kasallanish holatlari hozirda 1730 nafarga yetdi.

Xorazm viloyatida 4 kishida koronavirus qayd etildi. Avgust oyida Xorazmda 9 kun yangi kasallanish holatlari aniqlandi. Bu kunlarda jami 96 kishida COVID-19 qayd etildi. Kasallikka chalinganlarning umumiy soni hozirda 474 nafarga yetdi. O‘zbekiston bo‘yicha koronavirusga chalinganlarning 1,1 foizi Xorazm viloyati hissasiga to‘g‘ri keladi.

Farg‘ona viloyatida 3 kishida COVID-19 aniqlandi. Avgust oyi boshida viloyatda kuniga 20 tagacha yangi holatlar ro‘yxatga olinayotgandi. Ammo 10-avgustdan boshlab Farg‘onada yangi bemorlar aniqlanganida kasallanish holatlari 5 tadan oshmayapti. Avgust oyida Farg‘onada 72 kishida koronavirus aniqlandi.

Qoraqalpog‘iston Respublikasida 2 kishida koronavirus aniqlandi. Respublikada oxirgi 2 haftada 7 marta yangi kasallanish holatlari ro‘yxati olingan bo‘lsa, bu kunlarning birontasida yangi bemorlar soni 4 nafardan oshmadi.

O‘lim holatlari va ahvoli og‘ir bemorlar

SSV Toshkent shahrida 4 nafar koronavirusga chalingan bemor vafot etganini xabar berdi. Vazirlik oxirgi marta 24-iyulda 4 ta o‘lim holati ro‘yxatga olinganini ma’lum qilgandi. O‘shandan so‘ng o‘tgan 38 kunda SSV har kuni koronavirusga chalingan 5 nafardan 7 nafargacha odam vafot etayotgani haqida axborot berayotgandi. 1-sentabr kuni ma’lum qilingan 4 ta holatdan tashqari avgust oyi boshida ikki san’atkor ham koronavirus qurboni bo‘lgani ma’lum qilindi.

Birinchi o‘lim. Toshkent shahri Olmazor tumanida yashagan 58 yoshli S.N. ismli erkak vafot etgan.

Ikkinchi o‘lim. Toshkent shahri Uchtepa tumanida yashagan 45 yoshli B.Sh. ismli erkak vafot etgan.

Uchinchi o‘lim. Toshkent shahri Uchtepa tumanida yashagan 61 yoshli L.R. ismli ayol vafot etgan.

To‘rtinchi va beshinchi o‘lim. O‘zbekiston madaniyat vazirligi koronavirus asoratlari oqibatida olamdan o‘tgan ayrim san’atkorlar haqida ma’lumot berdi. Madaniyat vazirligi tilga olgan besh san’atkordan uch nafari — Adham Abdullayev, Dilbar Ikromova va Fathulla Mas’udovning o‘limiga koronavirus asoratlari sabab bo‘lganini SSV tasdiqlagan. Biroq Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat akademik musiqali teatri artisti Janabay Utepbergenov hamda taniqli kompozitor va dirijyor, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan san’at arbobi, “O‘zbekkino” milliy agentligi Badiiy kengashi a’zosi Anvar Ergashev koronavirusga chalinganidan so‘ng vafot etgani haqida ilk bor rasmiy axborot berilmoqda.

Janabay Utepbergenov va Anvar Ergashev.

Foto: Madaniyat vazirligi

Janabay Utepbergenov 4-avgust kuni, Anvar Ergashev 8-avgust kuni hayotdan ko‘z yumgan. Ularning o‘limidan so‘ng bir oyga yaqin vaqt o‘tgan bo‘lsa-da, ular koronavirus qurboni bo‘lgani haqida SSV shu vaqtgacha axborot bermagan.

Oltinchi o‘lim. Toshkent shahrida Shayxontohur tumanida yashagan 60 yoshli G‘.T. ismli erkak vafot etgan.

Hozirgacha Sog‘liqni saqlash vazirligi 324 kishining koronavirus asoratlaridan vafot etganini xabar berdi. “Daryo” hisobi bo‘yicha koronavirusga chalingach, vafot etganlar soni 335 nafarni tashkil etmoqda.

SSV tomonidan koronavirus qurboni bo‘lgani “tan olinmaganlar”:

  • 9 va 15-iyul kunlari Olmaliq shahar shifoxonalarida vafot etgan ikki ayol;
  • DXA Navoiy viloyati boshqarmasi xodimi Adhamjon Dehqonov;
  • Madaniyat vazirligi xodimi Akmal Irisov;
  • Chilonzor tumani SEOM bakteriologiya laboratoriyasi mudiri Marhabo Ahmedova;
  • Bosh prokurorning sobiq o‘rinbosari, Qoraqalpog‘iston prokuraturasida bo‘lim boshlig‘i Hakimbay Xalimov;
  • Jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent viloyat sudi sudyasi Xayriddin Shermuhamedov
  • Samarqand viloyati Toyloq tumani prokurori Farhod Abduxoliqov;
  • Innovatsion sog‘liqni saqlash milliy palatasi “Buyuk kelajak” kengashi eksperti Sanjar Jalolov;
  • Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat akademik musiqali teatri artisti Janabay Utepbergenov;
  • O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan san’at arbobi, “O‘zbekkino” milliy agentligi Badiiy kengashi a’zosi Anvar Ergashev.

Taniqli rejissor Sarvar Karimov ham 17-iyul kuni otasi koronavirus infeksiyasidan vafot etgani, ammo unga tashxis qo‘yilmaganini ma’lum qilgandi. Rejissorning o‘zi va uning boshqa oila a’zolarida koronavirus tasdiqlangan. Shuningdek, 26-iyul kuni bosh vazir o‘rinbosari Aziz Abduhakimov 24-iyul kuni Samarqanddagi Ipak yo‘li xalqaro turizm universitetining 33 yoshli magistranti O‘tkir Temirov kasallikdan vafot etganini aytgan. Ma’lum bo‘lishicha, marhum o‘zida COVID-19’ning barcha belgilari bo‘lsa-da, test ham topshira olmagan, kasalxonaga ham yota olmagan. Qoraqalpog‘istonning Taxtako‘pir tumani shifoxonasining 32 yoshli tez tibbiy yordam hamshirasi Aliya Jiyemuratova 28-iyul kuni koronavirusdan vafot etgani haqida “Makan.uz” xabar tarqatdi.

Ayni paytda tibbiyot muassasalarida davolanayotgan 2248 nafar bemordan 330 nafari og‘ir, 179 nafari esa o‘ta og‘ir ahvolda.  Bir kun avval ahvoli og‘ir va o‘ta og‘ir bemorlarning umumiy soni 422 nafarni tashkil etayotgandi, endi 509 nafarga ko‘tarildi. Hozirda davolanishni davom ettirayotganlarning 22,6 foizining ahvoli og‘ir bo‘lib turibdi. Oxirgi 16 kun ichidagi ahvoli og‘ir bemorlarning umumiy foizi birinchi marta 20 foizdan ko‘tarildi.

Kasallikdan davolanish

1-sentabr kuni O‘zbekistonning 7 ta hududida 389 nafar bemor koronavirusdan sog‘aydi. 21-avgustdan buyon sog‘ayganlar soni kunlik kasallanish ko‘rsatkichidan yuqori bo‘lmoqda.

Yangi tuzalganlarning

  • 234 nafari Toshkent shahrida;
  • 97 nafari Toshkent viloyatida;
  • 21 nafari Samarqand viloyatida;
  • 15 nafari Andijon viloyatida;
  • 14 nafari Qashqadaryo viloyatida;
  • 6 nafari Xorazm viloyatida;
  • 2 nafari Qoraqalpog‘iston Respublikasida kasallikdan forig‘ bo‘ldi.

Ularning qanchasi uy sharoitida, qanchasi statsionar sharoitda davolanganiga SSV aniqlik kiritmagan.

Ma’lumot uchun, O‘zbekistonda koronavirus epidemiyasi sabab sog‘liqni saqlash tizimiga tushayotgan yuklamani bir qadar yengillatish maqsadida 5-iyuldan boshlab koronavirus infeksiyasi alomatsiz kechayotgan bemorlarga uy sharoitida davolanishga ruxsat berilgan, ushbu yo‘nalishda yo‘riqnoma va eslatmalar ham e’lon qilingan.

Biroq Sog‘liqni saqlash vazirligi koronavirusga chalinganlarga doir axborotlarida yangi bemorlarning qanchasida kasallik alomatsiz (simptomsiz) kechayotganiga aniqlik kiritmayapti, shu boisdan ayni vaqtda koronavirusdan davolanayotgan bemorlarning qanchasi kasalxonalarda qolayotgani, qanchasi uy sharoitida davolanayotgani ma’lum emas.

Hozirda kasallik qayd etilgan jami 42 236 nafar bemordan 39 664 nafari sog‘ayib, davolanish ko‘rsatkichi 93 foizni tashkil etmoqda. To‘rt kundan buyon davolanish ko‘rsatkichi 93 foiz bo‘lgandi. Bu eng yuqori natija hisoblanadi.

Sog‘liqni saqlash vazirligi ma’lumotlari bo‘yicha ayni paytda 2248 nafar bemor COVID-19’dan davolanmoqda. 29-iyul kuni davolanishni davom ettirayotgan bemorlar soni 9500 dan ortiq edi. Bir oy ichida ularning soni 4 barobarga kamaydi. Ayni paytda davolanayotgan bemorlar soni 69 kun ichidagi minimumga tushdi — 25-iyun kuni 2280 nafar bemor koronavirusdan davolanayotgandi.

Hozirda eng ko‘p bemor Toshkent shahrida davolanmoqda — 1612 nafar. Farg‘onada 6, Jizzaxda 7, Navoiyda 10, Qoraqalpog‘istonda 12, Xorazmda 15, Surxondaryoda 21, Andijonda 21, Buxoroda 36, Namanganda 38, Qashqadaryoda 45, Sirdaryoda 48, Samarqandda 101 va Toshkent viloyatida 276 nafar bemor qoldi.