“O‘zmetkombinat” aksiyadorlik jamiyati boshqaruvi raisi Sergey Vyunenko vafot etdi, deya xabar bermoqda Toshkent viloyati hokimligi.

Foto: “O‘zmetkombinat” aksiyadorlik jamiyati

Ma’lumot uchun, Sergey Vyunenko 1978-yilda Qozog‘istonning Pavlodar shahrida tug‘ilgan. Yevrosiyo Innovatsion universitetini tamomlagan. Mehnat faoliyatini 1998-yilda “Qozog‘iston alyumin” aksiyadorlik jamiyatida quvurlar montajchisi vazifasidan boshlagan. Keyinchalik yirik metallurgiya korxonalarida turli mas’ul lavozimlarda mehnat qilgan.

Sergey Vyunenko 2017-yildan boshlab “O‘zmetkombinat” AJda ish boshlagan. Dastlab kombinat bosh muhandisi, boshqaruv raisining birinchi o‘rinbosari, boshqaruv raisining ishlab chiqarish bo‘yicha birinchi o‘rinbosari, 2020-yildan esa “O‘zmetkombinat” AJning boshqaruv raisi vazifalarida mehnat qilib kelgan.

“Sergey Anatolyevich Vyunenko O‘zbekiston Respublikasida qora metallurgiya sanoati rivojiga katta hissa qo‘shdi. U o‘ziga va korxona rahbar va mutaxassislariga juda talabchan edi. Uning rahbarligida ferroqotishmalar, po‘lat simlar va boshqa turdagi metall mahsulotlari ishlab chiqarish quvvatlari ishga tushirildi, yirik investitsiya loyihasi – ‘Quyuv-prokatlash majmuasi qurilishi’ ishlari boshlandi.

Sergey Vyunenko metallurglarning farovonligi va turmush darajasini oshirishga alohida e’tibor qaratar edi. Sergey Vyunenko Toshkent viloyati aholisi qalbida malakali va tajribali rahbar sifatida abadiy qoladi”, – deyiladi viloyat hokimligi xabarida.

Foto: “O‘zmetkombinat” aksiyadorlik jamiyati

Bekobod shahar hokimi Zafar Fayzullayev Sergey Vyunenkoni yod etib, kombinat raisi koronavirus oqibatida vafot etganini bilvosita ta’kidlab o‘tgan.

“Pandemiyaning asoratlarini yengillatish uchun Sergey Anatolyevich nafaqat kombinatda, balki shahrimizda ham ko‘p ishlarni amalga oshirdi. U yuzlab insonlar sog‘lig‘ini, kerak bo‘lsa hayotini asrashga katta hissasini qo‘shdi. Afsuski, o‘zini asrolmadi. Uning yorqin xotirasi qalblarimiz yashaydi” – deydi Zafar Fayzullayev.

“Daryo” manbasining xabar berishicha Sergey Vyunenko koronavirus asoratidan vafot etgan. Bu “Daryo” hisobi bo‘yicha 370-o‘lim hisoblanadi.

Sog‘liqni saqlash vazirligi ushbu o‘limni hozircha tasdiqlamadi.