Rossiyalik rejissyor Artyom Mixalkov “Janob Nokaut” filmining ijodiy jamoasi bilan tasvirga olish joylarini ko‘rish uchun O‘zbekistonga keldi. Bu haqda “O‘zbekkino” milliy agentligining matbuot xizmati xabar berdi.
“Janob Nokaut” – biografik drama bo‘lib, mashhur sovet boksyori, 1964-yilda Tokioda bo‘lib o‘tgan Olimpiya o‘yinlari g‘olibi, ikki karra Yevropa chempioni, olti karra SSSR chempioni va Vel Barker Kubogini qo‘lga kiritishga muvaffaq bo‘lgan yagona sovet boksyori Valeriy Popenchenko hayoti haqida hikoya qiladi.
Bo‘lajak Olimpiya chempionining yoshligi urushdan keyingi yillarda Toshkentdagi Suvorov maktabida o‘tadi. Ushbu fakt O‘zbekistonda, ya’ni Toshkent, Buxoro, Chirchiq va Yangiobodda filmni suratga olish uchun asosiy omil bo‘ldi.
Film ijodkorlaridan postanovkachi operator, postanovkachi rassom, ikkinchi rejissor, kartina direktori O‘zbekistonga tashrif buyurgan.
Film direktori va prodyuser — mashhur rejissor Nikita Mixalkovning o‘g‘li Artyom Mixalkov.
“Janob Nokaut” Artyom Mixalkovning “Bekat”, “Qora shahzoda siri”, “Rossiyaga qiziqish”, “Moskva, seni sevaman!” filmlaridan keyingi oltinchi to‘liq metrajli rejissyorlik ishi hisoblanadi. Filmning suratga olish ishlarida “O‘zbekkino” MA amaliy yordam beradi.
Izoh (0)