O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist, “Mehnat shuhrati” ordeni sohibi Turg‘un Beknazarov MY5 telekanalining “Omon-omon” dasturida 63 yoshida ikkinchi bor uylanib, o‘g‘il farzand ko‘rgani haqida so‘zlab berdi.
“Turmush o‘rtog‘im 57 yoshida olamdan o‘tdi. Bir yarim yildan so‘ng, 2017-yilda qarindoshlar yig‘ilib, meni uylantirib qo‘ydi. Rafiqam asli chustlik, qizim bilan birga ishlaydi. Namanganda ham katta to‘y qildik. 63 yoshimda o‘g‘il farzand ko‘rdim, ismini Saidakbar deb qo‘ydik”, — deydi aktyor.
“Shu yoshda ko‘rgan farzand boshqacha bo‘larkan. Hali ikki yoshga kirmagan bola telefonimni olib, YouTube’ga kiradi. Juda aqlli. Qo‘ni-qo‘shnilarning bolalari bilan yaxshi chiqishadi. Katta bo‘lsa, oshna-og‘aynisi ko‘p, xushchaqchaq bola bo‘ladi, shekilli”, — deya so‘zlarini davom ettiradi Turg‘un Beknazarov.
Ma’lumot uchun, Turg‘un Beknazarov 1-may 1956-yil Qashqadaryo viloyati Yakkabog‘ tumanida tavallud topgan. 1978-yili Toshkent teatr va rassomlik san’ati institutini bitirgan.
1997-yili “O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist” faxriy unvoni, 2012-yili “Mehnat shuhrati” ordeni bilan mukofotlangan.
1977-yildan buyon Muqimiy teatrida ishlaydi.
Izoh (0)