2-sentabr kuni erta tongda Termiz tumanidan Termiz shahri tomon harakatlanib kelayotgan Nexia-2 avtomobili yo‘l-tansport hodisasiga uchrab, uning ichida bo‘lgan uch nafar abituriyent qiz tan jarohati oldi. Bu haqda IIV YHXBB axborot xizmati xabar berdi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, Nexia haydovchisi tezlikni me’yoridan oshirgan va quvib o‘tish qoidalarini buzganligi sababli boshqaruvni yo‘qotib, yo‘l chetiga chiqib ketgan.
Haydovchining so‘zlariga ko‘ra, imtihonga shoshganligi sabab mashina tezligini belgilangan tezlik chegarasidan oshirib, (90 km/soat) traktorni quvib o‘tmoqchi bo‘lgan. Guvohlarning ta’kidlashicha esa, Nexia va Matiz mashinalari o‘zaro quvishib kelgan, avtomobillar bir-birga tekkanidan so‘ng, Nexia muvozanatni saqlay olmay, yo‘ldan chiqib ketgan.
Ma’lum qilinishicha, test imtihonlari uchun 2-sentabrdan 14-sentabrga qadar aholiga qulay va xavfsiz xizmat ko‘rsatish maqsadida mutasaddilar tomonidan barcha tayyorgarlik ishlari ko‘rilgan. Viloyat IIB YHXB tomonidan abituriyentlarni olib kelish uchun 136 dona avtobus va yo‘lovchi poyezdlari tashkil etilgan.
Avvalroq Buxoro magistral yo‘lida Nexia’ni quvib o‘tishga uringan Spark YTHga uchragani, Toshkentda 19 yoshli yigit Lacetti’da YPX inspektorini urib yuborgani to‘g‘risida xabarlar berilgandi.
Izoh (0)