O‘zbekistonda 29-avgust soat 23:30 dan 30-avgust soat 23:00 ga qadar koronavirus yuqtirib olish bilan bog‘liq 368 ta holat qayd etildi. Ketma-ket oltinchi kun kasallanganlar soni 400 nafarga yetmayapti. Yangi holatlardan so‘ng O‘zbekistonda koronavirusga chalinganlar soni 41528 nafarga yetdi.

SSV hisobi bo‘yicha 315, “Daryo” hisobi bo‘yicha 325 kishi koronavirus asoratlaridan vafot etgan.

Foto: Telegram / @ssvmatbuotkotibi

Yangi kasallanish holatlari

Yangi kasallangan 368 kishining barchasi tana harorati ko‘tarilgani bois profilaktika maqsadida hamda koronavirusga chalingan bemorlar bilan muloqotda bo‘lganligi sababli namuna olingan fuqarolar orasida aniqlangan:

  • Toshkent shahrida — 170 nafar;
  • Toshkent viloyatida — 94 nafar;
  • Samarqand viloyatida — 38 nafar;
  • Sirdaryo viloyatida — 22 nafar;
  • Andijon viloyatida — 16 nafar;
  • Buxoro viloyatida — 10 nafar;
  • Qashqadaryo viloyatida — 10 nafar;
  • Surxondaryo viloyatida — 4 nafar;
  • Namangan viloyatida — 2 nafar;
  • Qoraqalpog‘iston Respublikasida — 2 nafar.

Kun davomida 10 ta hududda koronavirusga chalinish holati qayd etildi. 22-avgustdan so‘ng kasallik qayd etilgan hududlar 10 taga yetmayotgandi. 28-avgust kuni o‘tkazilgan yig‘ilishda O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev joriy haftada kuniga o‘rtacha 370 nafar yangi bemor aniqlangani, karantin talablari yumshatilgan hozirgi sharoitda ushbu raqam nazorat ko‘rsatkichi bo‘lishini qayd etgandi. Prezident haqiqiy holat bo‘yicha raqamlarni yashirishga mutlaqo yo‘l qo‘ymaslik to‘g‘risida barcha rahbarlarni ogohlantirdi. Bunga urinish jinoiy javobgarlikkacha bo‘lgan qat’iy choralarga olib kelishi mumkinligi ta’kidlandi.

Toshkent shahrida 170 kishida koronavirus aniqlandi. Avgust oyida Toshkentda eng kam kasallik aniqlangan kunda (25-avgust) 61 kishida, eng ko‘p kasallik aniqlangan kunda (9-avgust) 509 kishida COVID-19 qayd etildi. Avgust oyida poytaxtda (karantin zonasida aniqlangan holatlar bilan birga) 10 889 ta yangi holat aniqlandi. Kasallikka chalinganlarning umumiy soni 25 304 nafarga yetdi. O‘zbekiston bo‘yicha koronavirusga chalinganlarning 60,9 foizi Toshkent shahri hisobiga to‘g‘ri kelmoqda.

Toshkent viloyatida 94 kishida COVID-19 aniqlandi. Viloyatda 26-iyuldan 25-avgustgacha faqatgina bir marta (23-avgust kuni) kasallanish holatlari 100 taga yetmagandi. 26-avgustdan boshlab esa Toshkent viloyatida har kuni 92 tadan 98 tagacha yangi holatlar ro‘yxatga olinmoqda. Avgust oyining 30 kuni ichida Toshkent viloyatida koronavirusga chalinganlar soni 4288 kishiga ko‘paydi va 7114 nafarga yetdi. O‘zbekiston bo‘yicha kasallanish holatlarining 17,1 foizi Toshkent viloyatiga to‘g‘ri kelmoqda.

Samarqand viloyatida 38 kishida koronavirus aniqlandi. Bu oxirgi ikki haftada viloyatda eng ko‘p kasallik aniqlangan kun bo‘ldi. Avgust oyining ortda qolgan 30 kunidan 23 tasida Samarqandda yangi kasallanish holatlari aniqlanib, kasallanganlar soni 780 kishiga ko‘paydi. O‘zbekistonning 7 ta hududida epidemiya mavsumi boshidan beri buncha kasallanish holati kuzatilmagan. Samarqandda jami kasallanish holatlari 1718 nafarga yetdi.

Sirdaryo viloyatida 22 kishida koronavirus qayd etildi. Viloyatda 14-avgustdan beri endi yangi holatlar ro‘yxatga olindi. Ungacha esa avgust oyining dastlabki ikki haftasida Sirdaryoda 10 kunda kasallanish holatlari qayd etilgandi. Avgust oyi davomida Sirdaryoda 180 kishida COVID-19 aniqlandi. Bu viloyatdagi jami kasallanish holatlarining 23,6 foiziga tengdir.

Andijon viloyatida 16 kishida COVID-19 qayd etildi. Viloyatda oxirgi 45 kun ichida (17-iyuldan beri) faqat 4 marta — 25-iyul8-avgust, 15-avgust va 28-avgust kunlari yangi kasallanish holatlari aniqlanmagan. Andijonda deyarli har kuni COVID-19’ga chalinganlar aniqlanayotgan bo‘lsa-da, 16-avgustdan shu kungacha kasallanganlar soni 5 nafardan oshmayotgandi. Avgust oyida viloyatda 207 kishida koronavirus qayd etildi. Kasallikka chalinganlarning umumiy soni 1202 nafarga yetdi.

Buxoro viloyatida 10 kishida koronavirus aniqlandi. Viloyatda avgust oyida koronavirusga chalinganlar soni 218 kishiga ko‘paydi. Buxorodagi jami kasallanish holatlarining 20,8 foizi avgust oyiga to‘g‘ri keldi.

Qashqadaryo viloyatida 10 kishida kasallik qayd etildi. Oxirgi 12 kun ichida viloyatda 10 kunda yangi bemorlar ro‘yxatga olindi. Umuman olganda avgust oyida Qashqadaryoda 244 kishida koronavirus qayd etildi, bu viloyatdagi jami kasallanish holatlarining 26 foiziga tengdir.

Surxondaryo viloyatida 4 kishida koronavirus aniqlandi. Avgust oyida viloyatda 96 kishida kasallik qayd etildi. Bu Surxondaryodagi jami kasallanish holatlarining 15,2 foiziga tengdir.

Namangan viloyatida 2 kishida koronavirus qayd etildi. Avgust oyining 18 kunida Namanganda yangi kasallanish holatlari ro‘yxatga olingan. Bu kunlarda jami 162 kishida koronavirus aniqlandi. Taqqoslash uchun, Jizzax viloyatida epidemiya mavsumi boshidan beri 155 kishida koronavirus qayd etilgan.

Qoraqalpog‘iston Respublikasida 2 kishida koronavirus aniqlandi. Respublikada oxirgi 2 haftada 6 marta yangi kasallanish holatlari ro‘yxati olingan bo‘lsa, bu kunlarning birontasida yangi bemorlar soni 4 nafardan oshmadi.

O‘lim holatlari va ahvoli og‘ir bemorlar

SSV Toshkent shahrida 5 nafar, Toshkent viloyatida 1 nafar, jami 6 nafar koronavirusga chalingan bemor vafot etganini ma’lum qildi. Shuningdek, Toshkent shahrida koronavirusdan davolanayotgan O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Fathulla Mas’udov ham 30-avgust kuni olamdan o‘tdi.

Birinchi o‘lim. Toshkent shahri Yunusobod tumanida yashagan 84 yoshli I.A. ismli ayol vafot etgan.

Ikkinchi o‘lim. Toshkent viloyati Yangiyo‘l tumanida yashagan 47 yoshli B.E. ismli erkak vafot etgan.

Uchinchi o‘lim. Toshkent shahri Shayxontohur tumanida yashagan 79 yoshli N.I. ismli erkak vafot etgan.

To‘rtinchi o‘lim. Toshkent shahri Uchtepa tumanida yashagan 64 yoshli M.Yu. ismli ayol vafot etgan.

Beshinchi o‘lim. O‘zbek milliy akademik drama teatri direktori, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Fathulla Mas’udov 57 yoshida koronavirus oqibatida vafot etdi. Uning o‘limiga koronavirus sabab bo‘lganini Madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov tasdiqladi. Ammo bu holat bo‘yicha hozircha SSV axborot bermadi.

Fathulla Mas’udov.

Foto: “Daryo”

Fathulla Mas’udov 1963-yilda Toshkent shahrida tavallud topgan. 2015-yildan buyon O‘zbek Milliy akademik drama teatri direktori lavozimida ishlab kelayotgandi. 1999-yili “Shuhrat” medaliga sazovor bo‘lgan, 2003-yili “O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan artist” unvoni bilan mukofotlangan. 2014-yilda “Mehnat shuhrati” ordeni bilan taqdirlangan.

Oltinchi o‘lim. Toshkent shahri Chilonzor tumanida yashagan 71 yoshli M.X. ismli ayol vafot etgan.

Yettinchi o‘lim. Toshkent shahri Olmazor tumanida yashagan 64 yoshli T.J. ismli erkak vafot etgan.

Hozirgacha Sog‘liqni saqlash vazirligi 315 kishining koronavirus asoratlaridan vafot etganini xabar berdi. “Daryo” hisobi bo‘yicha koronavirusga chalingach, vafot etganlar soni 325 nafarni tashkil etmoqda. Davlat xizmatlari agentligi 15-iyul kuni Navoiy viloyatidagi 61 yoshli xodimi Adhamjon Dehqonov, Madaniyat vazirligi esa 18-iyul kuni 32 yoshli xodimi Akmal Irisov koronavirus asoratlaridan vafot etgani, Olmaliq shahri hokimligi 9 va 15-iyul kunlari shahar shifoxonalarida vafot etgan ikki ayolda koronavirus tasdiqlangani haqida xabar bergan. Shuningdek, 19-iyul kuni Chilonzor tumani Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik markazi bakteriologiya laboratoriyasi mudiri 62 yoshli Marhabo Ahmedova, 22-iyulda bosh prokurorning sobiq o‘rinbosari, Qoraqalpog‘iston prokuraturasida bo‘lim boshlig‘i bo‘lib ishlayotgan 66 yoshli Hakimbay Xalimov koronavirus asoratlaridan vafot etgani xabar qilingan. 31-iyul kuni Jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent viloyat sudi sudyasi, 53 yoshli Xayriddin Shermuhamedov, 1-avgust kuni Toyloq tumani prokurori Farhod Abduxoliqov, Innovatsion sog‘liqni saqlash milliy palatasi “Buyuk kelajak” kengashi eksperti Sanjar Jalolov 58 yoshida, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Fathulla Mas’udov 57 yoshida vafot etgani xabar berildi. Biroq ushbu 10 holat haqida SSV tomonidan ayni vaqtgacha axborot berilmagan.

Taniqli rejissor Sarvar Karimov ham 17-iyul kuni otasi koronavirus infeksiyasidan vafot etgani, ammo unga tashxis qo‘yilmaganini ma’lum qilgandi. Rejissorning o‘zi va uning boshqa oila a’zolarida koronavirus tasdiqlangan. Shuningdek, 26-iyul kuni bosh vazir o‘rinbosari Aziz Abduhakimov 24-iyul kuni Samarqanddagi Ipak yo‘li xalqaro turizm universitetining 33 yoshli magistranti O‘tkir Temirov kasallikdan vafot etganini aytgan. Ma’lum bo‘lishicha, marhum o‘zida COVID-19’ning barcha belgilari bo‘lsa-da, test ham topshira olmagan, kasalxonaga ham yota olmagan. Qoraqalpog‘istonning Taxtako‘pir tumani shifoxonasining 32 yoshli tez tibbiy yordam hamshirasi Aliya Jiyemuratova 28-iyul kuni koronavirusdan vafot etgani haqida “Makan.uz” xabar tarqatdi.

Ayni paytda tibbiyot muassasalarida davolanayotgan 2394 nafar bemordan 250 nafari og‘ir, 137 nafari esa o‘ta og‘ir ahvolda. Hozirda ahvoli og‘ir va o‘ta og‘ir bemorlarning umumiy soni 387 nafarni tashkil etmoqda. Yetti kun ichida birinchi marta bu ko‘rsatkich 400 dan kamaydi. Hozirda davolanishni davom ettirayotganlarning 16,1 foizining ahvoli og‘ir bo‘lib turibdi.

Kasallikdan davolanish

30-avgust kuni O‘zbekistonning 10 ta hududida 460 nafar bemor koronavirusdan sog‘aydi. Avgust oyida 27-marta sog‘ayganlar soni kunlik kasallanish ko‘rsatkichidan yuqori bo‘lmoqda.

Yangi tuzalganlarning

  • 285 nafari Toshkent shahrida;
  • 114 nafari Toshkent viloyatida;
  • 20 nafari Samarqand viloyatida;
  • 10 nafari Andijon viloyatida;
  • 10 nafari Buxoro viloyatida;
  • 7 nafari Qashqadaryo viloyatida;
  • 5 nafari Surxondaryo viloyatida;
  • 4 nafari Navoiy viloyatida;
  • 3 nafari Namangan viloyatida;
  • 2 nafari Qoraqalpog‘iston Respublikasida kasallikdan forig‘ bo‘ldi.

Ularning qanchasi uy sharoitida, qanchasi statsionar sharoitda davolanganiga SSV aniqlik kiritmagan.

Ma’lumot uchun, O‘zbekistonda koronavirus epidemiyasi sabab sog‘liqni saqlash tizimiga tushayotgan yuklamani bir qadar yengillatish maqsadida 5-iyuldan boshlab koronavirus infeksiyasi alomatsiz kechayotgan bemorlarga uy sharoitida davolanishga ruxsat berilgan, ushbu yo‘nalishda yo‘riqnoma va eslatmalar ham e’lon qilingan.

Biroq Sog‘liqni saqlash vazirligi koronavirusga chalinganlarga doir axborotlarida yangi bemorlarning qanchasida kasallik alomatsiz (simptomsiz) kechayotganiga aniqlik kiritmayapti, shu boisdan ayni vaqtda koronavirusdan davolanayotgan bemorlarning qanchasi kasalxonalarda qolayotgani, qanchasi uy sharoitida davolanayotgani ma’lum emas.

Hozirda kasallik qayd etilgan jami 41528 nafar bemordan 38819 nafari sog‘ayib, davolanish ko‘rsatkichi 93 foizni tashkil etmoqda. Ikki kundan buyon davolanish ko‘rsatkichi 93 foiz bo‘lgandi. Bu eng yuqori natija hisoblanadi.

Sog‘liqni saqlash vazirligi ma’lumotlari bo‘yicha ayni paytda 2394 nafar bemor COVID-19’dan davolanmoqda. 29-iyul kuni davolanishni davom ettirayotgan bemorlar soni 9500 dan ortiq edi. Bir oy ichida ularning soni 4 barobarga kamaydi. Ayni paytda davolanayotgan bemorlar soni 65 kun ichidagi minimumga tushdi — 27-iyun kuni 2422 nafar bemor koronavirusdan davolanayotgandi.

Hozirda eng ko‘p bemor Toshkent shahrida davolanmoqda — 1714 nafar. Farg‘onada 3, Jizzaxda 7, Navoiyda 8, Qoraqalpog‘istonda 12, Xorazmda 17, Surxondaryoda 21, Andijonda 28, Buxoroda 36, Qashqadaryoda 38, Namanganda 41, Sirdaryoda 48, Samarqandda 121 va Toshkent viloyatida 300 nafar bemor qoldi.