“Daryo”ni Telegram’da o‘qing! Join!
00:20, 16.08.2020 125133

O‘zbekistonda 15-avgust kuni 684 kishida koronavirus aniqlandi. Kasallikdan tuzalganlar soni 30 mingdan oshdi

O‘zbekistonda 14-avgust soat 23:30 dan 15-avgust soat 23:30 gacha koronavirus yuqtirib olish bilan bog‘liq 684 ta holat qayd etildi. Ketma-ket to‘qqizinchi kun kunlik kasallanish holati 700 ga yetmayapti. Yangi holatlardan so‘ng O‘zbekistonda koronavirusga chalinganlar soni 34701 nafarga yetdi.

SSV hisobi bo‘yicha 226, “Daryo” hisobi bo‘yicha 235 kishi koronavirus asoratlaridan vafot etgan.

Foto: Telegram / @ssvmatbuotkotibi

Yangi kasallanish holatlari

Yangi kasallangan 684 kishining barchasi koronavirusga chalingan bemorlar bilan muloqotda bo‘lganligi sababli namuna olingan fuqarolar orasida aniqlangan:

  • Toshkent shahrida — 488 nafar;
  • Toshkent viloyatida — 147 nafar;
  • Samarqand viloyatida — 37 nafar;
  • Namangan viloyatida — 8 nafar;
  • Xorazm viloyatida — 4 nafar.

Kun davomida 5 ta hududda kasallanish holatlari qayd etildi. 9-avgustdan so‘ng koronavirus aniqlanayotgan hududlar 7 tadan kamaymayotgandi.

Toshkent shahrida 488 kishida koronavirus aniqlandi. Avgust oyining ortda qolgan 15 kuni ichida Toshkentda eng kam kasallik aniqlangan kunda (2-avgust) 325 kishida, eng ko‘p kasallik aniqlangan kunda (9-avgust) 509 kishida COVID-19 qayd etildi. 1—15-avgust oralig‘ida poytaxtda (karantin zonasida aniqlangan holatlarni hisobga olmasa) 6379 ta yangi holat aniqlandi. Poytaxtda koronavirusga chalinganlarning umumiy soni 21 mingdan oshib, 21002 nafarga yetdi. O‘zbekiston bo‘yicha kasallanish holatlarining 60,5 foizi Toshkent shahri hisobiga to‘g‘ri kelmoqda.

Besh oylik tanaffusdan so‘ng Toshkent metropoliteni yana faoliyatini boshladi.

Foto: “Daryo”

Qayta tiklangan metropoliten faoliyatining birinchi kunidan suratlarni ushbu havolada tomosha qilishingiz mumkin.

Toshkent viloyatida 147 kishida koronavirus qayd etildi. Viloyatda 23-iyuldan boshlab har kuni kasallikka chalinish holatlari qayd etilmoqda, 26-iyuldan beri esa har kuni koronavirusga chalinganlar soni 100 nafardan oshmoqda (ikki marta 200 tadan ham oshdi). Avgust oyining 15 kuni ichida Toshkent viloyatida (karantin zonasida aniqlangan holatlarni hisobga olmasa) 2308 kishida koronavirus aniqlandi.

Samarqand viloyatida 37 kishida COVID-19 aniqlandi. Viloyatda avgust oyining o‘zida 491 kishida koronavirus qayd etildi. Solishtirish uchun, 5 ta hudud (Jizzax, Farg‘ona, Qoraqalpog‘iston, Xorazm, Navoiy)da epidemiya mavsumi boshidan buyon buncha holat qayd etilmagan. Hozirda Samarqandda koronavirusga chalinganlar soni 1429 nafarga yetdi.

Namangan viloyatida 8 kishida koronavirus qayd etildi. Viloyatda avgust oyida 75 kishida koronavirus aniqlandi. Bu Namangan viloyatidagi jami kasallanish holatlarining 9 foiziga teng deganidir.

Xorazm viloyatida 4 kishida COVID-19 qayd etildi. Avgust oyi davomida viloyatda 63 ta yangi holat qayd etildi. Bu Xorazmdagi barcha kasallanish holatlarining 14 foiziga tengdir.

O‘lim holatlari va ahvoli og‘ir bemorlar

Sog‘liqni saqlash vazirligi Toshkent shahrida 3 nafar, Navoiy va Toshkent viloyatlarida 1 nafardan, jami 5 nafar koronavirusga chalingan bemor vafot etganini xabar qildi. Xuddi bir kun oldin bo‘lganidek vafot etganlarning 4 nafari erkak, 1 nafari ayoldir. Umuman olganda, 12-avgustdan beri SSV har kuni 5 nafardan odam vafot etayotgani haqida xabar bermoqda.

Birinchi o‘lim. Toshkent shahri Yunusobod tumanida yashagan 61 yoshli U.A. ismli erkak vafot etgan.

Ikkinchi o‘lim. Toshkent shahri Yunusobod tumanida yashagan 65 yoshli A.M. ismli erkak vafot etgan.

Uchinchi o‘lim. Navoiy viloyati Navoiy shahrida yashagan 53 yoshli U.X. ismli erkak vafot etgan.

To‘rtinchi o‘lim. Toshkent viloyati Nurafshon shahrida yashagan 79 yoshli B.J. ismli erkak vafot etgan.

Beshinchi o‘lim. Toshkent shahri Shayxontohur tumanida yashagan 70 yoshli M.U. ismli ayol vafot etgan.

Hozirgacha Sog‘liqni saqlash vazirligi 226 kishining koronavirus asoratlaridan vafot etganini xabar berdi. “Daryo” hisobi bo‘yicha koronavirusga chalingach, vafot etganlar soni 235 nafarni tashkil etmoqda. Davlat xizmatlari agentligi 15-iyul kuni Navoiy viloyatidagi 61 yoshli xodimi Adhamjon Dehqonov, Madaniyat vazirligi esa 18-iyul kuni 32 yoshli xodimi Akmal Irisov koronavirus asoratlaridan vafot etgani, Olmaliq shahri hokimligi 9 va 15-iyul kunlari shahar shifoxonalarida vafot etgan ikki ayolda koronavirus tasdiqlangani haqida xabar bergan. Shuningdek, 19-iyul kuni Chilonzor tumani Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik markazi bakteriologiya laboratoriyasi mudiri 62 yoshli Marhabo Ahmedova, 22-iyulda bosh prokurorning sobiq o‘rinbosari, Qoraqalpog‘iston prokuraturasida bo‘lim boshlig‘i bo‘lib ishlayotgan 66 yoshli Hakimbay Xalimov koronavirus asoratlaridan vafot etgani xabar qilingan. 31-iyul kuni Jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent viloyat sudi sudyasi, 53 yoshli Xayriddin Shermuhamedov, 1-avgust kuni Toyloq tumani prokurori Farhod Abduxoliqov, Innovatsion sog‘liqni saqlash milliy palatasi “Buyuk kelajak” kengashi eksperti Sanjar Jalolov 58 yoshida vafot etgani xabar berildi. Biroq ushbu to‘qqiz holat haqida SSV tomonidan ayni vaqtgacha axborot berilmagan.

Taniqli rejissor Sarvar Karimov ham 17-iyul kuni otasi koronavirus infeksiyasidan vafot etgani, ammo unga tashxis qo‘yilmaganini ma’lum qilgandi. Rejissorning o‘zi va uning boshqa oila a’zolarida koronavirus tasdiqlangan. Shuningdek, 26-iyul kuni bosh vazir o‘rinbosari Aziz Abduhakimov 24-iyul kuni Samarqanddagi Ipak yo‘li xalqaro turizm universitetining 33 yoshli magistranti O‘tkir Temirov kasallikdan vafot etganini aytgan. Ma’lum bo‘lishicha, marhum o‘zida COVID-19’ning barcha belgilari bo‘lsa-da, test ham topshira olmagan, kasalxonaga ham yota olmagan. Qoraqalpog‘istonning Taxtako‘pir tumani shifoxonasining 32 yoshli tez tibbiy yordam hamshirasi Aliya Jiyemuratova 28-iyul kuni koronavirusdan vafot etgani haqida “Makan.uz” xabar tarqatdi.

Ayni paytda koronavirus infeksiyasidan davolanayotgan 4432 nafar bemordan 1021 nafari og‘ir, 285 nafari esa o‘ta og‘ir ahvolda. Ahvoli og‘ir va o‘ta og‘ir bemorlarning umumiy soni 3 kundan buyon kamaymoqda: 12-avgust kuni 1785 kishining ahvoli og‘ir bo‘lgan bo‘lsa, 13-avgustda 1740, 14-avgustda 1651, endi esa 1306 nafar bemorning ahvoli og‘ir. 12-avgustdan so‘ng SSV 15 kishining vafot etgani haqida xabar berishga ulgurdi. Hozirda davolanayotgan bemorlarning 29,5 foizining ahvoli og‘ir.

Kasallikdan davolanish

15-avgust kuni O‘zbekistonning 8 ta hududida koronavirus infeksiyasidan davolanayotgan bemorlarning 1382 nafari sog‘aydi. Ketma-ket beshinchi kun davolanganlar soni 1000 nafardan ortiq bo‘lmoqda. 12-avgust kuni 1569 nafar bemor sog‘ayib, rekord o‘rnatilgandi.

Yangi tuzalganlarning

  • 1044 nafari Toshkent shahrida;
  • 295 nafari Toshkent viloyatida;
  • 11 nafari Xorazm viloyatida;
  • 10 nafari Qashqadaryo viloyatida;
  • 7 nafari Sirdaryo viloyatida;
  • 7 nafari Surxondaryo viloyatida;
  • 6 nafari Namangan viloyatida;
  • 2 nafari Qoraqalpog‘iston Respublikasida kasallikdan forig‘ bo‘ldi.

Ularning qanchasi uy sharoitida, qanchasi statsionar sharoitda davolanganiga aniqlik kiritilmagan.

Ma’lumot uchun, O‘zbekistonda koronavirus epidemiyasi sabab sog‘liqni saqlash tizimiga tushayotgan yuklamani bir qadar yengillatish maqsadida 5-iyuldan boshlab koronavirus infeksiyasi alomatsiz kechayotgan bemorlarga uy sharoitida davolanishga ruxsat berilgan, ushbu yo‘nalishda yo‘riqnoma va eslatmalar ham e’lon qilingan.

Biroq Sog‘liqni saqlash vazirligi koronavirusga chalinganlarga doir axborotlarida yangi bemorlarning qanchasida kasallik alomatsiz (simptomsiz) kechayotganiga aniqlik kiritmayapti, shu boisdan ayni vaqtda koronavirusdan davolanayotgan bemorlarning qanchasi kasalxonalarda qolayotgani, qanchasi uy sharoitida davolanayotgani ma’lum emas.

Hozirda kasallik qayd etilgan jami 34701 nafar bemordan 30043 nafari sog‘ayib, davolanish ko‘rsatkichi 86 foizni tashkil etmoqda. Bu davolanish ko‘rsatkichi bo‘yicha yangi rekorddir. Bungacha 14-avgustdagi 84 foizlik natija eng yaxshi ko‘rsatkich bo‘lib turgandi.

Sog‘liqni saqlash vazirligi ma’lumotlari bo‘yicha ayni paytda 4432 nafar bemor COVID-19’dan davolanmoqda. 29-iyul kuni bemorlar soni 9500 dan ortiq edi. 30-iyuldan boshlab davolanayotgan bemorlar soni kamaya boshladi. Ayni paytda davolanayotgan bemorlar soni karantin cheklovlari kuchaytirilgan kun — 10-iyuldagi bemorlar sonidan (o‘sha kuni 4443 nafar bemor davolanayotgandi) ham kamaydi.

Hozirda eng ko‘p bemor Toshkent shahrida davolanmoqda — 3291 nafar. Farg‘onada 5, Jizzaxda 9, Qashqadaryoda 22, Xorazmda 26, Surxondaryoda 27, Navoiyda 28, Qoraqalpog‘istonda 35, Namanganda 40, Sirdaryoda 46, Andijonda 47, Buxoroda 77, Samarqandda 138 va Toshkent viloyatida 641 nafar bemor qoldi.

Toshkent shahrida ketma-ket to‘rtinchi kun koronavirusdan sog‘ayganlar 1000 dan oshgan bo‘lsa, Toshkent viloyatida 8-kun ketma-ket tuzalganlar soni 200 dan ortiq bo‘lmoqda. Ikkala hududda ham koronavirusdan davolanayotganlar soni bir oy ichidagi minimumga tushdi. 17-iyuldan boshlab SSV Toshkent shahri, Toshkent va Sirdaryo viloyatlarining statistikalarini alohida bera boshlagandi. 17-iyul holatiga ko‘ra, Toshkent shahrida koronavirusdan davolanayotganlar 4654 nafarni, Toshkent viloyatida 884 nafarni tashkil etayotgandi.

Izoh qoldirishdan avval, qoidalar bilan tanishib oling: http://dy.uz/QbkeZ

Boshqa yangiliklar