O‘zbek milliy akademik drama teatri direktori, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Fathulla Mas’udov 57 yoshida koronavirus oqibatida vafot etdi. Bu haqda O‘zbekiston Madaniyat vazirligi axborot xizmati xabar berdi.

Foto: “Daryo”

O‘zbekiston Madaniyat vazirligi jamoasi Fathulla Ma’sudovning oila-a’zolari va barcha yaqinlariga chuqur ta’ziya izhor qiladi, deyiladi xabarda.

Fathulla Mas’udov 1963-yilda Toshkent shahrida tavallud topgan. 2015-yildan buyon O‘zbek Milliy akademik drama teatri direktori lavozimida ishlab kelayotgandi. 1999-yili “Shuhrat” medaliga sazovor bo‘lgan, 2003-yili “O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan artist” unvoni bilan mukofotlangan. 2014-yilda “Mehnat shuhrati” ordeni bilan taqdirlangan.

Avvalroq ijtimoiy tarmoqlarda aktyorning vafot etgani haqida xabar tarqalgan, aktrisa Muqaddas Sa’dullayeva esa pochchasining tirik ekanligini aytib, ushbu xabarlarni rad etgandi.

Eslatib o‘tamiz, 25-avgust kuni O‘zbekiston xalq artisti Dilbar Ikromova koronavirus oqibatida vafot etgandi.