O‘zbekistonda 22-avgust soat 23:30 dan 23-avgust soat 23:00 ga qadar koronavirus yuqtirib olish bilan bog‘liq 414 ta holat qayd etildi. Bu avgust oyidagi eng past ko‘rsatkichlardan biri hisoblanadi. Bir kun avval 458 kishida koronavirus aniqlangandi. 21-avgustda koronavirus yuqtirib olish bo‘yicha 381 ta holat aniqlanib, 1,5 oy ichidagi eng past ko‘rsatkich qayd etilgandi. Yangi holatlardan so‘ng O‘zbekistonda koronavirusga chalinganlar soni 38 946 nafarga yetdi.

SSV hisobi bo‘yicha 273, “Daryo” hisobi bo‘yicha 282 kishi koronavirus asoratlaridan vafot etgan.

Foto: Telegram / @ssvmatbuotkotibi

Yangi kasallanish holatlari

Kun davomida jami 5 ta hududda yangi kasallanish holatlari qayd etildi.

Ularning barchasi tana harorati ko‘tarilganligi bois profilaktika maqsadida hamda koronavirusga chalingan bemorlar bilan muloqotda bo‘lganligi sababli namuna olingan fuqarolar orasida aniqlangan:

  • Toshkent shahri — 308 nafar;
  • Toshkent viloyati — 61 nafar;
  • Samarqand viloyati — 36 nafar;
  • Qashqadaryo viloyati — 7 nafar;
  • Andijon viloyati — 2 nafar.

O‘lim holatlari va ahvoli og‘ir bemorlar

SSV Toshkent shahrida 6 nafar koronavirusga chalingan bemor vafot etganini xabar qildi.

Birinchi o‘lim. Farg‘ona viloyati Furqat tumanida yashagan, Toshkent shahrida davolangan 74 yoshli N.A. ismli erkak vafot etgan.

Ikkinchi o‘lim. Toshkent shahri Shayxontohur tumanida yashagan 49 yoshli X.A. ismli erkak vafot etgan.

Uchinchi o‘lim. Toshkent shahri Mirzo Ulug‘bek tumanida yashagan 46 yoshli B.A. ismli erkak vafot etgan.

To‘rtinchi o‘lim. Toshkent shahri Shayxontohur tumanida yashagan 41 yoshli Sh.D. ismli erkak vafot etgan.

Beshinchi o‘lim. Toshkent shahri Yunusobod tumanida yashagan 71 yoshli V.V. ismli ayol vafot etgan.

Oltinchi o‘lim. Toshkent shahri Shayxontohur tumanida yashagan 59 yoshli B.R. ismli erkak vafot etgan.

Hozirgacha Sog‘liqni saqlash vazirligi 273 kishining koronavirus asoratlaridan vafot etganini xabar berdi. “Daryo” hisobi bo‘yicha koronavirusga chalingach, vafot etganlar soni 282 nafarni tashkil etmoqda. Davlat xizmatlari agentligi 15-iyul kuni Navoiy viloyatidagi 61 yoshli xodimi Adhamjon Dehqonov, Madaniyat vazirligi esa 18-iyul kuni 32 yoshli xodimi Akmal Irisov koronavirus asoratlaridan vafot etgani, Olmaliq shahri hokimligi 9 va 15-iyul kunlari shahar shifoxonalarida vafot etgan ikki ayolda koronavirus tasdiqlangani haqida xabar bergan. Shuningdek, 19-iyul kuni Chilonzor tumani Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik markazi bakteriologiya laboratoriyasi mudiri 62 yoshli Marhabo Ahmedova, 22-iyulda bosh prokurorning sobiq o‘rinbosari, Qoraqalpog‘iston prokuraturasida bo‘lim boshlig‘i bo‘lib ishlayotgan 66 yoshli Hakimbay Xalimov koronavirus asoratlaridan vafot etgani xabar qilingan. 31-iyul kuni Jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent viloyat sudi sudyasi, 53 yoshli Xayriddin Shermuhamedov, 1-avgust kuni Toyloq tumani prokurori Farhod Abduxoliqov, Innovatsion sog‘liqni saqlash milliy palatasi “Buyuk kelajak” kengashi eksperti Sanjar Jalolov 58 yoshida vafot etgani xabar berildi. Biroq ushbu to‘qqiz holat haqida SSV tomonidan ayni vaqtgacha axborot berilmagan.

Taniqli rejissor Sarvar Karimov ham 17-iyul kuni otasi koronavirus infeksiyasidan vafot etgani, ammo unga tashxis qo‘yilmaganini ma’lum qilgandi. Rejissorning o‘zi va uning boshqa oila a’zolarida koronavirus tasdiqlangan. Shuningdek, 26-iyul kuni bosh vazir o‘rinbosari Aziz Abduhakimov 24-iyul kuni Samarqanddagi Ipak yo‘li xalqaro turizm universitetining 33 yoshli magistranti O‘tkir Temirov kasallikdan vafot etganini aytgan. Ma’lum bo‘lishicha, marhum o‘zida COVID-19’ning barcha belgilari bo‘lsa-da, test ham topshira olmagan, kasalxonaga ham yota olmagan. Qoraqalpog‘istonning Taxtako‘pir tumani shifoxonasining 32 yoshli tez tibbiy yordam hamshirasi Aliya Jiyemuratova 28-iyul kuni koronavirusdan vafot etgani haqida “Makan.uz” xabar tarqatdi.

Ayni paytda tibbiyot muassasalarida davolanayotgan 3686 nafar bemordan 249 nafari og‘ir, 129 nafari esa o‘ta og‘ir ahvolda.

Kasallikdan davolanish

23-avgust kuni O‘zbekistonning 7 ta hududida koronavirus infeksiyasidan davolanayotgan bemorlarning 411 nafari sog‘aydi. Davolanish ko‘rsatkichi esa 89 foizni tashkil etmoqda. Oxirgi 21 kun ichida ilk marta bir kunda sog‘ayganlar soni kunlik kasallanish ko‘rsatkichidan past bo‘ldi.

Yangi tuzalganlarning

  • 228 nafari Toshkent shahrida;
  • 121 nafari Toshkent viloyatida;
  • 47 nafari Samarqand viloyatida;
  • 5 nafari Andijon viloyatida;
  • 5 nafari Namangan viloyatida;
  • 3 nafari Sirdaryo viloyatida;
  • 2 nafari Qashqadaryo viloyatida kasallikdan forig‘ bo‘ldi.

Ularning qanchasi uy sharoitida, qanchasi statsionar sharoitda davolanganiga SSV aniqlik kiritmagan.

Ma’lumot uchun, O‘zbekistonda koronavirus epidemiyasi sabab sog‘liqni saqlash tizimiga tushayotgan yuklamani bir qadar yengillatish maqsadida 5-iyuldan boshlab koronavirus infeksiyasi alomatsiz kechayotgan bemorlarga uy sharoitida davolanishga ruxsat berilgan, ushbu yo‘nalishda yo‘riqnoma va eslatmalar ham e’lon qilingan.

Hozirda eng ko‘p bemor Toshkent shahrida davolanmoqda — 2825 nafar. Farg‘onada 6, Jizzaxda 8, Navoiyda 10, Xorazmda 17, Qashqadaryoda 29, Qoraqalpog‘istonda 21, Surxondaryoda 30, Sirdaryoda 26, Andijonda 30, Buxoroda 42, Namanganda 66, Samarqandda 102 va Toshkent viloyatida 474 nafar bemor qoldi.