“Daryo”ni Telegram’da o‘qing! Join!
23:57, 26.08.2020 87393

O‘zbekistonda 26-avgust kuni 390 kishida koronavirus aniqlandi. Kasallanganlarning umumiy soni 40 mingdan oshdi

O‘zbekistonda 25-avgust soat 23:00 dan 26-avgust soat 23:30 gacha koronavirus yuqtirib olish bilan bog‘liq 390 ta holat qayd etildi. Ketma-ket ikkinchi kun kasallanganlar soni 400 nafarga yetmayapti. Yangi holatlardan so‘ng O‘zbekistonda koronavirusga chalinganlar soni 40054 nafarga yetdi.

SSV hisobi bo‘yicha 293, “Daryo” hisobi bo‘yicha 302 kishi koronavirus asoratlaridan vafot etgan.

Foto: Telegram / @ssvmatbuotkotibi

Yangi kasallanish holatlari

Yangi kasallangan 390 kishining barchasi tana harorati ko‘tarilgani bois profilaktika maqsadida hamda koronavirusga chalingan bemorlar bilan muloqotda bo‘lganligi sababli namuna olingan fuqarolar orasida aniqlangan:

  • Toshkent shahrida — 269 nafar;
  • Toshkent viloyatida — 98 nafar;
  • Samarqand viloyatida — 8 nafar;
  • Surxondaryo viloyatida — 6 nafar;
  • Namangan viloyatida — 5 nafar;
  • Andijon viloyatida — 4 nafar.

Kun davomida 6 ta hududda koronavirus yuqtirib olish bilan bog‘liq holatlar qayd etildi.

Toshkent shahrida 269 kishida koronavirus aniqlandi. 22-avgust kuni ham poytaxtda shuncha odamda kasallik qayd etilgandi. Avgust oyida Toshkentda eng kam kasallik aniqlangan kunda (25-avgust) 61 kishida, eng ko‘p kasallik aniqlangan kunda (9-avgust) 509 kishida COVID-19 qayd etildi. Avgust oyida poytaxtda (karantin zonasida aniqlangan holatlar bilan birga) 10 009 ta yangi holat aniqlandi. Bu O‘zbekiston bo‘yicha umumiy kasallanish holatlarining 25 foiziga tengdir.

Toshkent viloyatida 98 kishida COVID-19 qayd etildi. Viloyatda 26-iyuldan buyon faqatgina ikkinchi marta kasallanish holatlari 100 taga yetmadi (birinchisi — 23-avgust kuni 61 kishida koronavirus aniqlangandi). Avgust oyining 26 kuni ichida Toshkent viloyatida koronavirusga chalinganlar soni 4013 kishiga ko‘paydi. Bu O‘zbekiston bo‘yicha umumiy kasallanish holatlarining 10 foiziga tengdir.

Samarqand viloyatida 8 kishida kasallik aniqlandi. Avgust oyining ortda qolgan 26 kunidan 20 tasida Samarqandda yangi kasallanish holatlari aniqlandi. Bu kunlarda 707 kishida COVID-19 qayd etildi. Viloyatda jami kasallanish holatlarining (1645 ta) 43 foizi aynan avgust oyiga to‘g‘ri keldi.

Surxondaryo viloyatida 6 kishida koronavirus qayd etildi. Viloyatda 3 kunlik tanaffusdan so‘ng yana yangi kasallanish holatlari ro‘yxatga olindi.  Avgust oyida viloyatda 84 kishida kasallik qayd etildi. Bu Surxondaryodagi jami kasallanish holatlarining 13,5 foiziga tengdir.

Namangan viloyatida 5 kishida COVID-19 aniqlandi. Viloyatda 22-avgustdan beri endi yangi holat qayd etildi. Avgust oyining 15 kunida Namanganda yangi kasallanish holatlari ro‘yxatga olingan. Bu kunlarda jami 147 kishida koronavirus aniqlandi. Namanganda kasallikka chalinganlarning umumiy soni 892 nafarga yetdi.

Andijon viloyatida 4 kishida kasallik qayd etildi. Viloyatda oxirgi 41 kun ichida (17-iyuldan beri) faqat 3 marta — 25-iyul8-avgust va 15-avgust kunlari yangi kasallanish holatlari aniqlanmagan. Andijonda deyarli har kuni COVID-19’ga chalinganlar aniqlanayotgan bo‘lsa-da, 16-avgustdan beri kunlik kasallanganlar soni 5 nafardan oshmadi. Avgust oyida viloyatda 183 kishida koronavirus qayd etildi. Kasallikka chalinganlarning umumiy soni 1178 nafarga yetdi. Bir oy oldin — 26-iyul kuni O‘zbekiston bo‘yicha koronavirusga chalinganlarning 4,5 foizi Andijon hisobiga to‘g‘ri kelgan bo‘lsa, hozirda bu ko‘rsatkich 2,9 foizga tushgan.

O‘lim holatlari va ahvoli og‘ir bemorlar

SSV 26-avgust kuni Toshkent shahrida to‘rt nafar, Samarqand viloyatida ham ikki nafar bemor vafot etgani haqida xabar qildi. Vazirlik 25-avgust kuni vafot etgan O‘zbekiston xalq artisti Dilbar Ikromovaning o‘limiga koronavirus sabab bo‘lganini bir kun o‘tib tasdiqladi.

Birinchi o‘lim. Toshkent shahri Olmazor tumanida yashagan 81 yoshli M.I. ismli erkak vafot etgan. 81 yoshli erkak SSV hisobi bo‘yicha poytaxtdagi koronavirusning 200-qurboni bo‘ldi.

Ikkinchi o‘lim. Samarqand viloyati Samarqand shahrida yashagan 38 yoshli X.Q. ismli erkak vafot etgan. Samarqandda 50 kun ichida birinchi marta yangi o‘lim holati haqida xabar berildi. Bungacha oxirgi marta 7-iyul urgutlik 61 yoshli ayolning vafoti haqida xabar berilgandi.

Uchinchi o‘lim. Samarqand viloyati yuqumli kasalliklar shifoxonasida davolangan 58 yoshli Eron Islom Respublikasi fuqarosi B.S. ismli erkak vafot etgan. Eronlik erkak O‘zbekistonda koronavirus asoratlaridan vafot etgan ikkinchi xorijlik bo‘ldi. Bungacha 9-iyul kuni Buxoroda Afg‘oniston fuqarosi bo‘lgan 40 yoshli erkak vafot etgandiEron fuqarosi “Daryo” hisobi bo‘yicha O‘zbekistonda koronavirus asoratlaridan vafot etgan 300-bemor bo‘ldi.

To‘rtinchi o‘lim. Toshkent shahri Chilonzor tumanida yashagan 79 yoshli V.Ya. ismli erkak vafot etgan.

Beshinchi o‘lim. Toshkent shahri Olmazor tumanida yashagan 73 yoshli M.K. ismli ayol vafot etgan.

Hozirgacha Sog‘liqni saqlash vazirligi 293 kishining koronavirus asoratlaridan vafot etganini xabar berdi. “Daryo” hisobi bo‘yicha koronavirusga chalingach, vafot etganlar soni 302 nafarni tashkil etmoqda. Davlat xizmatlari agentligi 15-iyul kuni Navoiy viloyatidagi 61 yoshli xodimi Adhamjon Dehqonov, Madaniyat vazirligi esa 18-iyul kuni 32 yoshli xodimi Akmal Irisov koronavirus asoratlaridan vafot etgani, Olmaliq shahri hokimligi 9 va 15-iyul kunlari shahar shifoxonalarida vafot etgan ikki ayolda koronavirus tasdiqlangani haqida xabar bergan. Shuningdek, 19-iyul kuni Chilonzor tumani Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik markazi bakteriologiya laboratoriyasi mudiri 62 yoshli Marhabo Ahmedova, 22-iyulda bosh prokurorning sobiq o‘rinbosari, Qoraqalpog‘iston prokuraturasida bo‘lim boshlig‘i bo‘lib ishlayotgan 66 yoshli Hakimbay Xalimov koronavirus asoratlaridan vafot etgani xabar qilingan. 31-iyul kuni Jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent viloyat sudi sudyasi, 53 yoshli Xayriddin Shermuhamedov, 1-avgust kuni Toyloq tumani prokurori Farhod Abduxoliqov, Innovatsion sog‘liqni saqlash milliy palatasi “Buyuk kelajak” kengashi eksperti Sanjar Jalolov 58 yoshida vafot etgani xabar berildi. Biroq ushbu to‘qqiz holat haqida SSV tomonidan ayni vaqtgacha axborot berilmagan.

Taniqli rejissor Sarvar Karimov ham 17-iyul kuni otasi koronavirus infeksiyasidan vafot etgani, ammo unga tashxis qo‘yilmaganini ma’lum qilgandi. Rejissorning o‘zi va uning boshqa oila a’zolarida koronavirus tasdiqlangan. Shuningdek, 26-iyul kuni bosh vazir o‘rinbosari Aziz Abduhakimov 24-iyul kuni Samarqanddagi Ipak yo‘li xalqaro turizm universitetining 33 yoshli magistranti O‘tkir Temirov kasallikdan vafot etganini aytgan. Ma’lum bo‘lishicha, marhum o‘zida COVID-19’ning barcha belgilari bo‘lsa-da, test ham topshira olmagan, kasalxonaga ham yota olmagan. Qoraqalpog‘istonning Taxtako‘pir tumani shifoxonasining 32 yoshli tez tibbiy yordam hamshirasi Aliya Jiyemuratova 28-iyul kuni koronavirusdan vafot etgani haqida “Makan.uz” xabar tarqatdi.

Ayni paytda tibbiyot muassasalarida davolanayotgan 3199 nafar bemordan 294 nafari og‘ir, 139 nafari esa o‘ta og‘ir ahvolda. Bir kun avval ahvoli og‘ir va o‘ta og‘ir bemorlarning umumiy soni 404 nafarni tashkil etayotgandi, endi esa 433 nafarga yetdi. Hozirda davolanishni davom ettirayotganlarning 13,5 foizining ahvoli og‘ir bo‘lib turibdi. Bu oxirgi 9 kun ichidagi eng yuqori ko‘rsatkichdir.

Kasallikdan davolanish

26-avgust kuni O‘zbekistonning 7 ta hududida 579 kishi koronavirusdan sog‘aydi. Avgust oyida 23-marta sog‘ayganlar soni kunlik kasallanish ko‘rsatkichidan yuqori bo‘lmoqda.

Yangi tuzalganlarning

  • 428 nafari Toshkent shahrida;
  • 115 nafari Toshkent viloyatida;
  • 13 nafari Samarqand viloyatida;
  • 11 nafari Namangan viloyatida;
  • 6 nafari Surxondaryo viloyatida;
  • 4 nafari Andijon viloyatida;
  • 2 nafari Qoraqalpog‘iston Respublikasida kasallikdan forig‘ bo‘ldi.

Ularning qanchasi uy sharoitida, qanchasi statsionar sharoitda davolanganiga SSV aniqlik kiritmagan.

Ma’lumot uchun, O‘zbekistonda koronavirus epidemiyasi sabab sog‘liqni saqlash tizimiga tushayotgan yuklamani bir qadar yengillatish maqsadida 5-iyuldan boshlab koronavirus infeksiyasi alomatsiz kechayotgan bemorlarga uy sharoitida davolanishga ruxsat berilgan, ushbu yo‘nalishda yo‘riqnoma va eslatmalar ham e’lon qilingan.

Biroq Sog‘liqni saqlash vazirligi koronavirusga chalinganlarga doir axborotlarida yangi bemorlarning qanchasida kasallik alomatsiz (simptomsiz) kechayotganiga aniqlik kiritmayapti, shu boisdan ayni vaqtda koronavirusdan davolanayotgan bemorlarning qanchasi kasalxonalarda qolayotgani, qanchasi uy sharoitida davolanayotgani ma’lum emas.

Hozirda kasallik qayd etilgan jami 40054 nafar bemordan 36562 nafari sog‘ayib, davolanish ko‘rsatkichi 91 foizni tashkil etmoqdaBu natija yangi rekord hisoblanadiIlgari hech qachon koronavirusdan davolanish ko‘rsatkichi 90 foizdan oshmagandi.

Sog‘liqni saqlash vazirligi ma’lumotlari bo‘yicha ayni paytda 3199 nafar bemor COVID-19’dan davolanmoqda. 29-iyul kuni bemorlar soni 9500 dan ortiq edi. Ortda qolgan 28 kun ichida davolanishdagi bemorlar soni deyarli 3 barobarga kamaydi. Ayni paytda davolanayotgan bemorlar soni 4-iyul kunidagi bemorlar sonidan (o‘sha kuni 3252 nafar bemor davolanayotgandi) ham kamaydi.

Hozirda eng ko‘p bemor Toshkent shahrida davolanmoqda — 2417 nafar. Farg‘onada 3, Jizzaxda 7, Navoiyda 11, Qoraqalpog‘istonda 12, Xorazmda 19, Andijonda 23, Surxondaryoda 25, Sirdaryoda 26, Qashqadaryoda 30, Buxoroda 41, Namanganda 52, Samarqandda 107 va Toshkent viloyatida 426 nafar bemor qoldi.

Toshkent shahrida davolanayotgan bemorlar soni 30-iyundan beri eng past ko‘rsatkichga tushdi. Hozirda Toshkent shahridan boshqa barcha hududlarda davolanish ko‘rsatkichi 90 foizdan yuqori bo‘lib turibdi.

Izoh qoldirishdan avval, qoidalar bilan tanishib oling: http://dy.uz/QbkeZ

Boshqa yangiliklar