O‘zbekistonda 12-avgust soat 23:30 dan 13-avgust soat 23:30 gacha koronavirus yuqtirib olish bilan bog‘liq 669 ta holat qayd etildi. Bu 27-iyuldan beri eng kam kasallik aniqlangan kun bo‘ldi. Yangi holatlardan so‘ng O‘zbekistonda koronavirusga chalinganlar soni 33323 nafarga yetdi.

SSV hisobi bo‘yicha 216, “Daryo” hisobi bo‘yicha 225 kishi koronavirus asoratlaridan vafot etgan.

Foto: Telegram / @ssvmatbuotkotibi

Yangi kasallanish holatlari

Yangi kasallangan 669 kishining barchasi koronavirusga chalingan bemorlar bilan muloqotda bo‘lganligi sababli namuna olingan fuqarolar orasida aniqlangan:

  • Toshkent shahrida — 394 nafar;
  • Toshkent viloyatida — 185 nafar;
  • Samarqand viloyatida — 31 nafar;
  • Qashqadaryo viloyatida — 20 nafar;
  • Namangan viloyatida — 11 nafar;
  • Sirdaryo viloyatida — 11 nafar;
  • Andijon viloyatida — 9 nafar;
  • Navoiy viloyatida — 8 nafar.

Kun davomida 8 ta hududda yangi kasallanish holatlari qayd etildi.

Toshkent shahrida 394 kishida koronavirus aniqlandi. Avgust oyining ortda qolgan 13 kuni ichida Toshkentda eng kam kasallik aniqlangan kunda (2-avgust) 325 kishida, eng ko‘p kasallik aniqlangan kunda (9-avgust) 509 kishida COVID-19 qayd etildi. 1—13-avgust oralig‘ida poytaxtda (karantin zonasida aniqlangan holatlarni hisobga olmasa) 5487 ta yangi holat aniqlandi. Toshkentdagi umumiy kasallanganlar soni 20 ming nafardan oshdi. Poytaxtda kasallikka chalinganlar soni 20083 nafarga yetdi. Dunyo bo‘yicha koronavirusga chalinganlar soni bir necha kun oldin 20 millionga yetgandi. Butun dunyoda koronavirusga chalinganlarning deyarli 0,1 foizi O‘zbekiston poytaxtiga to‘g‘ri kelmoqda.

Toshkent viloyatida 185 kishida koronavirus aniqlandi. Viloyatda 23-iyuldan boshlab har kuni kasallikka chalinish holatlari qayd etilmoqda, 26-iyuldan beri esa har kuni koronavirusga chalinganlar soni 100 nafardan oshmoqda (ikki marta 200 tadan ham oshdi). Avgust oyining 13 kuni ichida Toshkent viloyatida (karantin zonasida aniqlangan holatlarni hisobga olmasa) 2002 kishida koronavirus aniqlandi. Viloyatda koronavirusga chalinganlar soni 4997 nafarga yetgan, bu butun O‘zbekistondagi kasallanish holatlarining 15 foiziga tengdir.

Samarqand viloyatida 31 kishida COVID-19 aniqlandi. Viloyatda avgust oyining o‘zida 419 kishida koronavirus qayd etildi, ammo bulardan 300 dan ortig‘i sog‘ayishga ulgurgan, ayni vaqtda Samarqandda 87 kishi koronavirusdan davolanmoqda. Samarqand Toshkent shahri va viloyatidan so‘ng koronavirusga chalinganlar soni (1357 nafar) bo‘yicha 3-o‘rinda bormoqda.

Qashqadaryo viloyatida 20 kishida koronavirus qayd etildi. Viloyatda avgust oyida 173 kishida koronavirus aniqlandi, bu Qashqadaryodagi jami kasallanish holatlarining 20 foiziga tengdir.

Namangan viloyatida 11 kishida koronavirus aniqlandi. Viloyatdagi jami kasallanish holatlari 800 taga yetdi. Namangan Toshkent shahri, Toshkent, Samarqand, Andijon, Buxoro va Qashqadaryo viloyatlaridan so‘ng koronavirusga chalinganlar soni 800 nafarga yetgan 7-hudud bo‘ldi.

Sirdaryo viloyatida 11 kishida COVID-19 qayd etildi. 17-iyuldan boshlab SSV Sirdaryo viloyatining statistikasini Toshkentdan alohida berishni boshladi. O‘sha kungacha viloyatda kasallanganlar soni 213 nafarni tashkil etgan bo‘lsa, ortda qolgan 28 kun ichida Sirdaryo viloyatida koronavirusga chalinganlar soni 516 kishiga ko‘paydi va hozirda 729 nafarni tashkil etmoqda.

Andijon viloyatida 9 kishida koronavirus aniqlandi. Viloyatda so‘nggi 19 kun ichida faqat 8-avgust kuni yangi holatlar aniqlanmadi. Hozir Andijonda koronavirusga chalinganlar soni 1132 nafarga yetgan. Bu vodiyning qolgan ikki viloyati — Namangan (800 ta holat) va Farg‘ona (302) viloyatlaridagi umumiy kasallanganlar sonidan (1102) ham ko‘p deganidir.

Navoiy viloyatida 8 kishida koronavirus qayd etildi. Viloyatda avgust oyida 52 kishida koronavirus qayd etildi, lekin ularning yarmidan ortig‘i sog‘ayishga ulgurgan. Hozirda viloyatda davolanayotgan bemorlar 25 nafarni tashkil etmoqda. Navoiyda koronavirusga chalinganlar orasida viloyat hokimi Qobul Tursunov ham bor. U Toshkentda davolanishni boshlaganiga 17 kun bo‘ldi.

O‘lim holatlari va ahvoli og‘ir bemorlar

SSV Toshkent shahrida 4 nafar, Toshkent viloyatida 1 nafar, jami besh nafar bemor vafot etgani haqida xabar berdi. Vafot etgan bemorlarning 4 nafari ayollar bo‘lib, ularning yoshi 59 dan 62 yoshgachadir. Avgust oyida 8, 12 va 13-avgustdan boshqa barcha kunlarda SSV 6 nafardan bemor vafot etayotgani haqida axborot berdi.

Birinchi o‘lim. Toshkent shahri Shayxontohur tumanida yashagan 63 yoshli D.A. ismli ayol vafot etgan.

Ikkinchi o‘lim. Toshkent viloyati Zangiota tumanida yashagan 66 yoshli X.E. ismli ayol vafot etgan. SSV Toshkent viloyatida 3-avgustdan beri 13 kishi vafot etgani haqida xabar berdi. Bu kunlar ichida faqatgina 12-avgust kuni o‘lim holatlari haqida axborot berilmadi. Hozirda viloyatlar o‘limlar soni SSV hisobi bo‘yicha 24 taga yetgan.

Uchinchi o‘lim. Toshkent shahri Olmazor tumanida yashagan 59 yoshli X.A. ismli ayol vafot etgan.

To‘rtinchi o‘lim. Toshkent shahri Yunusobod tumanida yashagan 62 yoshli N.I. ismli ayol vafot etgan.

Beshinchi o‘lim. Toshkent shahri Chilonzor tumanida yashagan 35 yoshli A.I. ismli erkak vafot etgan.

Hozirgacha Sog‘liqni saqlash vazirligi 216 kishining koronavirus asoratlaridan vafot etganini xabar berdi. “Daryo” hisobi bo‘yicha koronavirusga chalingach, vafot etganlar soni 225 nafarni tashkil etmoqda. Davlat xizmatlari agentligi 15-iyul kuni Navoiy viloyatidagi 61 yoshli xodimi Adhamjon Dehqonov, Madaniyat vazirligi esa 18-iyul kuni 32 yoshli xodimi Akmal Irisov koronavirus asoratlaridan vafot etgani, Olmaliq shahri hokimligi 9 va 15-iyul kunlari shahar shifoxonalarida vafot etgan ikki ayolda koronavirus tasdiqlangani haqida xabar bergan. Shuningdek, 19-iyul kuni Chilonzor tumani Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik markazi bakteriologiya laboratoriyasi mudiri 62 yoshli Marhabo Ahmedova, 22-iyulda bosh prokurorning sobiq o‘rinbosari, Qoraqalpog‘iston prokuraturasida bo‘lim boshlig‘i bo‘lib ishlayotgan 66 yoshli Hakimbay Xalimov koronavirus asoratlaridan vafot etgani xabar qilingan. 31-iyul kuni Jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent viloyat sudi sudyasi, 53 yoshli Xayriddin Shermuhamedov, 1-avgust kuni Toyloq tumani prokurori Farhod Abduxoliqov, Innovatsion sog‘liqni saqlash milliy palatasi “Buyuk kelajak” kengashi eksperti Sanjar Jalolov 58 yoshida vafot etgani xabar berildi. Biroq ushbu to‘qqiz holat haqida SSV tomonidan ayni vaqtgacha axborot berilmagan.

Taniqli rejissor Sarvar Karimov ham 17-iyul kuni otasi koronavirus infeksiyasidan vafot etgani, ammo unga tashxis qo‘yilmaganini ma’lum qilgandi. Rejissorning o‘zi va uning boshqa oila a’zolarida koronavirus tasdiqlangan. Shuningdek, 26-iyul kuni bosh vazir o‘rinbosari Aziz Abduhakimov 24-iyul kuni Samarqanddagi Ipak yo‘li xalqaro turizm universitetining 33 yoshli magistranti O‘tkir Temirov kasallikdan vafot etganini aytgan. Ma’lum bo‘lishicha, marhum o‘zida COVID-19’ning barcha belgilari bo‘lsa-da, test ham topshira olmagan, kasalxonaga ham yota olmagan. Qoraqalpog‘istonning Taxtako‘pir tumani shifoxonasining 32 yoshli tez tibbiy yordam hamshirasi Aliya Jiyemuratova 28-iyul kuni koronavirusdan vafot etgani haqida “Makan.uz” xabar tarqatdi.

Ayni paytda koronavirus infeksiyasidan davolanayotgan 5894 nafar bemordan 1340 nafari og‘ir, 400 nafari esa o‘ta og‘ir ahvolda. 9-avgustda ilk marta ahvoli og‘ir va o‘ta og‘ir bemorlarning umumiy soni 1700 dan oshgandi. O‘shandan buyon ahvoli og‘ir bemorlar soni 1736—1785 oralig‘ida bo‘lib turibdi. Hozirda ularning umumiy soni 1740 nafarga teng. Bu ayni vaqtda koronavirusdan davolanayotganlarning 29,5 foiziga tengdir. Bir oy oldin — 13-iyulda ahvoli og‘ir bemorlar davolanayotganlarning 1 foizini ham tashkil etmasdi — 0,95 foiz.

Koronavirusga qarshi kurash shtabi a’zosi Nargiza Nurillayevaning ma’lum qilishicha, bemorlarning vaqtida shifokorga murojaat qilmasligi, ya’ni koronavirus infeksiyasini boshlang‘ich simptomlarga e’tibor bermaslik va uy sharoitida o‘z-o‘zini davolashi og‘ir ahvoldagi bemorlar sonining ortib ketishiga sabab bo‘lmoqda.

Kasallikdan davolanish

13-avgust kuni 12 ta hududda koronavirus infeksiyasidan davolanayotgan bemorlardan 1554 nafari sog‘aydi. Ketma-ket ikkinchi kun sog‘aygan bemorlar soni 1500 dan oshmoqda. 12-avgust kuni 1569 nafar bemor sog‘ayib, rekord o‘rnatilgandi.

Yangi tuzalganlarning

  • 1198 nafari Toshkent shahrida;
  • 204 nafari Toshkent viloyatida;
  • 39 nafari Samarqand viloyatida;
  • 26 nafari Namangan viloyatida;
  • 18 nafari Qashqadaryo viloyatida;
  • 17 nafari Sirdaryo viloyatida;
  • 13 nafari Buxoro viloyatida;
  • 11 nafari Andijon viloyati;
  • 11 nafari Surxondaryo viloyatida;
  • 11 nafari Xorazm viloyatida;
  • 4 nafari Qoraqalpog‘iston Respublikasida;
  • 2 nafari Farg‘ona viloyatida kasallikdan forig‘ bo‘ldi.

Ularning qanchasi uy sharoitida, qanchasi statsionar sharoitda davolanganiga aniqlik kiritilmagan.

Ma’lumot uchun, O‘zbekistonda koronavirus epidemiyasi sabab sog‘liqni saqlash tizimiga tushayotgan yuklamani bir qadar yengillatish maqsadida 5-iyuldan boshlab koronavirus infeksiyasi alomatsiz kechayotgan bemorlarga uy sharoitida davolanishga ruxsat berilgan, ushbu yo‘nalishda yo‘riqnoma va eslatmalar ham e’lon qilingan.

Biroq Sog‘liqni saqlash vazirligi koronavirusga chalinganlarga doir axborotlarida yangi bemorlarning qanchasida kasallik alomatsiz (simptomsiz) kechayotganiga aniqlik kiritmayapti, shu boisdan ayni vaqtda koronavirusdan davolanayotgan bemorlarning qanchasi kasalxonalarda qolayotgani, qanchasi uy sharoitida davolanayotgani ma’lum emas.

Hozirda kasallik qayd etilgan jami 33 323 nafar bemordan 27 213 nafari sog‘ayib, davolanish ko‘rsatkichi 82 foizni tashkil etmoqda. Bu yozning eng yaxshi natijasi hisoblanadi. Bungacha 5-iyundagi bemorlarning 81 foizi tuzalishi yoz faslining eng yaxshi natijasi bo‘lib turgandi. Oxirgi marta 22-may kuni davolanish ko‘rsatkichi 82 foiz bo‘lgandi. O‘zbekistonda koronavirusga chalingan har 5 kishidan 4 nafari hozirgacha sog‘ayib bo‘ldi.

Sog‘liqni saqlash vazirligi ma’lumotlari bo‘yicha ayni paytda 5894 nafar bemor COVID-19’dan davolanmoqda. 29-iyul kuni bemorlar soni 9500 dan ortiq edi. 30-iyuldan boshlab davolanayotgan bemorlar soni kamaya boshladi. Ayni paytda davolanayotgan bemorlar soni 15-iyul kunidagi bemorlar soniga (o‘sha kuni 5855 nafar bemor davolanayotgandi) yaqinlashib qoldi.

Hozirda eng ko‘p bemor Toshkent shahrida davolanmoqda — 4528 nafar. Farg‘onada 2, Jizzaxda 9, Navoiyda 25, Xorazmda 26, Surxondaryoda 34, Namanganda 35, Qoraqalpog‘istonda 35, Qashqadaryoda 40, Andijonda 49, Sirdaryoda 60, Buxoroda 77, Samarqandda 87 va Toshkent viloyatida 887 nafar bemor qoldi.

Toshkent shahrida ketma-ket ikkinchi kun 1100 dan ortiq koronavirusdan sog‘aygach, poytaxtda davolanayotgan bemorlar soni 17-iyuldan beri eng minimal darajaga tushdi. O‘sha kunidan boshlab SSV Toshkent shahrining statistikasini Toshkent viloyati va Sirdaryo viloyatidan alohida berishni boshlagandi.

Toshkent viloyatida ketma-ket 6-kun koronavirusdan sog‘ayganlar soni 200 nafardan oshmoqda. Viloyatda koronavirusdan tuzalganlarning umumiy soni 4000 dan oshib ketdi.

Farg‘ona viloyatida koronavirusdan davolanayotgan faqat 2 nafar bemor qoldi. Bu 6-iyulda viloyatga koronavirus qaytganidan beri eng minimal ko‘rsatkichdir.