O‘zbekistonda 10-avgust soat 23:30 dan 11-avgust soat 23:30 gacha koronavirus yuqtirib olish bilan bog‘liq 679 ta holat qayd etildi. Ketma-ket to‘rtinchi kun kunlik kasallanish holati 700 ga yetmayapti. Yangi holatlardan so‘ng O‘zbekistonda koronavirusga chalinganlar soni 31983 nafarga yetdi.

SSV hisobi bo‘yicha 206, “Daryo” hisobi bo‘yicha 215 kishi koronavirus asoratlaridan vafot etgan.

Foto: Telegram / @ssvmatbuotkotibi

Yangi kasallanish holatlari

Yangi kasallangan 679 kishining barchasi koronavirusga chalingan bemorlar bilan muloqotda bo‘lganligi sababli namuna olingan fuqarolar orasida aniqlangan:

  • Toshkent shahrida — 427 nafar;
  • Toshkent viloyatida — 174 nafar;
  • Samarqand viloyatida — 21 nafar;
  • Andijon viloyatida — 13 nafar;
  • Sirdaryo viloyatida — 12 nafar;
  • Namangan viloyatida — 9 nafar;
  • Surxondaryo viloyatida — 8 nafar;
  • Navoiy viloyatida — 8 nafar;
  • Buxoro viloyatida — 7 nafar.

Kun davomida 9 ta hududda yangi kasallanish holati qayd etildi.

Toshkent shahrida 427 kishida koronavirus aniqlandi. Avgust oyining ortda qolgan 11 kuni ichida Toshkentda eng kam kasallik aniqlangan kunda (2-avgust) 325 kishida, eng ko‘p kasallik aniqlangan kunda (9-avgust) 509 kishida COVID-19 qayd etildi. 1—11-avgust oralig‘ida poytaxtda (karantin zonasida aniqlangan holatlarni hisobga olmasa) 4668 ta yangi holat aniqlandi. Bu Toshkent viloyatidagi barcha bemorlar soni (4670) bilan deyarli teng.

Toshkent viloyatida 174 kishida COVID-19 aniqlandi. Viloyatda 23-iyuldan boshlab har kuni kasallikka chalinish holatlari qayd etilmoqda, 26-iyuldan beri esa har kuni koronavirusga chalinganlar soni 100 nafardan oshmoqda (ikki marta 200 tadan ham oshdi). Avgust oyining 11 kuni ichida Toshkent viloyatida (karantin zonasida aniqlangan holatlarni hisobga olmasa) 1860 kishida koronavirus aniqlandi. Toshkent viloyatida avgust oyida aniqlangan holatlar hech bir viloyatda epidemiya mavsumi boshlangandan beri qayd etilmagan.

Samarqand viloyatida 21 kishida koronavirus qayd etildi. Viloyatda avgust oyining o‘zida 365 kishida koronavirus qayd etildi, ammo bulardan 300 ga yaqini sog‘ayishga ulgurgan, ayni vaqtda Samarqandda 86 kishida koronavirusdan davolanmoqda. Samarqand Toshkent shahri va viloyatidan so‘ng koronavirusga chalinganlar soni (1303 nafar) bo‘yicha 3-o‘rinda bormoqda. Viloyat epidemiyaga qarshi kurashish favqulodda komissiyasi karantin cheklovlarini yumshatishga qaror qildi. 12-avgust kunidan boshlab viloyatda soat 06:00 dan 23:00 ga qadar avtotransport vositalarida stikersiz harakatlanishiga ruxsat beriladi. Shuningdek, soat 08:00 dan 20:00 gacha ikki metrdan kam bo‘lmagan ijtimoiy masofani ta’minlab, bir stol atrofida to‘rt kishidan ko‘p bo‘lmagan holda umumiy ovqatlanish obyektlari faoliyatiga ham ruxsat beriladi.

Komissiya qaroriga ko‘ra, nodavlat maktabgacha ta’lim tashkiloti, nooziq-ovqat mahsulotlari chakana savdo do‘konlari va zargarlik do‘konlari, sartaroshxona va go‘zallik salonlari, mehmonxonalar, ochiq sun’iy qoplamali sport o‘yingohlari, sport seksiyalari, to‘garaklari, sport zallari va fitnes klublari ham o‘z faoliyatini boshlaydi.

Andijon viloyatida 13 kishida COVID-19 qayd etildi. Viloyatda so‘nggi 17 kun ichida faqat 8-avgust kuni yangi holatlar aniqlanmadi. Hozir Andijonda koronavirusga chalinganlar soni 1116 nafarga yetgan. Bu vodiyning qolgan ikki viloyati — Namangan (789 ta holat) va Farg‘ona (302) viloyatlaridagi umumiy kasallanganlar sonidan (1091) ham ko‘p deganidir. Hozirda Andijondagi bemorlarning 95 foizi sog‘aygan. Shu sababli viloyatda 6-avgustdan boshlab oshxonalar, buyum bozorlari, xususiy bog‘chalar, go‘zallik salonlari hamda mehmonxonalar o‘z faoliyatini boshlashiga ruxsat berilgan.

Sirdaryo viloyatida 12 kishida koronavirus aniqlandi. 17-iyuldan boshlab SSV Sirdaryo viloyatining statistikasini Toshkentdan alohida berishni boshladi. O‘sha kungacha viloyatda kasallanganlar soni 213 nafarni tashkil etgan bo‘lsa, ortda qolgan 26 kun ichida Sirdaryo viloyatida koronavirusga chalinganlar soni 490 kishiga ko‘paydi va hozirda 703 nafarni tashkil etmoqda. Sirdaryo Toshkent shahri, Toshkent, Samarqand, Andijon, Buxoro, Namangan va Qashqadaryo viloyatlaridan so‘ng kasallanganlar soni 700 nafardan oshgan 8-hudud bo‘ldi.

Namangan viloyatida 9 kishida koronavirus qayd etildi. Avgust oyida viloyatda 44 kishida COVID-19 qayd etilgan. Kasallanish holatlari kamligi hisobga olinib, viloyat komissiyasi 11-avgustdan boshlab karantin cheklovlarini yumshatdi. Namangan shahar va tumanlar hududida hamda shahar (tuman)lararo yo‘nalishlarda jamoat transportida (avtobus, yo‘nalishsiz taksi) yo‘lovchi tashish faoliyatiga ruxsat berildi.

Hokimliklar huzuridagi karantin cheklovlarini yumshatish va tadbirkorlik subyektlari faoliyatiga bosqichma-bosqich ruxsat berish bo‘yicha tuzilgan maxsus ishchi guruhlar xulosasi asosida quyidagi faoliyat turlariga ruxsat beriladi:

  • barcha turdagi ixtisoslashtirilgan bozorlar;
  • umumiy ovqatlanish shoxobchalari. Oshxonalar soat 12.00 dan 14.00 gacha, restoranlar esa soat 18.00 dan 21.00 gacha ishlashi mumkin. Banketlar hamda boshqa ommaviy tadbirlarni o‘tkazishga yo‘l qo‘yilmaydi;
  • park va istirohat bog‘lari;
  • mehmonxonalar;
  • sport zallari, fitnes klub va trenajyor zallar (ijtimoiy masofani ta’minlash imkoniyati bo‘lmagan jamoaviy sport turlarini o‘tkazmaslik tavsiya etiladi);
  • davlat va nodavlat maktabgacha ta’lim tashkilotlari;
  • nodavlat ta’lim markazlari, to‘garaklar (10 kishidan ko‘p bo‘lmagan guruhlar tashkil etib, mashg‘ulotlar vaqtini oldindan kelishgan holda);
  • barcha xizmat ko‘rsatish obyektlari, jumladan, sartaroshxona va go‘zallik salonlari.

Oilaviy tantana, to‘y, ma’raka va marosimlarni fuqarolarning uy-joyi va hovlisida 30 kishidan ko‘p bo‘lmagan hamda sanitariya-gigiyena talablariga qat’iy rioya etgan holda o‘tkazishga ruxsat beriladi.

Surxondaryo viloyatida 8 kishida koronavirus qayd etildi. Viloyatda 5-avgustdan beri endi yangi kasallanish holati ro‘yxatga olindi. Avgust oyida viloyatda jami 43 kishida COVID-19 aniqlandi. Surxondaryoda koronavirusga chalinganlar orasida viloyat hokimi To‘ra Bobolov ham bor. Hokimda koronavirusdan Toshkentda davolanayotgani haqida 18-iyulda e’lon qilingan, biroq unda kasallik qachon aniqlangani aytilmagandi. Bobolov 1 oy oldin — 11-iyul kuni Angor va Qiziriq tumanlariga yangi hokimlarni tayinlash bo‘yicha sessiyalarda bevosita ishtirok etmay, yig‘ilishga Zoom dasturi orqali ulangandi. Koronavirusdan davolanayotgan To‘ra Bobolov va boshqa mansabdorlarning ahvoli hozir qandayligi bo‘yicha 11-avgust kuni AOKAda o‘tkazilgan brifingda savol berildi. Koronavirusga qarshi kurashish shtabi a’zosi Rustam Ikromov umumiy javob berib, ularning salomatligida tashvishli narsa yo‘q, davolash ishlari davom etayotganini ta’kidladi.

Navoiy viloyatida 8 kishida COVID-19 aniqlandi. Viloyatda avgust oyida 44 kishida koronavirus qayd etildi. Navoiy viloyatidagi jami kasallanish holatlarining 9 foizi avgustga to‘g‘ri keldi. Navoiyda koronavirusga chalinganlar orasida viloyat hokimi Qobul Tursunov ham bor. U 15 kundan beri Toshkentda davolanmoqda. 12-avgustdan Navoiy shahridagi buyum bozorlari va ular atrofidagi yirik savdo nuqtalari o‘z faoliyatini boshlaydi. Sal avvalroq esa viloyatning Zarafshon shahrida yo‘nalishsiz taksilar, sartaroshxona va go‘zallik salonlari faoliyatiga ma’lum talablar asosida ruxsat berilgandi.

Buxoro viloyatida 7 kishida koronavirus qayd etildi. Viloyatda 9-iyuldan so‘ng kasallik aniqlangan kunlarda yangi holatlar hech qachon 15 tadan kam bo‘lmagandi. Avgust oyida Buxoroda jami 150 kishida koronavirus qayd etildi. Buxoroda 10-avgustdan boshlab karantin choralari yumshatildi. Viloyatda oshxona, mehmonxona, buyum bozorlari, sartaroshxona, nodavlat ta’lim muassasalari faoliyati qayta yo‘lga qo‘yildi. Koronavirus yuqtirib olganlar orasida Buxoro viloyat hokimi vazifasini bajaruvchi Karim Kamolov ham bor, unda 25-iyul kuni koronavirus aniqlangan, hozirda u Toshkentda davolanmoqda. Koronavirusdan davolanayotgan Karim Kamolov va boshqa mansabdorlarning ahvoli hozir qandayligi bo‘yicha 11-avgust kuni AOKAda o‘tkazilgan brifingda savol berildi. Koronavirusga qarshi kurashish shtabi a’zosi Rustam Ikromov umumiy javob berib, ularning salomatligida tashvishli narsa yo‘q, davolash ishlari davom etayotganini ta’kidladi.

O‘lim holatlari va ahvoli og‘ir bemorlar

SSV Toshkent shahrida 5 nafar, Toshkent viloyatida 1 nafar, jami 6 nafar koronavirusga chalingan bemor vafot etganini xabar qildi.

Birinchi o‘lim. Toshkent shahri Yunusobod tumanida yashagan 60 yoshli A.A. ismli erkak vafot etgan.

Ikkinchi o‘lim. Toshkent shahri Olmazor tumanida yashagan 60 yoshli A.M. ismli erkak vafot etgan.

Uchinchi o‘lim. Toshkent shahri Mirzo Ulug‘bek tumanida yashagan 63 yoshli Sh.Y. ismli ayol vafot etgan.

To‘rtinchi o‘lim. Toshkent shahri Shayxontohur tumanida yashagan 57 yoshli X.Q. ismli erkak vafot etgan.

Beshinchi o‘lim. Toshkent shahri Shayxontohur tumanida yashagan 32 yoshli Sh.A. ismli erkak vafot etgan.

Oltinchi o‘lim. Toshkent viloyati Zangiota tumanida yashagan 64 yoshli N.K. ismli erkak vafot etgan.

Hozirgacha Sog‘liqni saqlash vazirligi 206 kishining koronavirus asoratlaridan vafot etganini xabar berdi. “Daryo” hisobi bo‘yicha koronavirusga chalingach, vafot etganlar soni 215 nafarni tashkil etmoqda. Davlat xizmatlari agentligi 15-iyul kuni Navoiy viloyatidagi 61 yoshli xodimi Adhamjon Dehqonov, Madaniyat vazirligi esa 18-iyul kuni 32 yoshli xodimi Akmal Irisov koronavirus asoratlaridan vafot etgani, Olmaliq shahri hokimligi 9 va 15-iyul kunlari shahar shifoxonalarida vafot etgan ikki ayolda koronavirus tasdiqlangani haqida xabar bergan. Shuningdek, 19-iyul kuni Chilonzor tumani Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik markazi bakteriologiya laboratoriyasi mudiri 62 yoshli Marhabo Ahmedova, 22-iyulda Bosh prokurorning sobiq o‘rinbosari, Qoraqalpog‘iston prokuraturasida bo‘lim boshlig‘i bo‘lib ishlayotgan 66 yoshli Hakimbay Xalimov koronavirus asoratlaridan vafot etgani xabar qilingan. 31-iyul kuni Jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent viloyat sudi sudyasi, 53 yoshli Xayriddin Shermuhamedov, 1-avgust kuni Toyloq tumani prokurori Farhod Abduxoliqov, Innovatsion sog‘liqni saqlash milliy palatasi “Buyuk kelajak” kengashi eksperti Sanjar Jalolov 58 yoshida vafot etganini xabar berildi. Biroq ushbu to‘qqiz holat haqida SSV tomonidan ayni vaqtgacha axborot berilmagan.

Taniqli rejissor Sarvar Karimov ham 17-iyul kuni otasi koronavirus infeksiyasidan vafot etgani, ammo unga tashxis qo‘yilmaganini ma’lum qilgandi. Rejissorning o‘zi va uning boshqa oila a’zolarida koronavirus tasdiqlangan. Shuningdek, 26-iyul kuni bosh vazir o‘rinbosari Aziz Abduhakimov 24-iyul kuni Samarqanddagi Ipak yo‘li xalqaro turizm universitetining 33 yoshli magistranti O‘tkir Temirov kasallikdan vafot etganini aytgan. Ma’lum bo‘lishicha, marhum o‘zida COVID-19’ning barcha belgilari bo‘lsa-da, test ham topshira olmagan, kasalxonaga ham yota olmagan. Qoraqalpog‘istonning Taxtako‘pir tumani shifoxonasining 32 yoshli tez tibbiy yordam hamshirasi Aliya Jiyemuratova 28-iyul kuni koronavirusdan vafot etgani haqida “Makan.uz” xabar tarqatdi.

Ayni paytda koronavirus infeksiyasidan davolanayotgan 7687 nafar bemordan 1308 nafari og‘ir, 428 nafari esa o‘ta og‘ir ahvolda. Ikki kun ichida ahvoli og‘ir va o‘ta og‘ir bemorlarning umumiy soni 1764 nafardan 1736 nafarga tushdi, ammo bu orada SSV 12 kishining vafot etgani haqida axborot berdi. Hozirda davolanayotgan bemorlarning 22,5 foizining ahvoli og‘irdir. Solishtirish uchun, 20-iyulda 7760 nafar bemor koronavirusdan davolanayotganida ularning 1,3 foizi og‘ir ahvolda edi.

Kasallikdan davolanish

Kun davomida 10 ta hududda 1098 nafar bemor koronavirusdan sog‘aydi. Ikkinchi marta bir kun ichida 1000 dan ortiq bemor sog‘ayishi kuzatilmoqda. 2-avgust kuni 1208 kishi kasallikdan tuzalgandi. Oxirgi 13 kun ichida 12-marta kunlik sog‘ayish ko‘rsatkichi kasallanganlar sonidan o‘tib ketmoqda.

11-avgust kuni tuzalganlarning

  • 781 nafari Toshkent shahrida;
  • 205 nafari Toshkent viloyatida;
  • 35 nafari Samarqand viloyatida;
  • 18 nafari Qashqadaryo viloyatida;
  • 17 nafari Andijon viloyatida;
  • 10 nafari Buxoro viloyatida;
  • 10 nafari Namangan viloyatida;
  • 10 nafari Surxondaryo viloyatida;
  • 9 nafari Xorazm viloyatida;
  • 3 nafari Farg‘ona viloyatida kasallikdan forig‘ bo‘ldi.

Ularning qanchasi uy sharoitida, qanchasi statsionar sharoitda davolanganiga aniqlik kiritilmagan.

Ma’lumot uchun, O‘zbekistonda koronavirus epidemiyasi sabab sog‘liqni saqlash tizimiga tushayotgan yuklamani bir qadar yengillatish maqsadida 5-iyuldan boshlab koronavirus infeksiyasi alomatsiz kechayotgan bemorlarga uy sharoitida davolanishga ruxsat berilgan. Kuni kecha SSV koronavirusga chalingan bemorlarni uy sharoitida davolash bo‘yicha asosiy tavsiya va qoidalar ham taqdim etgandi.

Biroq Sog‘liqni saqlash vazirligi koronavirusga chalinganlarga doir axborotlarida yangi bemorlarning qanchasida kasallik alomatsiz (simptomsiz) kechayotganiga aniqlik kiritmayapti, shu boisdan ayni vaqtda koronavirusdan davolanayotgan bemorlarning qanchasi kasalxonalarda qolayotgani, qanchasi uy sharoitida davolanayotgani ma’lum emas.

Hozirda kasallik qayd etilgan jami 31 983 nafar bemordan 24 090 nafari sog‘ayib, davolanish ko‘rsatkichi 75 foizni tashkil etmoqda. Bu degani koronavirusga chalingan har 4 bemordan 3 nafari sog‘ayib ketdi deganidir. Bu 16-iyundan beri eng baland ko‘rsatkich hisoblanadi. Davolanish ko‘rsatkichi 21-23-iyul kunlari 53 foizgacha tushib ketgandi.

Sog‘liqni saqlash vazirligi ma’lumotlari bo‘yicha ayni paytda 7687 nafar bemor COVID-19’dan davolanmoqda. 29-iyul kuni bemorlar soni 9500 dan ortiq edi. 30-iyuldan boshlab davolanayotgan bemorlar soni kamaya boshladi. Ayni paytda davolanayotgan bemorlar soni 20-iyul kunidagi bemorlar sonidan (o‘sha kuni 7760 nafar bemor davolanayotgandi) ham kamaydi.

Hozirda eng ko‘p bemor Toshkent shahrida davolanmoqda — 6161 nafar. Farg‘onada 4, Jizzaxda 9, Navoiyda 23, Xorazmda 37, Qashqadaryoda 38, Surxondaryoda 45, Qoraqalpog‘istonda 56, Andijonda 58, Sirdaryoda 61, Namanganda 62, Buxoroda 67, Samarqandda 86 va Toshkent viloyatida 980 nafar bemor qoldi.

Toshkent viloyatida 27-iyuldan beri birinchi marta davolanayotganlar soni 1000 nafardan kamaydi. Viloyatda oxirgi 4 kun ichida har kuni 200 dan ortiq bemor koronavirusdan sog‘aymoqda. Toshkent shahrida esa 5-avgustdan beri har kuni 400 dan ortiq bemor shifo topmoqda.