O‘zbekistonda 8-iyul soat 23:30 dan 9-iyul soat 23:30 ga qadar koronavirus yuqtirib olish bilan bog‘liq 472 ta holat qayd etildi. Bir kun avval o‘rnatilgan antirekord yana yangilandi. 8-iyul kuni 422 nafar bemorda kasallik aniqlangandi. Yangi kasallanish holatlaridan so‘ng O‘zbekistonda koronavirusga chalinganlarning umumiy soni 11 564 nafarga yetdi.

Foto: Telegram / @ssvmatbuotkotibi

Yangi kasallanish holatlari

Yangi kasallanganlarning

  • 275 nafari karantin muassasalarida (xorijdan kelib karantinga olinganlar — 217 nafar, Namangan viloyatida — 18 nafar, Qoraqalpog‘istonda — 14 nafar, Qashqadaryo viloyatida — 8 nafar, Toshkent shahrida — 6 nafar, Jizzax viloyatida — 6 nafar, Samarqand viloyatida — 4 nafar, Farg‘ona viloyatida — 2 nafar);
  • 190 nafari aholi orasida (Toshkent shahrida — 156 nafar, Qoraqalpog‘istonda — 10 nafar, Jizzax viloyatida — 10 nafar, Namangan viloyatida — 6 nafar, Farg‘ona viloyatida — 3 nafar, Qashqadaryo viloyatida — 3 nafar, Surxondaryo viloyatida — 1 nafar, Buxoro viloyatida — 1 nafar);
  • 7 nafari xalqaro yuk tashuvchi avtomashina haydovchilari orasida (barchasi Toshkent viloyatida) aniqlangan.

Kun davomida 10 ta hududda yangi kasallanganlar qayd etildi. Ushbu hududlarning 8 tasida aholi orasida koronavirus aniqlandi. Aholi orasida kun davomida 190 kishida kasallik qayd etildi. Bu yangi antirekord. Bungacha 4-iyulda aholi orasida 142 kishida kasallik aniqlanishi eng katta ko‘rsatkich bo‘lib turgandi.

Toshkent shahrida aniqlangan 162 ta holatdan 6 tasi koronavirusga chalinganlar bilan muloqotda bo‘lib, karantinga olinganlar orasida, 156 nafari aholi orasida qayd etildi. Iyul oyining o‘zida poytaxtda kunlik kasallanish holati 7-marta 100 va undan ortiq bo‘lmoqda. Aholi orasidagi kasallanish holati esa iyul oyida 4-marta 100 nafardan oshmoqda. Ammo aholi orasida birinchi marta 156 kishida kasallik aniqlanmoqda. Bu Toshkentda qayd etilgan 4-iyuldagi ko‘rsatkich (105 kishi)dan qariyb 50 foizga ko‘p demakdir. Toshkent shahrida oxirgi marta 3-iyun kuni aholi orasida kasallanish holati qayd etilmagan.

Toshkent shahrida iyul oyining o‘zida kasallanganlar soni 1131 nafarga ko‘paydi. Bu 15-martdan buyon butun mamlakatda kasallanganlar sonining deyarli 10 foizi degani.

Namangan viloyatida qayd etilgan 24 ta holatdan 18 tasi karantindagilar orasida, 6 tasi aholi orasida aniqlandi. Namanganda may va iyun oylarida ham bir kunda kasallanganlar soni 20 nafardan oshmagandi. Namanganda iyul oyi koronavirusga chalinganlar bilan muloqotda bo‘lib, karantinga olinganlar orasida 28 ta, aholi orasida 26 ta holat qayd etildi.

Qoraqalpog‘istonda aniqlangan 24 ta holatdan 14 tasi koronavirusga chalinganlar bilan muloqotda bo‘lib, karantinga olinganlar orasida, 10 tasi aholi orasida qayd etildi. Ushbu respublikada 7-iyul kuni 14 kishida kasallik aniqlanishi may, iyun va iyul oylaridagi eng yuqori natijaga aylangandi. Endi ushbu ko‘rsatkich yangilandi. Uch kun oldin shifoxonalarda faqat bir nafar bemor qolgan va Qoraqalpog‘iston koronavirusdan xoli hududga aylanishga yaqin turgandi. Ammo 3 kun ichida bemorlar soni 47 nafarga ko‘paydi, hududda ilk o‘lim holati ham qayd etildi.

Jizzax viloyatida qayd etilgan 16 ta holatdan 6 tasi karantindagilar orasida, 10 tasi aholi orasida aniqlandi7-iyul kuni Jizzaxda aholi orasida 2 ta holat aniqlangandi. Shundan so‘ng Jizzax shahar hokimligi binosi karantinga olingan va butun shahar bo‘ylab karantin talablari kuchaytirilgandi.

Qashqadaryo viloyatida aniqlangan 11 ta holatdan 8 tasi koronavirusga chalinganlar bilan muloqotda bo‘lib, karantinga olinganlar orasida, 3 tasi aholi orasida qayd etildi. Bir kun avvalgiga solishtirganda kasallanish holatlari deyarli 15 baravarga kamaydi. 8-iyul kuni viloyatda karantindagilar orasida 127 kishida koronavirus aniqlangani xabar berilgandi, ular G‘uzor tumanida qurilayotgan Uzbekistan GTL zavodi qurilishida qatnashayotganlar bo‘lgani ma’lum bo‘ldi. Shuningdek, Qashqadaryo hokimi Zoir Mirzayev viloyat aholisiga qilgan murojaatida qashqadaryolik shifokor oilaviy tadbir va deputatlar bilan uchrashuvda 30 kishiga koronavirus yuqtirganini aytdi.

Toshkent viloyatida aniqlangan holatlarning 7 tasi xalqaro yuk mashinasi haydovchilari orasida qayd etildi. Viloyatda xorijdan kelib karantin markaziga olingan fuqarolarni hisobga olmasa, 6-iyul kuni ham faqat yuk mashinasi haydovchilari orasida kasallik aniqlangandi, 8-iyul kuni esa birontayam holat qayd etilmagan.

Farg‘ona viloyatida qayd etilgan 5 ta holatdan 2 tasi karantindagilar orasida, 3 tasi aholi orasida aniqlandi. Uch kun avval viloyatga koronavirus qaytganda ham SSV Farg‘onada aholi orasida 3 kishida kasallik aniqlanganini ma’lum qilgandi. O‘shanda koronavirus kirib kelishi va tarqalishining oldini olishni muvofiqlashtiruvchi Farg‘ona viloyati shtabi viloyat hududida kasallik yuqtirilganini rad etib, infeksiya 2 nafar fuqaroga Toshkent shahrida, 1 nafar fuqaroga Samarqandda yuqqan degan xulosaga kelgandi. Viloyat shtabi aholi orasida aniqlangan yangi holatlar bo‘yicha hozircha izoh bergani yo‘q.

Samarqand viloyatida aniqlangan 4 ta holatning barchasi koronavirusga chalinganlar bilan muloqotda bo‘lib, karantinga olingan fuqarolar orasida qayd etildi. Viloyatda koronavirus aniqlanishi bo‘yicha ko‘rsatkichlar kundan kunga ko‘payib borayotgandi. 1-iyul kuni 11 kishida, 3-iyul kuni 14 kishida, 5-iyul kuni 19 kishida va 8-iyul kuni 22 kishida kasallik qayd etilgandi. Endi esa kasallanishlar soni kamaydi.

Surxondaryo viloyatida aholi orasida 1 ta holat qayd etildi. Viloyatda 23-iyundan beri aholi orasida birinchi marta yangi holat aniqlandi. O‘shandan so‘ng Surxondaryoda aniqlangan 96 ta holatning bari karantindagilar orasida chiqdi.

Buxoro viloyatida 1 kishida koronavirus aniqlandi, ammo 2 kishi kasallikdan vafot etdi. 9-iyul kuni aniqlangan yagona holat aholi orasida qayd etildi. Viloyatda 1-iyul va 4-iyul kunlari ham aholi orasida kasallanish aniqlangan.

Xorazm viloyatida 1-iyuldan so‘ng yangi kasallanish holati ham, kasallikdan sog‘ayish ham kuzatilmayapti.

O‘lim holatlari va ahvoli og‘ir bemorlar

9-iyul davomida Sog‘liqni saqlash vazirligi Toshkent shahrida 2 nafar, Buxoro viloyatida 2 nafar, Jizzax va Surxondaryo viloyatlarida esa 1 nafardan, jami 6 nafar koronavirusga chalingan bemor vafot etganini xabar qildi.

Birinchi o‘lim. Afg‘oniston fuqarosi bo‘lgan 40 yoshli M.H.ni 2-3 kun davomida yo‘tal va tana harorati ko‘tarilishi bezovta qilgan. 21-iyun kuni tez tibbiy yordam chaqirtirilib, Buxoro viloyati yuqumli kasalliklar shifoxonasining reanimatsiya bo‘limiga yotqizilgan.

Bemorga COVID-19, ikki tomonlama pnevmoniyaning o‘ta og‘ir kechishi, nafas yetishmovchiligining 3-darajasi, yurak yetishmovchiligi tashxisi qo‘yilgan. Shifokorlar tomonidan standartlar asosida o‘tkazilgan reanimatsion muolajalarga qaramasdan bemor o‘tkir yurak-qon tomir va nafas yetishmovchiligidan vafot etgan.

40 yoshli afg‘onistonlik erkak koronavirusdan vafot etgan Buxorodagi uchinchi, O‘zbekistondagi 46-bemor bo‘ldi. Afg‘onistonlik erkak O‘zbekistonda koronavirus tufayli vafot etgan birinchi xorijlik ham bo‘ldi.

Ikkinchi o‘lim. Toshkentning Uchtepa tumanida yashovchi 83 yoshli Sh.T. ismli ayol 25-iyundan tana haroratining ko‘tarilishi, yo‘tal, hansirash va nafas siqishi bezovta qilgan. 28-iyun kuni esa koronavirus aniqlangan va Epidemiologiya, mikrobiologiya va yuqumli kasalliklar ilmiy tekshirish instituti klinikasiga yotqizilgan. Tos suyagi bo‘yinchasi singanligi sababli 30-iyun kuni 1-sonli shahar klinik shifoxonasiga o‘tkazilgan.

Unga COVID-19 og‘ir kechishi tashxisi qo‘yilgan. Kasallik ikki tomonlama pnevmoniyaning og‘ir kechishi, o‘tkir nafas va o‘tkir yurak-qon tomir yetishmovchiligi asoratlari bilan kechgan. Shuningdek, bemor ikki tomonlama gonartroz, ikki tomonlama koksoartroz kabi hamroh kasalliklar bilan ham og‘rigan.

Bemor bundan avval, ko‘p yillardan buyon gipertoniya kasalligi, yurak ishemik kasalligi bilan davolanib kelgan. 2019-yildan beri esa yotoq holatda bo‘lgan (tizza va tos-son bo‘g‘imlari osteoartrozi, 2020-yil 16-iyun kuni esa yiqilib tushishi oqibatida tos suyagi bo‘yinchasi singan). Biroq shifokorlar tomonidan standartlar asosida o‘tkazilgan reanimatsion muolajalarga qaramay, bemorning ahvoli keskin og‘irlashib, o‘tkir yurak-qon tomir va nafas yetishmovchiligidan vafot etgan. 83 yoshli ayol koronavirusdan vafot etgan Toshkentdagi 28, O‘zbekistondagi 47-bemor bo‘ldi.

Uchinchi o‘lim. Toshkent shahri Shayxontohur tumanida yashovchi 51 yoshli R.N. ismli erkakni so‘nggi 3-4 kun davomida hansirash bezovta qilgan. 4-iyul kuni Toshkent shahar tez tibbiy yordam shifoxonasiga yotqizilgan va COVID-19 infeksiyasiga namuna olinib, infeksiya bilan kasallanganligi tasdiqlangan. Ko‘krak qafasi rentgen tekshiruvidan o‘tkazilganda ikki tomonlama pnevmoniya aniqlangan.

Davolanish dinamikasida bemorning ahvoli og‘irlashib, nafas yetishmovchiligi va hansirash kuchaygan. Shundan so‘ng u 1-sonli shahar klinik shifoxonasining reanimatsiya bo‘limiga o‘tkazilgan. Bemor bundan avval epilepsiya kasalligi bilan nazoratda turgan, 2-guruh nogironi.

Shifokorlar tomonidan standartlar asosida o‘tkazilgan reanimatsion muolajalarga qaramay, bemorning ahvoli keskin og‘irlashib, o‘tkir yurak-qon tomir va nafas yetishmovchiligidan vafot etdi. 51 yoshli erkak koronavirusdan vafot etgan Toshkentdagi 29, O‘zbekistondagi 48-bemor bo‘ldi.

To‘rtinchi o‘lim. Jizzax shahrida yashovchi 28 yoshli M.O. ismli ayolning 22-iyun kunidan tana harorati ko‘tarilib, u uy sharoitida davolanib yurgan. Bemor ahvoli og‘irlashib, 4-iyul kuni tibbiyot xodimlariga murojaat qilganidan so‘ng undan COVID-19’ga namuna olingan va infeksiya bilan kasallanganligi tasdiqlangan. Unda ikki tomonlama bronxopnevmoniya, o‘tkir nafas yetishmovchiligi kuzatilgan.

Bemorda o‘tkir nafas yetishmovchiligi belgilari kuchayganligi sababli u sun’iy nafas oldirish apparatiga ulangan. Biroq ko‘rsatilgan reanimatsion choralarga qaramasdan bemorning holati keskin og‘irlashib, o‘tkir yurak-qon tomir va nafas yetishmovchiligidan vafot etdi. 28 yoshli ayol koronavirusdan vafot etgan Jizzaxdagi uchinchi, O‘zbekistondagi 49-bemor bo‘ldi.

Beshinchi o‘lim. Buxoro viloyatining Shofirkon tumanida yashovchi 53 yoshli N.S. ismli ayol 2020-yil 20-iyun kuni tuman tibbiyot birlashmasining yuqumli kasalliklar bo‘limiga yotqizilgan. 22-iyun kuni bemorning ahvoli og‘irlashib, tez tibbiy yordam avtomashinasida Buxoro viloyat ko‘p tarmoqli tibbiyot markazining jonlantirish bo‘limiga ko‘chirilgan. Unga COVID-19, ikki tomonlama pnevmoniya, o‘tkir nafas va o‘tkir yurak-qon tomir yetishmovchiligi tashxisi qo‘yilgan. Shuningdek, unda gipertoniya kasalligi ham qayd etilgan.

Shifokorlar tomonidan standartlar asosida o‘tkazilgan reanimatsion muolajalarga qaramasdan bemor o‘tkir nafas va yurak-qon tomir yetishmovchiligidan vafot etdi. 53 yoshli ayol koronavirusdan vafot etgan Buxorodagi to‘rtinchi, O‘zbekistondagi 50-bemor bo‘ldi.

Oltinchi o‘lim. Surxondaryo viloyati Muzrabot tumanida yashovchi 35 yoshli S.S. ismli erkak 28-iyun kuni tomog‘ida og‘riq sezgan, nafas yo‘llari yallig‘langan. Ammo hech kimga murojaat qilmay, uyida o‘zicha davolangan. 2-iyul kuni sog‘lig‘i yomonlashavergach, tuman tibbiyot birlashmasiga murojaat qilgan. Unda COVID-19 tasdiqlangach viloyat yuqumli kasalliklar shifoxonasiga yotqizilgan.

Unga COVID-19 og‘ir kechishi tashxisi qo‘yilgan. Kasallik bemorda ikki tomonlama pnevmoniya og‘ir kechishi, o‘tkir nafas, yurak-qon tomir yetishmovchiligi asorati bilan kechgan. Shuningdek, u qandli diabet, semizlik va surunkali piyelonefrit kabi hamroh kasalliklar bilan ham og‘rigan.

Shifokorlar tomonidan standartlar asosida o‘tkazilgan reanimatsion muolajalarga qaramay bemorning ahvoli keskin og‘irlashgan va u o‘tkir yurak-qon tomir va nafas yetishmovchiligidan vafot etgan. 35 yoshli S.S. koronavirusdan vafot etgan Surxondaryodagi uchinchi, O‘zbekistondagi 51-bemor bo‘ldi.

Ayni paytda tibbiyot muassasalarida davolanayotgan bemorlardan 42 nafari og‘ir, 10 nafari esa o‘ta og‘ir ahvolda.

Kasallikdan davolanish

9-iyul kuni 227 nafar fuqaro koronavirusdan sog‘aydi. Ulardan 203 nafari Toshkent shahri, 15 nafari Samarqand, 5 nafari Namangan va 4 nafari Buxoro viloyatlaridagi tibbiyot muassasalarida shifo topdi.

Hozirda kasallik qayd etilgan jami 11 564 nafar bemordan 7287 nafari sog‘ayib, davolanish ko‘rsatkichi 63 foizni tashkil etmoqda. Ikki kundan buyon bu boradagi ko‘rsatkich o‘zgarmayapti.

Koronavirusdan davolanayotganlar soni birinchi marta 4000 nafardan oshib ketdi. Hozirda 4226 nafar bemordan 3555 nafari Toshkentda davolanmoqda. Farg‘onada 8, Xorazmda 23, Jizzaxda 27, Navoiyda 33, Buxoroda 34, Qoraqalpog‘istonda 47, Namanganda 50, Samarqandda 54, Surxondaryoda 80, Andijonda 113 va Qashqadaryoda 202 nafar bemor qoldi.