“Andijon” klubi katta murabbiyi Diyor Mirzaboyev Coca-Cola Superliga 9-turi doirasida “Surxon”ga qarshi kechgan o‘yindan (0:1) so‘ng o‘z fikrlari bilan o‘rtoqlashdi.
“Birinchi bo‘lim to‘liq “Surxon” jamoasi ustunligida o‘tdi. Ikkinchi bo‘limda himoyachimiz chetlashtirildi. Bir narsaga tushunmadim, birinchi bo‘lib gol o‘tkazib yuborsak yoki bir kishi kam bo‘lib qolsak jamoa yaxshi o‘ynaydi, shekilli. Biz murabbiylarning aybimi yoki boshqa sababmi futbolchilarda ishtiyoq ko‘rinmadi, ularning ko‘zi yonmadi. “Surxon” jamoasini adolatli g‘alaba bilan tabriklayman.
Nima sababdan besh nafar himoyachi bilan o‘ynadik? Bu savolni bosh murabbiyga (Viktor Kumikov — izoh “Daryo”) berishimiz kerak. Hozirgi kundagi holatimizdan kelib chiqib himoyaviy o‘yin ko‘rsatyapmiz. Chunki, ikkita markaziy himoyachi bilan o‘ynasak raqiblar ko‘proq hujum uyushtirmoqda. Shuni oldini olgan holda, himoyaviy o‘yin namoyish etyapmiz”, — deya Mirzaboyev so‘zlarini keltirmoqda “Championat.asia”.
9-turdan so‘ng “Andijon” 5 ochko bilan 12-pog‘onada ketmoqda. Keyingi turda jamoa “Mash’al” bilan bahs yuritadi.
Yanada ko‘proq futbol va sport yangiliklaridan boxabar bo‘lishni istasangiz, “Daryo”ning Telegram’dagi rasmiy sport kanali — @Daryo_Sport24’ga obuna bo‘ling!
Izoh (0)