Futbol bo‘yicha Coca-Cola Superliga 9-turining dastlabki o‘yinida “Andijon” va “Surxon” jamoalari 12-iyul, yakshanba kuni o‘zaro bahs yuritdi.

Foto: PFL

Uchrashuvning 45-daqiqasida mehmonlar standart vaziyatdan so‘ng hisobni ochdi. Sherzod Karimovning uzatmasini Aleksandr Kasyan boshi bilan darvoza aniq yo‘llab, o‘yin taqdirini hal qilgan golga muallif bo‘ldi.

59-daqiqada maydon egalarining legioneri Emmanuel Arivchukvu ikkinchi sariq kartochkani olib, maydondan chetlatildi. Qolgan vaqtda hisob o‘zgarmadi.

Ma’lumot uchun, “Surxon” 1994-yildan buyon Andijonda g‘alaba qozona olmayotgandi. Shu tariqa Ravshan Haydarov shogirdlari 26 yillik noxush an’anaga chek qo‘ydi.

Mavsumdagi ikkinchi g‘alabasini qo‘lga kiritgan “Surxon” 7 ochko bilan 10-o‘ringa ko‘tarildi. “Andijon” (5) esa 12-pog‘onada qoldi.

Coca-Cola Superliga

9-tur bahsi

12-iyul, yakshanba

“Andijon” — “Surxon” 0:1

Gol: 0:1 – 45 Kasyan.

“Andijon”: Islombek Abdullayev, Farhod Mirahmatov, Xushnudbek Avilov (Qahramon Bahodirov, 76), Jamshid Hasanov (Artyom Litvyakov, 70), Farhod Bekmurodov, Emmanuel Arivchukvu, Mishel Ibe, Usmonali Ismonaliyev, Temur Usmonov (Baxtiyorjon Qosimov, 83), Jahongir Abdumo‘minov (Siroj Meliyev, 70), Dmitro Zozulya.

“Surxon”: Akbar To‘rayev, Abduqahhor Xojiakbarov (Husniddin G‘ofurov (1997), 76), Sherzod Karimov (Vladimir Bubanya, 90+3), Shavkat Salomov, Aleksandr Kasyan, A’zamjon Aliyev, Aziz Ibragimov (Sardor Sulaymonov, 78), Jahongir Mehmonov, Darko Stanoyevich, Behruz Shaydulov, Asror G‘ofurov.

Ogohlantirishlar: Okoro (47), Arivchukvu (52), Asror G‘ofurov (59), Kasyan (64).

Chetlatish:  Arivchukvu (59).

Yanada ko‘proq futbol va sport yangiliklaridan boxabar bo‘lishni istasangiz, “Daryo”ning Telegram’dagi rasmiy sport kanali — @Daryo_Sport24’ga obuna bo‘ling!