Koronavirus infeksiyasiga chalingan 64 yoshli toshkentlik bemor o‘tkir nafas va yurak-qon tomir yetishmovchiligidan vafot etdi. Bu haqda Sog‘liqni saqlash vazirligi xabar berdi.

Xabarda qayd etilishicha, Toshkent shahri Olmazor tumanida yashovchi 64 yoshli M.X. 1-iyul kuni qorinda va chap ko‘krak sohasida og‘riqlar kuchayganligi sababli Toshkent shahar tez tibbiy yordam klinik shifoxonasiga yotqizilgan.

U postxoletsistektomik sindrom, o‘tkir pankreatit, gastrit, surunkali kamqonlik, yurak ishemik kasalligi, stenokardiya tashxisi bilan davolangan. 3-iyul kuni esa bemorda nafas yetishmovchiligi belgilari kuchayganligi sababli reanimatsiya bo‘limiga o‘tkazilgan va COVID-19 infeksiyasiga namuna olingan.

Unga COVID-19, ikki tomonlama pnevmoniya, o‘tkir nafas yetishmovchiligi, o‘tkir respirator distress sindrom, postxoletsistektomik sindrom, o‘tkir pankreatit, gastrit, surunkali kamqonlik, yurak ishemik kasalligi, stenokardiya tashxisi qo‘yilgan.

Bemorning davolanishi davomida kunlik ahvoli mutaxassislar tomonidan doimiy nazoratga olingan. Biroq shifokorlarning standartlar asosida o‘tkazgan tezkor reanimatsion muolajalariga qaramasdan bemorning ahvoli keskin og‘irlashib, o‘tkir nafas va yurak yetishmovchiligidan vafot etdi.

Hozirgacha Sog‘liqni saqlash vazirligi koronavirus asoratlaridan 40 kishi vafot etganini ma’lum qilgandi, endilikda ularning soni 41 nafarga yetgan.

O‘zbekistonda 8-iyul soat 10:00 holatiga ko‘ra, koronavirus infeksiyasi qayd etilganlar soni 168 nafarga ko‘paydi va kasallanganlarning umumiy soni 10 838 kishiga yetdi.

Hozirda mamlakatda 3 986 nafar bemorga shifokorlar tomonidan belgilangan standartlar bo‘yicha davo choralari ko‘rilmoqda. Ulardan 24 nafari og‘ir, 13 nafari esa o‘ta og‘ir ahvolda.