O‘zbekistonda koronavirus infeksiyasi asoratlari oqibatida vafot etganlar soni 15 nafarga yetdi. Bu haqda Sog‘liqni saqlash vazirligi xabar bermoqda.

1957-yilda tug‘ilgan toshkentlik X. ismli ayolda 30-may kuni koronavirus infeksiyasi aniqlangan, u Toshkent tibbiyot akademiyasining ko‘p tarmoqli klinikasiga yotqizilgan edi.

“Reanimatsion muolajalarga qaramay, sun’iy nafas oldirish apparatida bo‘lgan bemor bosh miya qon aylanishining o‘tkir buzilishi, o‘pka-yurak yetishmovchiligidan vafot etdi”, — deyiladi SSV axborotida.

Qo‘shimcha qilishlaricha, 63 yoshli bu ayol 2020-yil yanvarida bosh miya qon aylanishining o‘tkir buzilishi (insult) tashxisi bilan davolangan. SSV axborotida ayol koronavirusni kimdan yuqtirib olgani ma’lum qilinmagan.

Avvalroq 31-may kuni tongda Toshkent tibbiyot akademiyasining ko‘p tarmoqli klinikasida davolanayotgan uch nafar bemorda o‘tkir nafas yetishmovchiligi kuzatilgani uchun ular reanimatsiyaga olingani haqida xabar berilgan edi.

Eslatib o‘tamiz, bungacha O‘zbekistonda koronavirus infeksiyasi asoratlari oqibatida 14 kishi vafot etgan edi. 31-may soat 17:00 holatiga ko‘ra jami 3583 kishi kasallangan bo‘lib, ularning 2837 nafari sog‘ayib ulgurgan.