Sog‘liqni saqlash vazirligi Navoiyda 38 yoshli erkakning koronavirus infeksiyasi asoratlari oqibatida vafot etganligi haqidagi xabarni tasdiqladi.

Vazirlik xabariga ko‘ra, Navoiy shahrida yashovchi 38 yoshli X.Sh. 2020-yil 2-iyul kuni koronavirus infeksiyasiga namuna topshirgan va uning kasalligi tasdiqlangan. Bemor shu kunning o‘zidayoq shifoxonaga yotqizilgan.

Unga COVID-19 infeksiyasi og‘ir kechishi, ikki tomonlama pnevmoniya, 1—2-darajali nafas yetishmovchiligi tashxisi qo‘yilgan.

Qo‘shimcha gipertoniya kasalligining 3-darajasi, arterial gipertenziya tashxisi ham qo‘yilgan. Kasallik o‘tkir yurak-qon tomir va nafas yetishmovchiligining 3—4-darajasi, o‘tkir bosh miya va o‘pka shishi kabi asoratlar bilan kechgan.

Bemor 2019-yildan buyon gipertoniya kasalligi bilan nazoratda turgan. Bemorning davolanishi davomida kunlik ahvoli mutaxassislar tomonidan doimiy nazoratga olingan.

Biroq shifokorlarning standartlar asosida o‘tkazgan tezkor reanimatsion muolajalariga qaramasdan bemorning ahvoli keskin og‘irlashib, o‘tkir yurak-qon tomir va nafas yetishmovchiligi, o‘tkir bosh miya va o‘pka shishi oqibatida vafot etdi.

Hozirgacha Sog‘liqni saqlash vazirligi koronavirus asoratlaridan 39 kishi vafot etganini ma’lum qilgandi, endilikda ularning soni 40 nafarga yetgan.