Toshkent shahrida istiqomat qiluvchi 70 yoshli Sh. ismli erkak 27-may kuni yo‘l-transport hodisasiga uchrab, tez tibbiy yordam mashinasida bosh miya yopiq jarohati dastlabki tashxisi bilan Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markaziga olib kelingan.
O‘sha paytda unda tana haroratining yuqoriligi va koronavirus alomatlari ko‘ringanligi sababli tahlil olinadi. O‘tkazilgan tekshiruv natijasida bemorda koronavirus infeksiyasi tasdiqlanadi. Shundan so‘ng unga ixtisoslashgan tibbiy yordam ko‘rsatish maqsadida Toshkent tibbiyot akademiyasi ko‘p tarmoqli klinikasiga yotqizilgan.
Sog‘liqni saqlash vazirligidan ma’lum qilishlaricha, bemor avvaldan bosh miya o‘smasi, yurak ishemik va gipertoniya kasalligi, gepatit, pnevmoniya, surunkali yurak, buyrak va jigar yetishmovchiligi tashxisi bilan davolanib kelgan.
“So‘nggi kunlarda bemorda nafas yetishmovchiligining kuchayishi natijasida ahvoli keskin yomonlashgan va sun’iy nafas oldirish apparatiga olingan. Ko‘rsatilgan reanimatsion muolajalarga qaramay, bemor miya shishi, o‘tkir nafas va yurak qon-tomir yetishmovchiligidan 6-iyun kuni vafot etgan”, — deyiladi SSV axborotida.
Bu fuqaro koronavirusning O‘zbekistondagi 17-qurboni bo‘ldi.