Toshkentda koronavirus infeksiyasini yuqtirib olgan 77 yoshli ayol vafot etdi, deya xabar bermoqda Sog‘liqni saqlash vazirligi matbuot xizmati.

Xabar berishlaricha, Toshkent shahrida istiqomat qiluvchi A. ismli ayol surunkali bronxit, o‘ng o‘pka atelektazi, gipertoniya kasalligi bilan 7-aprel kuni karantinga olingan. Tezkor diagnostik tahlillardan so‘ng bemorda koronavirus infeksiyasi aniqlangan.

Shundan so‘ng ixtisoslashgan tibbiy yordam ko‘rsatish maqsadida bemor Toshkent tibbiyot akademiyasining ko‘p tarmoqli klinikasiga o‘tkazilgan. Biroq ko‘rsatilgan tezkor reanimatsion muolajalarga qaramay, bemor 18-aprel kuni vafot etgan.

“Bemor koronavirus infeksiyasi asoratlari — ikki tomonlama bronxopnevmoniyaning og‘ir kechishi, o‘tkir nafas yetishmovchiligi va o‘pka shishidan vafot etdi”, — deyiladi Sog‘liqni saqlash vazirligi axborotida.

Bu O‘zbekistonda koronavirusga chalingan bemorning vafot etishi bilan bog‘liq beshinchi holatdir. Bungacha

vafot etgani ma’lum qilingan edi. Qo‘shimcha sifatida qayd etish joiz, 18-aprel soat 23:00 holatiga ko‘ra O‘zbekistonda koronavirus infeksiyasini yuqtirib olish bilan bog‘liq holatlar soni 1490 taga yetdi, 194 bemor sog‘ayib, reabilitatsiyaga olingan.

Bundan tashqari, xorijda 73 nafar o‘zbekistonlik koronavirusga chalingani ma’lum (eng ko‘p — 42 ta — kasallanish holati Rossiyada qayd etilgan); ularning kamida to‘rt nafari vafot etgan — uch nafari AQShda, bir nafari esa Rossiyada.