AQSh Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti bilan munosabatlarni butunlay to‘xtatdi. Bu haqda mamlakat prezidenti Donald Tramp e’lon qilgan, deb yozmoqda Reuters.
Trampning so‘zlariga ko‘ra, JSST talab qilingan islohotlarni amalga oshira olmagan. AQSh JSSTga homiylik qilishi uchun ishlatilgan mablag‘lar Vashington tomonidan boshqa tashkilotlarga yo‘naltiriladi, deya qo‘shimcha qilgan Tramp.
AQSh yetakchisining aytishicha tashkilotni garchi yiliga 40 million dollar mablag‘ o‘tkazsa ham Xitoy boshqarmoqda, AQSh esa har yili 450 million dollar mablag‘ ajratardi (CNBC nashridan iqtibos).
Tramp 19-may kuni JSST’dan Xitoydan mustaqil ekanini isbotlashni talab qilgan va agar tashkilot tuzilmaviy islohotlarga rozi bo‘lmasa, u holda moliyalashtirishni to‘xtatishini aytgandi.
Uning fikricha JSST COVID-19 pandemiyasi vaqtida o‘z majburiyatlarini bajarmagan, shuningdek, Xitoy taqdim etgan koronavirus infeksiyasi haqidagi ma’lumotlarni tekshirmagan.
Eslatib o‘tamiz, 15-aprel kuni AQSh JSSTni moliyalashtirishni to‘xtatishini e’lon qilgan. Oradan bir hafta o‘tgach, Xitoy JSSTga qo‘shimcha 30 million dollar ajratishi haqida xabar berilgan. Keyinchalik 26-aprelda AQSh davlat kotibi Maykl Pompeo esa Fox News telekanaliga bergan intervyusida Amerika JSSTni moliyalashtirish masalasiga boshqa qaytmasligi mumkinligini bildirgan. 17-may kuni AQSh prezidenti Donald Tramp Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotini moliyalashtirish qisman tiklanishi mumkinligini bildirgandi.
Izoh (0)