Samarqand va Surxondaryo viloyatlarida 7 nafardan, Buxoro va Andijon viloyatlarida esa 5 nafardan jami 24 nafar koronavirus infeksiyasiga chalingan bemor to‘liq sog‘aydi. Bu haqda Sog‘liqni saqlash vazirligi xabar berdi.
Xabarga ko‘ra, ular viloyatlar sog‘liqni saqlash boshqarmalari mas’ullari ishtirokida reabilitatsiyaga kuzatilgan.
Shu tariqa 26-aprel 21:00 holatiga ko‘ra, kun davomida 82 nafar bemorning koronavirusdan tuzalgani ma’lum qilingan va O‘zbekistonda COVID-19’dan forig‘ bo‘lganlar 789 nafarni tashkil etmoqda. Avval O‘zbekistonda 58 kishi koronavirusdan sog‘aygani va infeksiyadan tuzalganlarning soni 765 nafarga yetgani xabar qilingandi.
O‘zbekistonda 15-martdan buyon koronavirusga chalingan bemorlarning sakkiz nafari vafot etgan, xorijda 73 o‘zbekistonlikda koronavirus aniqlangan (infeksiya yuqtirib olganlarning eng ko‘p qismi — 42 nafari Rossiyada), ularning to‘rt nafari hayotdan ko‘z yumgan. 26-aprel 18:00 holatiga ko‘ra, koronavirus infeksiyasini yuqtirib olganlar soni 1869 nafarni tashkil qilgan.
Izoh (0)