Andijonda Agrosanoat majmui ustidan nazorat qilish inspeksiyasi Asaka tumani bo‘limi boshlig‘i 44 gektar yerni olib qo‘ymaslik uchun 10 ming AQSh dollari talab qilib, pora olayotgan vaqtida qo‘lga tushdi. Bu haqda Bosh prokuratura matbuot xizmati xabar bergan.
Xabarga ko‘ra Bosh prokuratura huzuridagi departamentning Andijon viloyati boshqarmasi hamda DXX viloyat boshqarmasi xodimlari bilan o‘tkazilgan tezkor tadbirda tadbirkorlik subyektlarini huquqlarini himoya qilish borasida “Q.E.” fermer xo‘jaligi ish yurituvchisi X.X.ning arizasiga asosan Agrosanoat majmui ustidan nazorat qilish inspeksiyasi Asaka tumani bo‘limi boshlig‘i vazifasini bajaruvchi B.M. arizachi X.X.dan ta’magirlik yo‘li orqali 10 ming AQSh dollari talab qilib, pullarni Agroinspeksiyaning ma’muriy binosi yonida vositachi orqali olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Ma’lum bo‘lishicha, B.M. fermer xo‘jaligiga tegishli bo‘lgan 44 gektar yer maydonida qishloq xo‘jaligi mahsulotlari to‘liq ekilmaganligini ro‘kach qilib, yerni olib qo‘yish bilan qo‘rqitgan.
Mazkur holat yuzasidan B.M.ga nisbatan Jinoyat kodeksining tegishli moddasi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Izoh (0)