Xitoy Sog‘liqni saqlash milliy komissiyasi so‘nggi bir sutka ichida Xitoyda 35 kishi koronavirus oqibatida vafot etgani haqida xabar berdi. Shunday qilib koronavirus oqibatida vafot etganlarning jami soni 2870 kishiga yetdi.
Ma’lum qilinishicha, vafot etganlarning 34 nafari Xubey provinsiyasidan, yana bir holat esa Xenan provinsiyasida qayd etilgan. Mamlakatda virusni yuqtirib olganlar soni 79 824 ming kishidan oshgan, 41 825 nafar bemor esa davolanishga muvaffaq bo‘lgan.
Hukumat Xitoyning materik qismidan tashqaridagi hududlarida 144 kasallanish: Gonkongda — 95 holat (2 nafar bemor vafot etgan), Makaoda — 10 ta holat, Tayvanda — 39 holat (bir nafar bemor vafot etgan) holati qayd qilinganini ma’lum qilgan.
South China Morning Post xabar berishicha, dunyo bo‘ylab koronavirus bilan kasallanish 85 956 holat qayd etilgan. Xitoydan keyin infeksiyaning ikkinchi yirik o‘chog‘i Janubiy Koreya hisoblanmoqda. U yerda 3150 nafar odam kasallangan. Italiyada 1128 holat (29 nafar bemor vafot etgan), Eronda 593 (43 nafar bemor vafot etgan) qayd qilingan.
Avvalroq. Toshkentga Janubiy Koreyadagi bir guruh o‘zbekistonlik evakuatsiya qilingani, hamda Uzbekistan Airways koronavirus sabab Tokio va Rim shaharlariga parvozlarni to‘xtatilgani haqida xabar berilgandi.
Izoh (0)