AQSh prezidenti Donald Tramp “Tolibon” jangarilari bilan bitim imzolash arafasida Amerika qo‘shinlarini Afg‘onistondan olib chiqish niyatini yana bir bor ma’lum qildi. “TASS”ning xabar berishicha, hujjat 29-fevral kuni Dohada imzolanadi.
“Agar ‘Tolibon’ jangarilari va Afg‘oniston hukumati o‘z majburiyatlarini bajarsa, bizda Afg‘onistondagi urushni tugatish va qo‘shinlarimizni uyga qaytarish uchun to‘g‘ridan to‘g‘ri yo‘l paydo bo‘ladi. Ushbu majburiyatlar ‘Al-Qoida’, IShID va AQShga zarar yetkazishga urinuvchi boshqa barcha terrorchilk tashkilotlaridan xoli bo‘lgan yangi Afg‘onistonda mustahkam tinchlik o‘rnatish yo‘lida muhim qadamdir. Oxir-oqibat bundan buyon qanday yashashni Afg‘oniston xalqining o‘zi hal qilishi kerak. Shu sababli biz tinchlik o‘rnatish va o‘z mamlakati uchun yangi kelajak qurishda afg‘on xalqini ushbu fursatdan foydalanib qolishga chaqiramiz”, — deyiladi Oq uy tomonidan tarqatilgan Donald Tramp bayonotida.
Shuningdek, Tramp prezidentlikka da’vogarlik qilgan vaqtida Amerika xalqiga qo‘shinlarini uyga qaytarishga va bu urushga chek qo‘yishga va’da berganini, buni amalga oshirishda katta yutuqlarga erishilayotganini ta’kidlagan.
Avvalroq Donald Tramp “Tolibon” jangarilari bilan kelishuv imzolashga tayyorligini bildirgani, unda Pompeo ham ishtirok etishi haqida xabar berilgan edi.
Izoh (0)