Siyosiy iqtisodiyotchi, Yaponiyaning Sukuba universitetida ijtimoiy innovatsiyalar bo‘yicha PhD yoqlagan ekspert Bahrom Rajabov “Daryo” uchun tayyorlagan tadqiqotida yangi o‘zbek parlamentining shakllanishi va dastlabki qadamlarini tahlil qilib, uning salohiyati va kelajagi haqida xulosalarini beradi.
Kirish
Hech kimga sir emas, avvallari xalq ichida parlament saylovlari unchalik jiddiy qabul qilinmas, saylovlardagi ishtirok va partiyalar haqida jamiyatimizda yillar davomida skepsis mavjud edi. Oliy majlisga esa ko‘proq immitatsion, real siyosiy kuchga ega bo‘lmagan organ deb qaralardi. Keling, skepsisdan biroz chetlashib, O‘zbekistonda hukumat o‘zgarganidan so‘ng, 2019-yili o‘tkazilgan saylovning avvalgi saylovlardan farqi bo‘ldimi, yo‘qmi, bir tahlil qilib ko‘ramiz. Material 2019-yil 22-dekabrdagi saylov qanday o‘tganining, uning natijasida tashkil etilgan parlamentning ilk qadamlarining, undan nimani kutish mumkin va mumkin emasligining tahliliga bag‘ishlanadi.Saylov qanday o‘tkazildi?
Nima o‘zgardi?Bu galgi parlament saylovi milliy qonunchilikka bir qator o‘zgarishlar kiritilganidan keyin bo‘lib o‘tdi. Masalan, o‘nlab saylov jarayoniga tegishli qonunlar qayta ko‘rib chiqilib, ular o‘rniga yagona Saylov kodeksi joriy etildi. Nodavlat tashkilotlar, mahalla vakillarining kuzatuvchi sifatida ishtiroki ta’minlandi hamda ular saylov uchastkasi a’zolari va chegaralarini belgilashda ishtirok etishi mumkin bo‘ldi. Shu bilan bir qatorda, qamoqxonadagi yoki hibsga olingan, ammo ijtimoiy xavf tug‘dirmayotgan shaxslar saylovda qatnashishi ta’minlandi.
Yana bir sezilarli o‘zgarish parlamentnig quyi palatasida ekologik harakatga ajratilgan kvota olib tashlanishi va 150 deputat to‘g‘ridan to‘g‘ri saylanishi bo‘ldi. Qolaversa, OAVda juda ko‘p marta ta’kidlanganidek, Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti (YeXHT) Demokratik institutlar va inson huquqlari byurosi (DIIHB) to‘laqonli missiyasi hamda YeXHT Parlament Assambleyasi delegatsiyasi ishtirok etgani saylovga va O‘zbekistonda ro‘y berayotgan o‘zgarishlarga katta qiziqish bildirdi. Saylov kunlari Yevropa mamlakatlaridan ko‘plab siyosatchilar va parlament a’zolari delegatsiya tarkibida O‘zbekistonga tashrif buyurdi. Bundan tashqari, MDH delegatsiyasi, ShXT va boshqa qator xalqaro kuzatuvchilar delegatsiyalari O‘zbekistonga keldi.
Mamlakatda faoliyat olib borayotgan elchixonalar va xalqaro tashkilot xodimlari ham saylovda kuzatuvchi sifatida ishtirok etishiga yo‘l ochib berildi.
Shuni aytish joizki, faqatgina YXHT/DIIHB saylov davomida mutlaq mustaqil kuzatuvni amalga oshiradi. Ushbu tashkilotning O‘zbekistonga jo‘natilgan ikkinchi to‘laqonli missiyasi (birinchisi 2016-yilgi Prezident sayloviga jo‘natilgandi) aynan Oliy Majlis saylovi qanday o‘tganini kuzatdi. Shu bilan birga, kuzatuvchilar missiyasi bu galgi saylovda o‘z vakillarini O‘zbekistonning barcha viloyatlariga jo‘natishga qaror qildi. Bu, avvalo, hukumatning ochiqroq siyosat olib borishiga, saylov shaffof bo‘lishiga ijobiy ta’sir o‘tkazdi. Qolaversa, qo‘shni mamlakatlar, xususan Afg‘oniston bilan munosabatlar yanada yaxshilangani, xavfsizlik choralari ko‘rilgani sabab Surxondaryo viloyatiga ham xalqaro kuzatuvchilarni yuborish sharoiti yaratildi.
Nima o‘zgarmadi?
Xalqaro kuzatuvchilarning parlament saylovlari bo‘lib o‘tayotgan jarayonga, qonunchilikdagi o‘zgarishlarga va umuman saylovlar o‘tgan muhitga xilma-xil, ba’zida esa bir-biriga teskari baholari kuzatildi. Bu bir tomondan tabiiy hol bo‘lsa, boshqa tarafdan bir-biriga qarama-qarshilik insonda turli savollar, shubhalar uyg‘otishi mumkin. Aslida kim qanday qilib kuzatuvlar olib bordi?
Subyektiv baholash va inson faktorini ushbu jarayondan olib tashlash uchun metodika kerak, albatta. Yuqorida takidlaganimdek, YXHT/DIIHBda ushbu metodika mavjud va sinalgan. MDH, ShHT yoxud boshqa kuzatuvchilarda bunday metodikani uchratmaganman. Agar xalqaro kuzatuvchilarning saylovga bag‘ishlangan oraliq nazoratlariga e’tibor qaratsak, ko‘pchiligi saylov muayyan jiddiy xatolarsiz o‘tganini aytdi. Faqatgina YXHT/DIIHB missiyasi o‘z oraliq hisobotida batafsil ravishda ba’zi muammo va kamchiliklarni aytib o‘tdi.
Saylov kampaniyasida bir qancha yangiliklar joriy etildi. Masalan, teledebatlar vaziyatni, avvalgidan farqli o‘laroq, jonlantira oldi. Umuman olganda, deputatlarning debatlarda, teleko‘rsatuvlarda ishtirokini eslash qiyin edi. Bu safar holat o‘zgardi. Nomzodlar, partiya rahbarlari turli iqtisodiy, siyosiy va ijtimoiy muammolarga qanday qarashini ayta boshladi, bu javoblar esa jamiyatda turli bahslarni keltirib chiqardi. Xalqaro kuzatuvchilar siyosiy jonlanish ro‘y berayotganini ta’kidlagan bo‘lsa-da, bir qator kamchiliklar, va hamon o‘zgarmagan jabhalar ham yo‘q emas. Masalan, saylov kampaniyasi tor doiralarda qiziqish uyg‘otgani (hisobot, 15-bet), saylovchilar bilan uchrashish imkoniyati faqatgina ruxsat olinganidan so‘ng amalga oshirilishi mumkinligi, kampaniya davlat budjeti hisobidan o‘tgani, bu pul nomzodlaga yetishmasligi, ammo boshqa manbalardan (masalan, siyosiy partiyani qo‘llab-quvvatlamoqchi bo‘lgan fuqarolardan) mablag‘ olish mumkin emasligi aytib o‘tildi (13-bet). Saylov o‘tkazish uchun davlat ajratadigan mablag‘ hajmi taxminan 8,12 milliard so‘m bo‘lgan. Shunda har bir partiya uchun taxminan 1,62 milliard so‘mdan to‘g‘ri kelgan (14-bet).
Siyosiy partiyalar kampaniya jarayonida siyosiy raqiblarining siyosiy platformalarini deyarli tanqid qilmadi, prezident siyosatini to‘liq qo‘llab-quvvatlashini takror-takror aytdi. Siyosiy raqobat ko‘zga tashlanmadi, ko‘proq an’anaviy elektoratlariga murojaat etib, asosan ijtimoiy va iqtisodiy muammolarni ko‘tarishdi. Siyosiy masalalar esa chetda qolib ketdi. Shu sabab saylov ma’lum ssenariy asosida o‘tgan degan fikrlar yangradi.
Ijroiya hokimiyati o‘ta kuchli bo‘lgan O‘zbekistonda ijtimoiy-iqtisodiy muammolarni yechish birlamchi vazifa sifatida turibdi, undan so‘ng hokimiyat vakillarida demokratik va siyosiy islohotlar amalga oshirilishi kerak degan fikr ham yo‘q emas. Demak, siyosiy tadbir bo‘lmish parlament saylovida aynan iqtisodiy va ijtimoiy masalalarga e’tibor berilgani ham bejiz emas va ijroiya hokimiyatining yondashuviga to‘liq mos kelib turibdi. Kuzatuvchilar saylov muhiti va jarayoni haqida to‘plagan ma’lumotlari ham ssenariy bo‘lgani rost bo‘lishi mumkinligini qisman tasdiqlaydi.
Saylovni tashkillashtirish va boshqarish aspekti ham ijobiy tarafga o‘zgarmayotgani ayon. YXHT/DIIHB missiyasi odatda saylovlarni taqqoslamaydi, ammo biz O‘zbekistonda bo‘lib o‘tgan saylovlarni solishtirib ko‘rsak, masalan, saylov uchastkalari a’zolarining ishida muayyan kamchiliklar ko‘zga tashlanib, bartaraf etilmay kelinayotgani ma’lum bo‘ladi. Masalan, so‘nggi parlament saylovida 130 ta kuzatilgan saylov uchastkalarda ovoz sanash jarayoni 42 foizi salbiy baholangan, 28 foiz vaziyatlarda o‘xshash imzolar saylovchilar ro‘yxatida topilgan, 23 foiz uchastkalarda vakolati bo‘lmagan shaxslar ovoz sanash jarayonida qatnashgan (hisobot, 21-bet).
Saylov komissiyalari a’zolari uchun o‘tkazilgan treninglar qanday tashkil etilgani yoki ular behuda ketgani haqida o‘rinli savollar paydo bo‘ladi. Bu jihat ham, afsuski, hozircha o‘zgarmagan. Saylov natijalarini tezlikda saylov uchastkalarida va keyinroq hududiy va markaziy komissiyalar tomonidan e’lon qilish masalasi ham YXHT/DIIHB va Markaziy saylov komissiyasi o‘rtasida muhokama qilingan. Ma’lumotlarni yig‘ish, ularni tabulyatsiya qilish va tezlikda ommaga yetkazish saylov shaffof o‘tishining garovidir.
Saylov natijalari. Siyosiy ishtirok yoki absenteizm, partiyalar vakillari kuzatuvi
Britaniyaning nufuzli jurnali The Economist O‘zbekistonni eng jadal sur’atlarda har tomonlama yaxshilangan mamlakat deb atagan bo‘lsa-da, saylovga kelganda u “yarim jiddiy” ruhda o‘tgan deb yozdi.Xalqaro kuzatuvchilarning hisoboti va xulosalari shuni ko‘rsatmoqdaki, saylov siyosiy raqobat ruhida o‘tmadi. Yana bir kuzatilgan holat, siyosiy partiyalardan kuzatuvchilarning saylovdagi ishtiroki. YXHT/DIIHB missiyasining kuzatuvchilari bergan ma’lumotga ko‘ra, ular kuzatgan saylov uchastkalarda saylov uchastkalarining ochilishi yoki ovozlarni hisoblash paytida barcha siyosiy partiya vakillari ishtirok etmagan. Saylov uchastkasida bo‘lganlari esa jarayonga qiziqish bildirmagan. Har bir ovoz uchun kurashishi lozim bo‘lgan siyosiy kuch vakillari uchun bu qiziq holat, shunday emasmi?
Markaziy saylov komissiyasining hisoboti bo‘yicha, saylovda 71,1 foiz saylovchi qatnashgan va bu hozircha O‘zbekistondagi saylovlarda ishtirokning eng past ko‘rsatkichidir. Raqam mamlakatda absenteizm yoxud saylovda ishtirok etmaslik shukuhi yo‘qmikan degan o‘rinli savollarni tug‘diradi. Siyosiy nazariyada siyosiy absenteizm degan tushuncha saylovda ma’lum sabablarga ko‘ra ixtiyoriy ishtirok etmaslik degani. Ko‘pincha buning zamirida siyosiy sabablar yotadi. Bu normal holat. Ba’zan saylovchilarning saylovga umuman qiziqishi bo‘lmasligi ham mumkin. Bu vaziyatda siyosiy sabablar mavjud bo‘lishi shart emas. Siyosiy absenteizm aslida siyosiy ishtirokning bir turidir. Muammo faqat saylovda ishtirok etmaslikka qaror qilish sabablarida bo‘lishi mumkin. Agarda sabab saylov institutiga ishonmaslikda bo‘lsa, bu muammo, va saylanadigan partiya va nomzodning legitimligini so‘roq ostiga qo‘yishi mumkin.
Partiyalarning parlamentda mandatlari soni (taqqoslash)
Keling endi saylangan deputatlarning necha foizi qayta saylangani va qaysi partiyaga mansubligini ko‘rib chiqsak. Demak, 2019-yilda parlament Qonunchilik palatasi saylovida atigi 30 foiz nomzod amaldagi deputat edi (hisobot, 2-bet). Bu parlament quyi palatasining 70 foiz a’zolari yangilanishini anglatadi.Ammo yangi saylangan Oliy Majlis quyi palatasining partiyalar egallagan mandatlarni 2015–2019-yillardagi raqamlar bilan taqqoslasak, Rihard Shmidt tahlili bo‘yicha “Milliy Tiklanish” partiyasi va Ekopartiya mandatlarida o‘zgarish ro‘y bermagani, XDP beshta mandat yo‘qotgani, “Adolat” SDP to‘rtta, O‘zbekiston Liberal-Demokratik Partiyasi bitta qo‘shimcha mandat olgani namoyon bo‘ladi.
Demak, sonlardagi kichik o‘zgarishlarni nazarga olmasak, keskin o‘zgarishlar bu yerda ham kuzatilmayapti. Hech bir siyosiy partiya parlamentda o‘zboshimchalik bilan qaror qabul qilolmaydi. Ammo O‘zLiDep milliy qonunchilikka binoan bosh vazir nomzodini ko‘rsatish huquqiga ega bo‘ldi. Bu yerda ham qiziq bir holat: partiya nomzodni ko‘rsatishi mumkin, lekin nomzodni boshqa partiyalar qo‘llab-quvvatlamasa-chi? Eslatib o‘taman, O‘zLiDepda 150 ta deputatlik o‘rnidan atigi 53 ta mandat bor. Demak, partiya koalitsiyaga borishi shart. Bu normal holat. Boshqa davlatlarda ham partiyalar oldindan muzokaralar olib borib, nomzod haqida kelishadi. So‘ng parlamentda bu nomzod ilgari suriladi. Biz bu jarayonni kuzatmadik. Partiyalardan bosh vazirlikka nomzod aynan nomzodga ovoz berish pallasida muhokama qilindi va taqdim etildi. Saylovdan avval boshqa nomzodni ko‘rsatmoqchi bo‘lgan partiya ham o‘zgacha fikr bildirgani kuzatilmadi.
Saylovdan keyingi ilk qadamlar
Parlamentga bo‘lgan ishonch xalq ichida yuqori emasligi haqida gaplar tarqalgani rost. Masalan, jurnalist va bloger Nikita Makarenko “Mening fikrim” platformasida joylangan va Toshkentda daraxt kesilishiga qarshi bo‘lgan petitsiya Oliy Majlis quyi palatasi tomonidan ko‘rib chiqilib, qo‘llab-quvvatlanmaganidan so‘ng Oliy Majlis odamlarning ovozini eshitish va istagini qondirishga kuchi yetmasligini takidlaydi. Yangi saylangan parlament boshqacha bo‘lishiga ishonch bormi? Saylanganidan keyin deputatlar nima karomat ko‘rsatdi, degan o‘rinli savollar berilishi esa tayin gap.Bu savollarga javob izlab, avvalo, Oliy Majlis quyi palatasining veb-saytiga yuzlanamiz. Saytdan ma’lumki, deputatlar qonun loyihalarni ishlab chiqish, hisobotlarni tinglash, parlamentdagi fraksiyalarning pozitsiyasini belgilash bilan mashg‘ul. Demak, parlament ishlayapti degan xulosa kelib chiqyapti.
Savolni biroz boshqacha qo‘ysak-da, deputatlar saylanganidan keyin xalq vakillari sifatida qanday tashabbuslar bilan chiqishganiga nazar tashlasak. OAVda yoritilgan ilk tashabbuslardan biri Oliy Majlis atrofini o‘rab turgan panjara olib tashlanishi bo‘ldi. Bu tashabbusni barcha siyosiy partiyalar ilgari surgan. Albatta, g‘oya amalga oshsa (panjara hamon olib tashlanganicha yo‘q), Oliy Majlis xalqqa biroz bo‘lsa-da ochiq ekanining ramziy shaklda ifodalarmidi.
Siyosiy partiyalarga mansub deputatlar va partiya rahbarlari ham juda faol bo‘lmoqda. Masalan, “Milliy tiklanish” partiyasi yetakchisi va quyi palataning spiker o‘rinbosari Alisher Qodirov bildirgan ikkita fikr ijtimoiy tarmoqlarda, bloger, jurnalistlar va ba’zi ekspertlar tomonidan muhokama qilinyapti. Birinchisi, Alisher Qodirov o‘zbek tiliga bag‘ishlangan Xalqaro press-klub anjumanida Qozog‘istonda qozoq tilini bilmaganlar davlat ishiga qabul qilinmasligi haqida bildirgan fikri bo‘lsa, ikkinchisi yaqindagina ijtimoiy tarmoqlarda Oltinsoy voqealari sabab aytgan “Mendan hech narsa kutmang, meni saylamagansiz” degan gaplari bo‘ldi. Deputatning bu ikkala gapiga, menimcha, yetarli fikrlar, izohlar va tanqidlar berib bo‘lindi.
Mavzuga doir:
Mavzu nuqtai nazaridan qaraydigan bo‘lsak, shov-shuvli gaplar deputatlar va milliy parlamentimizga xalqning e’tiborni qaratsa-da, parlamentga ishonchni oshirmayapti. Masalan, Germaniyaning Bundestagi xalq uchun deyarli har doim ochiq, istalgan fuqaro navbatda turib, katta muhokamalar zalida ajratilgan joyga o‘tib muhokama va tortishuv jarayonini kuzatishi mumkin. Bundestag binosida ekskursiyalar uzluksiz davom etadi.
Bizning deputatlarga kelsak, ularning OAV va ijtimoiy tarmoqlarda xalq bilan muloqoti, biz ularni taniyotganinmiz ijobiy holat deb bilaman. Ular uchun ham bu yangi holat, ular tomoshalarsiz, uyushtirilgan uchrashuvlarsiz, real muloqotga o‘rganyapti. Bu jarayon davom etishini istardim. Deputatlar va boshqa amaldorlar ommaviylikka o‘rganib, xatolarini tan olib (Alisher Qodirov tanqidlarni rad etdi, masalan), rivojlanib borsa, nur ustiga a’lo nur.
Muammoimiz shundaki, menimcha, deputatlar ba’zida xalq vakili ekanini esdan chiqarib qo‘yadi. Elektorat manfaatlari uchun gaprishi va ishlashi kerak ekanini unutishadi, ularning fikri ijro hokimiyati bilan bir joydan chiqadi. Ular gapirganda xalq dardidan yiroq amaldorlarga o‘xshab qoladi. Rivojlangan davlatlardagi vaziyat shu jihatdan ham farq qiladi – bu kabi vaziyatlarda deputatlar odatda saylovchilar tarafini oladi.
Bu vaziyatni o‘zgartirish uchun saylov sifatan o‘zgarishi, deputat mandatini saylovchidan olishini sezib, bilib turishi kerak.
Xulosa
O‘zbekistonda 2019-yilgi parlament saylovi muayyan qonuniy va tashkiliy yangilik va o‘zgarishlar bilan avvalgi saylovlardan farq qildi. Biroq quyidagilar hamon parlamentni to‘liq yangilanishiga va mustaqil siyosiy kuch bo‘lishiga to‘sqinlik qilmoqda:- yangi siyosiy partiyalar ro‘yxatdan o‘tishi qiyin (hatto NTTni ro‘yxatdan o‘tkazish muammoligi haqida qator maqolalar yozilgan);
- mustaqil nomzodlar saylovda qatnashish imkoniyatiga ega emas;
- fuqarolarning erkin to‘planish huquqi to‘liq ta’minlanmagan (mahalliy boshqaruv organidan, IIVdan ruxsat so‘rash kerak);
- 2015–2019-yilgi parlament bilan taqqoslaganda, partiyalarning mandatlar soni deyarli o‘zgarmagan. Partiyalar hozircha mustaqil va o‘zaro kelishgan holda ishlayotganlari haqida faktlar o‘z tasdig‘ini topgani yo‘q;
- 2019-yilgi saylov natijasida saylangan deputatlar hozircha jamiyatda dolzarb bo‘lib turgan masalalarga yechim topayotgani yo‘q, aksincha, shov-shuv va janjallarga aralashib qolmoqda. Bu deputatlik korpusi ishiga xalq tomonidan ijobiy baho berilmayotganiga yoki deputatlarning faoliyatiga nisbatdan befarqlikka olib kelmoqda. Kelajakda bu holat davom etsa, saylovoldi absenteizmning kuchayishiga olib kelishi mumkin. Natijada deputatlar o‘z saylovchilarning, ular mansub bo‘lgan ijtimoiy qatlamlarning manfaatlarini himoya qila olmasalar, Oliy Majlis real kuchga ega bo‘lmagan immitatsion organ bo‘lib qolish ehtimoli katta.
Izoh (0)