Kitob tumanidagi Shut qishlog‘i aholisi kuchli qor yog‘ib, yo‘llar yopilib qolganligi sababli qamalda qoldi. Nasafnews nashri manziliga yuborilgan murojaatda aholi shu kunlarda katta qiyinchiliklarga duchor bo‘layotgani yoziladi.
Ma’lum bo‘lishicha, Hazrat Sulton tog‘larining cho‘qqisida joylashgan qishloqda 50 xo‘jalik istiqomat qiladi. Qishloq tuman markazidan 105 kilometr uzoqlikda joylashgan.
“8 yil qog‘ozbozlik bilan hech nimaga erishmadik. Shuncha balandlikdan qichqirsak ham dodimiz hech kimga yetmadi. Yo‘llarimizni bir metrdan ko‘p qalinlikda qor yopib, mashinalar harakatlanishining imkoni qolmaydi. Biz uchun 7,5 kilometr bo‘lgan dara orqali yo‘lni ochib berish nahotki muammo bo‘lsa? Hatto bir marotaba bo‘lsa ham tuman FV mutasaddilari vaziyatni borib o‘rganishmadi. Prezident portaliga borib qilgan murojaatimizga ham viloyat va Kitob tumani hokimliklari bir parcha javob xati bilan qo‘ynimizni puch yong‘oqqa to‘ldirishdi. Eng achinarlisi, voqelikni ko‘rmasdan, o‘rganmay, bilmay turib, ‘qishloq ahli bilan bu masalada o‘z joyiga borib suhbatlashdik’, deya yolg‘ondan bayonot berishlariga nima deysiz?” — deyiladi yuborilgan murojaatda.
Nasafnews vaziyatga oydinlik kiritish maqsadida Kitob tumani hokimligi bilan bog‘landi.
Hokimlik axborot xizmati bergan ma’lumotda aytilishicha, aholiga yo‘l qurib berish uchun 13 milliard so‘mdan ko‘proq mablag‘ kerak, mahalliy budjetdan esa buncha mablag‘ ajratishning imkoni yo‘q. Shu bois muammoni yechishning boshqa choralari usida bosh qotirilmoqda.
Izoh (0)