30-yanvar kuni soat 11:40 da “Yangi Angren” issiqlik elektr stansiyasi (IES)da elektr energiyasini ishlab chiqarishga mo‘ljallangan 4-sonli energoblokda nosozlik yuzaga kelishi natijasida 170 megavatt quvvat bilan to‘xtatilgan.
Shu vaqtda qozon agregatining tom qismida yong‘in yuzaga kelib stansiyaning tezkor xodimlari tomonidan birlamchi o‘t o‘chirish vositalari qo‘llanilgan va o‘t o‘chirish brigadasi jalb qilingan. Soat 14:00 da yong‘in bartaraf etilgan.
“Jabrlanganlar mavjud emas”, — deya xabar bermoqda Energetika vazirligi matbuot xizmati.
Ayni paytda energoblok ta’mirga chiqarilgan va nosozlikni bartaraf etish choralari ko‘rilmoqda. Mazkur holatni o‘rganish yuzasidan maxsus komissiya tashkil qilingan. Ayni paytda mazkur stansiyaning uchta energobloki jami 580 megavatt quvvat bilan ishlamoqda.
“Shu munosabat bilan, iste’molchilarga shuni ma’lum qilamizki, O‘zbekistonning ayrim hududlarida elektr ta’minotida ma’lum vaqt oralig‘ida uzilishlar kuzatilmoqda. Ta’mirlash ishlari qisqa fursatlarda yakunlanib, elektr energiyasi ta’minoti yaxshilanishi ta’minlanadi”, — deyiladi rasmiy axborotda.
Yuqoridagilardan kelib chiqib, Energetika vazirligi iste’molchilardan keltirilgan noqulayliklar uchun uzr so‘ragan.
Izoh (0)