Samarqandda avtomobil oynasini “qoraytirish”ga ruxsat beruvchi ruxsatnomani soxtalashtirgan fuqaro aniqlandi, deb xabar beradi viloyati IIB axborot xizmati.
Samarqand viloyati IIB YHXB tomonidan 2019-yil 29-dekabr kuni soat 15:30 larda Samarqand shahar Rudakiy ko‘chasida xizmat olib borayotgan YPX inspektori, Lacetti rusumli avtomobilni to‘xtatgan.
Avtotransport vositasining hujjatlari ko‘zdan kechirilganda, uning oynalarining tusini o‘zgartirishga ruxsat beruvchi AA seriyali 0048310 raqamli ruxsatnoma inspektorda shubha uyg‘otgan.
Olib borilgan dastlabki surishtiruv jarayonida AA seriyali 0048310 raqamli ruxsatnoma Nexia-3 avtomashinaga berilgan bo‘lib, Lacetti haydovchisi ushbu ruxsatnomani nusxa ko‘chirish yo‘li bilan soxtalashtirganligiga iqror bo‘lgan.
Haydovchining harakatlarida Jinoyat kodeksining 228-moddasida (“Hujjatlar, shtamplar, muhrlar, blankalar tayyorlash, ularni qalbakilashtirish, sotish yoki ulardan foydalanish”) ko‘rsatilgan jinoyat alomatlari mavjudligi sababli unga nisbatan to‘plangan hujjatlar qonuniy qaror qabul qilishlik uchun Samarqand shahri bo‘yicha IIO FMB tergov bo‘limiga yuborilgan bo‘lib, holat yuzasidan dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, transport vositalari haydovchilari va yo‘lovchilar, shu jumladan, respublika hududiga tashrif buyuradigan turistlar uchun qulay shart-sharoitlar yaratish maqsadida Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 18-iyulda “Tusi o‘zgartirilgan (qoraytirilgan) oynali yengil avtotransport vositalaridan foydalanishni tartibga solish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq yengil avtomobillarning orqa, yon oynalari tusining yorug‘lik o‘tkazuvchanligi cheklanmagan darajada, old yon oynalarining yorug‘lik o‘tkazuvchanligi 50 foizdan kam bo‘lmagan darajada qoraytirish belgilangan.
Izoh (0)