O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi raisi Ulug‘bek Inoyatov besh kishidan iborat oilani boqish uchun bir oyda 2,5 million so‘m yetishi haqidagi fikrini o‘zgartirmadi. Bu haqda partiya rahbari “Sevimli” telekanalining “Zamon” axborot dasturiga bergan intervyusida ma’lum qilgan.
“Men iste’mol savatchasining faqat oziq-ovqat qismi uchun javob berdim. Bugungi kunda 500 ming so‘mga bitta odamni bir oy davomida bemalol oziqlantirishi mumkin”, — dedi XDP rahbari intervyuda.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi raisi 10-noyabr kuni Toshkentda siyosiy partiyalar vakillari ishtirokida o‘tkazilgan 4 raundli “Demokratik debat”da iste’mol savatchasi haqidagi savolga javob bergan edi. O‘shanda u Toshkentda 2,5 million so‘m oylik oluvchi bir nafar boquvchi 5 kishidan iborat oilani boqishi mumkin, degan fikrni bildirgan edi. Bu bayonot turli bahslarni yuzaga keltirdi. Shundan so‘ng, partiya Markaziy Kengashi sektor mudiri Ravshan Xomitov bu fikrga izoh berib, partiya rahbari oilaning barcha xarajatlarini emas, balki faqat oziq-ovqat mahsulotlarini xarid qilishni nazarda tutganini aytib o‘tdi.
Izoh (0)