O‘zbekistonning Rossiyadagi elchixonasi konsullik bo‘limi Moskva shahridagi L.A.Voroxobov nomli 67-son shahar klinik kasalxonasining reanimatsiya bo‘limida avgustdan buyon komada yotgan Rossiya Xalqlar do‘stligi universiteti talabasi, O‘zbekiston fuqarosi O‘lmasxon Bahronov vafot etgani to‘g‘risida OAVda tarqalgan xabarni tasdiqladi. Bu haqda TIV matbuot xizmati xabar berdi.
“Elchixona O‘zbekiston Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi Tashqi mehnat migratsiyasi masalalari agentligining Moskva shahridagi vakolatxonasi bilan birgalikda marhumning yaqinlariga konsullik-huquqiy va tashkiliy masalalarni hal qilishda yordam berdi va 14-noyabr kuni hamyurtimizning jasadi vatanga yuborildi”, — deyiladi xabarda.
Mazkur vaziyat elchixonaning doimiy nazoratida bo‘lgan, Rossiya Sog‘liqni saqlash vazirligi ko‘magida yuqori malakali mutaxassislar jalb qilingan, Bosh prokuraturaga tekshiruv o‘tkazishni so‘rab rasmiy so‘rov yuborilgan. Ayni paytda Rossiya huquqni muhofaza qiluvchi organlari tomonidan shifokorlarning xatti-harakatiga huquqiy baho berish maqsadida tekshiruv o‘tkazilmoqda.
Avvalroq O‘lmasxonning vafot etgani haqida uning amakisi Farruhxon Shukrullayev Facebook orqali ma’lum qilgandi. O‘lmasxon noto‘g‘ri belgilangan dori vositasi sababli komaga tushgani haqida xabar berilgandi. Yigit onasining ta’kidlashicha, shifokor O‘lmasxonni giyohvand modda qabul qilishda gumon qilib, unga galoperidol buyurgan. Vosita kiritilgandan keyin O‘lmasxonning yuragi to‘xtab qolgan.
Izoh (0)