Toshkent – Samarqand yo‘nalishida harakatlanayotgan avtomobil salonidagi yo‘lovchi ayol bezovtalana boshlagach, haydovchi “Manas-14” yo‘l-patrul xizmati maskanida avtomashinani to‘xtatdi.
M-39 “Olmaota – Toshkent – Termiz” avtomobil yo‘lining Jizzax viloyati hududidan o‘tuvchi 939-kilometrida joylashgan “Manas-14” yo‘l-patrul xizmati maskani inspektorlari ayolni zudlik bilan postda tashkil etilgan tibbiy yordam ko‘rsatish xonasiga olib kirdi. Homiladorlikning so‘nggi paytida bo‘lgan yo‘lovchi X.Q. shu yerda ko‘zi yorib, qiz farzandli bo‘ldi.
YPX maskanida uzoq masofaga harakatlanuvchi haydovchilarga tibbiy yordam ko‘rsatish maqsadida tashkil etilgan tibbiy xizmat ko‘rsatish xonasi yangi mehmonning dunyoga kelishiga ko‘maklashdi. Shu kuni ona va bola sog‘-salomat manzillariga yetib oldi.
Viloyat IIB yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi xodimlari qizaloq va onasining keyingi salomatligini bilish maqsadida X.Q xonadoniga borib keldi. Ona-bola sog‘lom. Oila inspektorlarga minnatdorlik bildirdi.
Izoh (0)