Samarqand shahrida “Moddiy va nomoddiy madaniy merosni asrash: dolzarb muammolari va ularni hal qilish strategiyasi” mavzusida xalqaro konferensiya bo‘lib o‘tmoqda.
Bosh vazir Abdulla Aripov Prezident Shavkat Mirziyoyevning konferensiya qatnashchilariga tabrigini o‘qib eshittirdi.
“130 dan ortiq millat va elat vakillari tinch-totuv yashab kelayotgan mamlakatimizda milliy madaniyatlar va an’analarning xilma-xilligi, zamonaviy O‘zbekistonning noyob madaniyatini hosil qildi. Mamlakatda, ayniqsa, keyingi yillarda xalqimizning moddiy va nomoddiy merosini saqlab bo‘yicha aniq maqsadga yo‘naltirilgan katta ishlar amalga oshirilmoqda. Bu ishlarning ijobiy natijalarini Samarqand misolida o‘zingiz ko‘rishingiz mumkin”, — deyiladi davlat rahbari tabrigida.
Tabrikda Prezident ushbu konferensiyani o‘tkazishni qo‘llab-quvvatlagani va shaxsan ishtiroki uchun BMTning Ta’lim, fan va madaniyat masalalari bo‘yicha tashkiloti (YuNESKO) bosh direktori Odri Azule xonimga minnatdorchilik bildirgan.
Ma’lumot uchun, Samarqandda o‘tkazilayotgan xalqaro konferensiya hamda “Sharq taronalari” musiqa festivali YuNESKO shafe’ligida tashkil etilmoqda.
Izoh (0)