Navoiy shahrining Gulbog‘ ko‘chasida yashovchi 48 yoshli J.P. ismli ayol 19-iyul kuni IIBga murojaat qilib, uning 12 yoshli qizining sog‘lig‘ini tiklash uchun to‘planayotgan pulni noma’lum shaxs o‘g‘irlab olganini ma’lum qilgan. Bu haqda IIV xabar bermoqda.
Ma’lum bo‘lishicha, jabrlanuvchining qizi G.A.ning sog‘lig‘ini tiklash uchun moddiy yordam kerakligi to‘g‘risida Telegram’dagi “Bemor bolajon” kanaliga e’lon berilgan.
3-iyuldan 4-iyulga qadar bo‘lgan vaqt oralig‘ida noma’lum shaxs +99890-362-**-** telefon raqamidan e’lon bo‘yicha J.P.ga qo‘ng‘iroq qilgan va qizning sog‘lig‘ini tiklash uchun o‘z hisobidan pul mablag‘larini hayriya qilmoqchiligini aytgan.
“U aldov yo‘li bilan ayolning ishonchiga kirgan va undan plastik kartasi maxfiy kodini olib, uning kartasidan 6 090 300 so‘m pulni yechib olgan”, — deyiladi IIV axborotida. Holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan edi.
Qayd etishlaricha, ko‘rilgan choralar natijasida ushbu jinoyatni Farg‘ona viloyati Qo‘qon shahar Navoiy ko‘chasida yashovchi 20 yoshli B.M. sodir etganligi aniqlanib, ushlangan. Tergov harakatlari davom etmoqda.
Izoh (0)