DXX Namangan viloyat boshqarmasi hamda viloyat IIB hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida “Barkamol avlod” sport majmuasi paviloniga soxta hujjatlar bilan (biometrik pasport va test sinovlariga kirish uchun DTM ruxsatnomasidagi rasmlarni almashtirib) “mijoz” abituriyentlar o‘rniga kirayotgan 3 nafar talaba — Toshkent axborot texnologiyalari universiteti, Namangan davlat universiteti va Namangan muhandislik texnologiya institutining talabalari aniqlandi. Bu haqda “Daryo”ga jurnalist Oqilxon Dadaboyev ma’lum qildi.
O‘rganish davomida abituriyentlarni noqonuniy yo‘llar bilan o‘qishga kirishini tashkillashtirgan shaxs 1985-yilda tug‘ilgan, Norin tumanida yashovchi A. D. ekanligi aniqlandi va u tezkor tadbir davomida qo‘lga olindi.
Aniqlanishicha, A. D. “mijoz” abituriyentlarni 3,5 ming AQSh dollari evaziga o‘qishga kiritib qo‘yishni va’da qilgan. “Kalla” bo‘lishga so‘z bergan talabalarga ularga biriktirilgan “mijoz” shartnoma asosida o‘qishga kirsa, 800 AQSh dollari, “grant”ga kiradigan bo‘lsa 1 200 ming dollari berishini aytadi.
Reyd davomida ayrim “kalla”larga test kuni “mijoz”ning soxta pasporti va ruxsatnomasi bilan birga kelishilgan pullar berilganligi aniqlandi.
Hozirda mazkur holat yuzasidan A.D.ga nisbatan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.
Izoh (0)