Samarqandda bo‘lib o‘tgan sunnat to‘yda mehmonlarga kitob tarqatilgani haqida “Samarqand” gazetasida maqola e’lon qilindi, deb yozadi Zarnews.
Muallifni yaqin do‘stlaridan biri farzandlarining sunnat to‘yiga taklif qilgan.
“Boshlovchi to‘y bolalarni olqishlar ekan ularning barchasini sahnaga taklif qildi. To‘y qilayotgan do‘stimiz ikki nafar farzandini, uning ikki ukasi esa bittadan o‘g‘lini sunnat qildirayotgan ekan. Bolajonlar sahnaga chiqib kelishdi. Boshlovchining chorlovi bilan bolajonlarga to‘y sovg‘alari ulashish uchun amaki-yu tog‘alar, amma-yu xolalar, bobo-yu momolar birma bir sahnaga chiqishdi. Bizni hayratga solgani bolajonlarga berilgan to‘y sovg‘alarining asosiy qismini kitoblar jamlanmalari tashkil qilgandi”, — deyiladi maqolada.
- Mana, bolajonlarning bobosi ularga nima sovg‘a qildi, ko‘ramiz, — dedi boshlovchi baland va hayajonli ovozda. – Qoyil, otaxonga olqishlar, yashang ota, nabiralarning huzurini ko‘ring. Otaxonimiz nabiralariga kitoblar jamlanmasi sovg‘a qilibdilar. “Sariq devni minib”, “Shum bola”, “Hayotga muhabbat”, “Bahor qaytmaydi”, “O‘tkan kunlar” va boshqalarni sovg‘a qilibdilar. Rahmat otaxon! Rahmat!
“Boshlovchi to‘y bolalarni gapga soldi biri o‘zi qiziqqan soha haqida gapirdi, ikkinchisi she’r aytdi, uchinchisi qo‘shiq kuyladi. Xullas, men to‘yda o‘tirganimni esimdan chiqaribman. To‘y haqiqiy ma’naviy-ma’rifiy tadbirga ulanib ketdi”, — deb yozadi muallif.
To‘y nihoyalab qolganida esa har bir mehmonga bittadan kitob tarqatib chiqilgan.
“— Mehmonlarga ham sovg‘amiz bor hali, - dedi to‘yning egasi. – Iltimos, ketib qolmanglar.
Mezbon aytganidek, to‘y nihoyalab borar ekan, xizmatchilar har bir stolga kelib yelim xaltaga solingan sovg‘alarni mehmonlarga tarqata boshladi. Navbat bizning stolga ham yetib keldi. Yelim haltani sekin ochib, ichidagi kitoblarga nazar tashladim. Bir biridan oqil va dono mualliflarning purma’no fikrlari jamlangan ajoyib va nodir qitoblar edi. Bu sovg‘adan barchamizning ko‘nglimiz tog‘dek ko‘tarildi”, — deyiladi maqolada.
Izoh (0)