“Daryo” tahririyatiga murojaat qilgan dehqonobodliklar joriy yil kovrak shirasi olish uchun tuman hokimligi tomonidan yer ajratib berilmayotganidan shikoyat qildi. Aholi iddaosiga ko‘ra, tuman hokimligi kovrak unib chiqqan yerlarni qishloq aholisiga bermasdan, tadbirkorlarga ilinmoqda.
Voqea tafsilotlarini o‘rgangan “Daryo” muxbirining ma’lum qilishicha, tuman hokimligi kovrak shirasini Hindistonga eksport qilish maqsadida, kovrak unib chiqqan yerlarni eksportyor tadbirkorlarga ijaraga bergan.
— 2015-yildan beri kovrak shirasi bilan shug‘ullanib kelayotgandik, — deydi Xo‘jaipok qishlog‘ida yashovchi murojaatchi O‘ral Norboyev. – Har yili hech qanday muammo yo‘q edi. Ro‘zg‘or uchun shu yerdan daromad qilardik. Bu yil ham ishlaymiz desak, tuman hokimligi ruxsat bermayapti. Yer bermayapti. Ammo chetdan kelgan tadbirkorlarga yer berib, ularga kovrak shirasini olish uchun ruxsat berilgan. Nega endi hokimlik hammaga bir xil imkoniyat yaratmayapti?
Xo‘jaipok hamda Bo‘ztepa qishlog‘ida yashovchi murojaatchilarning so‘ziga ko‘ra, joriy yil aholi vakillarining hech biriga kovrak shirasini yig‘ishga ruxsat berilmagan.
— Prezidentimiz Dehqonobodda kovrak plantatsiyasini yaratamiz deyapti, tuman hokimligi esa kovraklarni tadbirkorlarga berib yubormoqda, — deydi O‘ral Norboyev. – 2018-yil noyabr oyida qishloqdoshlar bilan birikib, 100 gektar yerga 60–70 kg kovrak urug‘ini ekdik. Ammo biz kovrak ekkan yerlar tadbirkorlarga berib yuborildi. Tadbirkorlarga ishlash uchun imkoniyat berishsa, unda bizga ham yer berishsin. Tirikchiligimizni davom ettiraylik.
— Kovrak uchun yer so‘ragan har bir fuqaroga yer berilgan, — deydi Dehqonobod tuman hokimi Zoir Aliqulov. – Ishlayman deyishsa, tuman hokimligi ularni qo‘llab-quvvatlaydi. Shaxsan o‘zim Xo‘jaipok hamda Bo‘ztepa qishlog‘ida yashovchi fuqarolarga 50 sotixdan yer berdim. Ammo yiliga atigi 23 ming so‘mlik soliqni to‘lashni istashmagach, dehqonchilik xo‘jaliklarini tugatishga majbur bo‘ldik. Qolaversa, kovrak shirasini olish va uni xorijga eksport qilish bilan shug‘ullanayotgan tadbirkorlarimiz, tumanga investitsiya kiritish bilan birga mahalliy aholini ishga olib, ularni ish bilan ta’minlamoqda. Buning nimasi yomon?
Ma’lum qilinishicha, dehqonobodliklar 2014–2015-yillardan buyon kovrak o‘simligi shirasini olib, undan katta daromad qilib kelgan. Kovrak o‘simligining yer yuzida 170 dan ortiq turi mavjud bo‘lib, O‘zbekistonda uning 50 ta turi uchraydi. Mahalliy aholining ma’lumot berishicha, kovrak shirasi juda qimmatbaho bo‘lib, qorabozorda 1 million 500 ming so‘mgacha sotilgan. Shira 2018-yilga qadar mahalliy aholi tomonidan yig‘ilgan bo‘lib, faqat qora bozorda pullangan. 2015-yildan 2018-yilgacha bo‘lgan muddatda kovrak shirasidan qora bozordagilar juda katta miqdorda daromad qilgan. Ammo davlatga tayinli tushum to‘lanmagan.
Dehqonobod tuman hokimligining “Daryo” muxbiriga ma’lum qilishicha, tumanda tabiiy holda o‘suvchi kovrak o‘simligi o‘sadigan 31,4 ming gektar yer mavjud bo‘lib, shundan 28 ming gektari Dehqonobod davlat o‘rmon xo‘jaligiga tegishli va davlat o‘rmon fondi yerlari hisoblanadi. 2,1 ming gektar yer maydoni esa “Qo‘ng‘irot” qorako‘lchilik MChJ yer maydonlari, 1,3 ming gektar yer tuman hokimligi zaxirasidagi yer maydonlariga to‘g‘ri keladi.
Xo‘jaipok qishlog‘ida yashovchi murojaatchilarning gapiga ko‘ra, “Qo‘ng‘irot” qorako‘lchilik MChJning yer maydoni sifatida ko‘rsatilayotgan yerlardan ilgari ular ham kovrak shirasini olgan. Aholi vakillari, jumladan O‘ral Norboyev 2018-yil MChJ rahbari bilan kelishib, kovrak uchun yer maydoni olgan. Ammo biroz o‘tib, ularga berilishi lozim bo‘lgan yer tuman hokimligi qarori bilan tadbirkorlarga berib yuborilgan.
— “Qo‘ng‘irot” qorako‘lchilik MChJ rahbari bilan tuzilgan shartnomamiz hech qanday ish bermayapti, — deydi O‘ral Norboyev. – Bizga berilishi ko‘rsatilgan yerlar, tuman hokimi qarori bilan tadbirkorlarga berib yuborildi. Biz esa og‘zimizni ochib qolyapmiz.
— Kovrak o‘sib chiqqan yer maydonlari kovrak shirasini to‘g‘ridan to‘g‘ri xorijga eksport qilish layoqatiga ega bo‘lgan tadbirkorlarga, tumanga investitsiya kiritish sharti bilan berilmoqda, — deydi tuman hokimi Zoir Aliqulov. – Dehqonobodga asosan kovrak shirasi eksportidan mablag‘ kiradi. Shuni inobatga olgan holda, har bir kilogramm kovrak shirasidan maqsadli foydalanishga harakat qilyapmiz.
Tuman hokimligining aniqlik kiritishicha, kovrak o‘simligidan bir marta shira hosili olingach, u qaytib o‘smaydi. Shuni hisobga olgan holda tumanning yaylov maydonlariga 2015-yildan beri kovrak ekib kelinadi.
— Dehqonobodda eksportyor tadbirkorlar kovrak shirasini Hindistonga eksport qilib, tumanga katta miqdorda mablag‘ kiritmoqda, — deydi tuman hokimi o‘rinbosari Baxtiyor Berdiyev. — Jumladan “Ferulla trading” MChJ, “Nargiz Sarvar” XK, “Muhammadiyor Rahimov” XK, “Nurislom Sardor Fayz” XK, “Odiljon Maxmatovich” XK, “Usmondara Begi” XK, “Nur Aziz Impeks” MChJ, “Pegas Kamfort” XK, “Big-Bio Impeks” MChJ kabi tadbirkorlarga tumanga investitsiya kiritish sharti bilan yer maydonlari o‘lchab berilgan bo‘lib, kovrak yetishtirsh va shirasini eksport qilish huquqi topshirilgan.
Ma’lumotlarga ko‘ra, tuman kovrak o‘simligi shirasidan 2016-yil 125 ming AQSh dollari, 2017-yil 278 ming AQSh dollari, 2018-yili esa 1 million 200 ming AQSh dollari miqdorida daromad qilgan. Eksportyor korxonalar soni 2016-yil 4 tadan 2019-yilda 12 taga yetgan. 2019-yilda kovrak shirasini eksport qiladigan 12 ta korxonaga 1 million 150 ming dollar eksport rejasi belgilangan. Hozirgi kunga qadar 397 ming dollarlik kovrak shirasi eksport qilingan.
Bo‘ztepa qishlog‘ida yashovchi Uljamol Boyqulova tuman o‘rmon xo‘jaligi bilan o‘rtasidagi shartnomaga asosan unga berilgan 24 gektar yerga, tuman hokimi qarori bilan ushbu hududdan yer olgan “Muhammadiyor Rahimov” xususiy korxonasi ega chiqib, kovraklarini qazib olayotganini bildirmoqda. Shuningdek, u MChJ yoki xususiy korxona tashkil qilsa-da, tuman hokimligi tomonidan unga yer bermayotganini, yer olish uchun sarson-sargardon bo‘layotganini ta’kidlamoqda.
— Tuman o‘rmon xo‘jaligi bilan o‘rtamizda tuzilgan shartnomaga ko‘ra, o‘rmon xo‘jaligi rahbari menga 849 konturdan 24 gektar yer bergan edi, — deydi Uljamol Boyqulova. — Ammo yerimga “Muhammadiyor Rahimov” xususiy korxonasi ega chiqib, kovraklarimizni qazib olyapti.
Uljamol Boyqulova agar tuman hokimligi unga imkon bersa, 230 ta yangi ish o‘rniga ega bo‘lgan xususiy korxona tashkil etajagini bildirmoqda.
— Agar menga imkon berishsa, firma tashkil qilib 230 ta yangi ish o‘rni yarataman, — deydi Uljamol Boyqulova. – Qishloqdoshlarimni ish bilan ta’minlayman.
Uljamol Boyqulovaning tushuntirishicha, u qishloqdoshlari bilan birikib, tashkil etajak xususiy korxonasi orqali kovrak shirasini olib, tadbirkorlik bilan shug‘ullanish orqali qishloqdoshlari hisobiga 230 ta ish o‘rni yaratmoqchi. Uning rejasiga ko‘ra, 230 nafar ishchi korxona to‘lashi lozim bo‘lgan soliqlarni o‘z hisobidan yakka tartibda to‘lab boradi.
— Ammo kovrakni to‘g‘ridan to‘g‘ri eksport qilolmayman, buni ham tan olishim kerak, — deydi Uljamol Boyqulova. – Yig‘ib olgan kovragimiz shirasini mahsulotni eksport qilish imkoniyatiga ega bo‘lgan tadbirkorlarga topshiramiz. Muhimi qishloqdoshlarimiz shundan daromad topib, ro‘zg‘orini eplashtirishining tarafdorimiz.
Voqealar rivojini kuzata turib, bir tomonda yillar davomida oilasi va ro‘zg‘orini shu kovrak shirasidan kelgan daromadi evaziga o‘tkazayotgan aholi, bir tomonda esa davlat rahbarining bugungi kun talabidan kelib chiqqan holda, tumanga ko‘proq investitsiya kiritish, eksportdan daromad qilishni ko‘zlayotgan mutasaddilar turganini ko‘rib, masala naqadar jiddiy ekanligiga yana bir karra ishonch hosil qildik. O‘ylaymizki, muammo tez orada yechimini topadi.
Izoh (0)