O‘zA Navoiyning Karmana tumanida joylashgan tarixiy obidalar vayron bo‘layotgani haqida “Qulayotgan saroy yoxud oltin vasvasasida olib ketilgan Amir taxti va talon-toroj qilinayotgan tarixiy meros” nomli maqola chop etdi. Unda Buxoro amirligi paytida Karmana bekligida qurilgan Mirzo Chorbog‘ xarob holga kelgani aytilgan.
Mirzo Chorbog‘ Amir topshirig‘i bilan Zarafshon daryosi sohilida 1900-1905-yillarda bunyod etilgan. Saroy loyihasi Amirning shaxsiy arxitektori Xo‘ja Abdurahim tomonidan tayyorlangan. Qurilishga mashhur ganchkor usta Shirin rahbarlik qilgan.
Ammo bugungi kunda mutasaddilarning beparvoligi oqibatida mazkur tarixiy obida qulab bormoqda. Saroyning muhofaza devorlari o‘rnatilmagan. Saroy o‘rtasidagi hovuz axlat va hayvon suyaklari bilan to‘ldirilgan. Quduq esa ko‘mib tashlangan.
Qayd etilishicha, saroy asosan yog‘och va g‘ishtdan tiklangan. 2019-yil aprel oyida to‘rt oy davomida qiyshayib turgan yog‘och sinchli saroyning kutish zali poydevori qulagan. Qulagan joyda faqatgina milliy naqsh bo‘laklari qolgan. Mustahkam yog‘ochlar mahalliy aholi tomonidan talon-toroj qilingan.
Qimmatbaho yong‘oq va kedr daraxtidan ishlagan saroy eshiklari esa o‘g‘irlab ketilgan. Hozirda faqat 1900-yillarni eslatib turgan eshikning oshiq-moshiqlari va xalq tilida aytganda musulmon g‘ishtlar qolgan, xolos. Bu yerdagi taxt oltin vasvasasida o‘g‘irlab ketilgan, taxt turgan joy esa kavlangan.
Izoh (0)