O‘zbekistonning Fransiyadagi elchixonasi tashabbusi bilan Parijda Namangan viloyatidagi yirik tekstil korxonalarining taqdimoti o‘tkazildi. Bu haqda “Xalq so‘zi” xabar bermoqda.
Elchixona binosida tashkil etilgan tadbirda viloyatdagi uch korxona — “Istiqlol tekstil dizayn”, “Tekstil libos” mas’uliyati cheklangan jamiyatlari hamda “Chust tekstil” xususiy korxonasi o‘z mahsulotlarini namoyish qildi.
Taqdimot avvalida bugungi kunda Namangan viloyati brendiga aylangan tekstil sanoatining salohiyati xususida batafsil ma’lumot berildi.
Fransiyaning bir qator savdo va ishlab chiqarish kompaniyalari, Parij moda akademiyasi vakillari ko‘rgazmaga qo‘yilgan mahsulotlar bilan yaqindan tanishdi. Ularni, ayniqsa, Namanganda tikilayotgan erkaklar kostyum-shimlari va boshqa trikotaj mahsulotlari bejirimligi bilan qiziqtirib qo‘ydi.
— Fransiya—Namangan iqtisodiy munosabatlari o‘rnatilganiga ko‘p bo‘lgani yo‘q, shunga qaramay joriy yilning o‘tgan davrida 580 ming AQSH dollari atrofida tovar aylanmasi amalga oshirildi, — deydi viloyat investitsiyalar va savdo boshqarmasi bosh mutaxassisi Asrorbek Haydarov. — Mazkur davlatga birinchilar qatorida eksport amaliyotini yo‘lga qo‘ygan “Chust tekstil” xususiy korxonasi o‘tgan oyda 105,4 ming dollar qiymatdagi trikotaj mahsulotlarini o‘z hamkorlariga yubordi. Chustlik trikotajchilar yil oxiriga qadar bu ko‘rsatkichni 600 ming dollarga yetkazish bo‘yicha shartnoma imzolagan.
Taqdimot jarayonida Fransiya kompaniyalari Namangan tekstil korxonalari bilan savdo-iqtisodiy aloqalarini yanada kengaytirish yuzasidan takliflarini bildirdi.
Izoh (0)