Pekinda Bosh vazir o‘rinbosari Elyor G‘aniyev, “O‘zdavkarantin” inspeksiyasi boshlig‘i Ibrohim Ergashev Xitoy Bojxona ma’muriyati boshlig‘i Ni Yufen bilan fitosanitar talablar asosida qator mahsulotlar eksportini amalga oshirish borasida muzokaralar o‘tkazdi. Bu haqda inspeksiya matbuot xizmati ma’lum qildi.
Uchrashuvda tomonlar Xitoyga qovun eksportiga fitosanitariya ruxsatnomasini berish tartibini muhokama qildi. Xitoy tomoni inspeksiyadan olingan texnik ma’lumotlarga asosan zararkunanda xavfini tahlil qilish jarayoni yakunlanganini ta’kidladi. Xitoy davlati qonunchiligiga ko‘ra, mutaxassislar qovun dalalarini atroflicha tekshiruvdan o‘tkazadi. Yakunda tegishli hujjat imzolanib, ushbu mahsulotlar importiga ruxsat beriladi.
Bundan tashqari, 2019—2020-yillarga mo‘ljallangan idoralararo hamkorlik dasturi loyihasi ko‘rib chiqildi. Ikki yillik muddatni o‘z ichiga olgan mazkur hujjatda O‘zbekistondan Xitoyga qovun, anor, uzum, limon va boshqa mahsulotlar eksporti masalasi ko‘zda tutilgan. Ushbu loyiha hujjatlari joriy yilning may oyida xitoylik mutaxassislarning Toshkenga safari doirasida imzolanishi mumkin.
Uchrashuvda o‘simliklar karantini tizimida soha xodimlarining malakasini oshirish bo‘yicha hamkorlikni yo‘lga qo‘yish masalalari ham muhokama qilindi.
Izoh (0)