Kecha, 25-aprel kuni boshlangan O‘zbekiston yoshlar ittifoqining Mudofaa vazirligi harbiy qism va muassasalaridagi boshlang‘ich tashkiloti yetakchilarining ikki kunlik forumi bugun, 26-aprelda o‘z ishini yakunladi. Bu haqda Mudofaa vazirligi matbuot xizmati “Daryo”ga xabar berdi.
“Yoshlarimiz ma’naviyati va intellektual salohiyatini oshirish, ularni vatanparvarlik ruhida tarbiyalashning dolzarb masalalari” mavzusida o‘tkazilgan mazkur tadbirda O‘zbekiston Mudofaa, Ichki ishlar, Favqulodda vaziyatlar vazirliklari, Davlat xavfsizlik xizmati Chegara qo‘shinlari, Milliy gvardiya hamda O‘zbekiston yoshlar ittifoqi mas’ul xodimlari, shuningdek, O‘zbekiston Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruv akademiyasi qoshidagi Yoshlar muammolarini o‘rganish va istiqbolli kadrlarni tayyorlash instituti professor-o‘qituvchilari o‘z ma’ruzalari bilan ishtirok etdi.
Tanqidiy-tahliliy ruhda o‘tgan forumning birinchi kunida yoshlar ma’naviyatini yuksaltirish, ularda milliy g‘urur, iftixor va or-nomus fazilatlarini shakllantirish, yoshlar bilan ishlashni to‘g‘ri yo‘lga qo‘yish, bo‘sh vaqtlarini mazmunli tashkil etish bo‘yicha mutaxassislar tomonidan kerakli tavsiya va takliflar berildi.
Forumning ikkinchi kuni Qurolli Kuchlar akademiyasida davom etdi. O‘zbekiston Yoshlar ittifoqining hududiy bo‘limlarida yoshlarga oid amalga oshirilayotgan ishlar hamda harbiy qism va muassasalardagi boshlang‘ich tashkilotlari faoliyati tahlil qilindi. Bu borada yo‘l qo‘yilgan kamchiliklar tanqid ostiga olindi.
Forum yakunida harbiy qism va muassasalardagi boshlang‘ich tashkilot yetakchilarininganiq dastur asosida 2019-yil davomida amalga oshiradigan ishlari belgilab berildi. Eng faol yetakchilarga Mudofaa vazirining esdalik sovg‘alari topshirildi.
Izoh (0)