Xalqaro press-klubning O‘zbekiston islom sivilizatsiyasi markazi faoliyatining asl mohiyati, bu yerda amalga oshirilgan qurilish ishlariga bag‘ishlangan press-tur formatidagi sessiyasi tashkil etildi. Bu haqda O‘zA xabar beradi.
Ma’lumot berilishicha, Islom sivilizatsiyasi markazi muzeyi ekspozitsiyasini shakllantirish bo‘yicha ham ishlar olib borilmoqda. Muzey jami 11 yo‘nalishni o‘ziga qamrab oladi. Ular Islomgacha Markaziy Osiyo, yozuv madaniyati, kitobat, miniatyura va xattotlik san’ati, Islom ta’limoti, ilm-fan taraqqiyoti, shaharsozlik va me’morchilik, Vaqf xo‘jaligi va boshqa yo‘nalishlardir.
Press-tur davomida jurnalistlar markaz qurilishi, ish jarayoni, shart-sharoitlar bilan ham yaqindan tanishdi.“Markaz uch qavatdan iborat, uning birinchi qavatida muzey fondini, texnik jihozlarni saqlash uchun omborlar, ikkinchi qavatda muzey joylashadi. Muzeyda Qur’oni Karimning mus’haf nusxasi ham bo‘ladi. Binoning uchinchi qavatida ilmiy tadqiqot instituti joylashadi va unda olimlarimiz sohaga oid tadqiqotlarni olib boradi”, — deydi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Alohida muhim ijtimoiy, madaniy va tarixiy ahamiyatga ega bo‘lgan obyektlarni qurish, rekonstruksiyasi qilish va mukammal ta’mirlash direksiyasi bosh mutaxassisi Umidjon To‘ymurodov.
Qurilish ishlari 2019-yil dekabr oyida nihoyasiga yetishi rejalashtirilgan. Hozirgi kunda qurilish ishlariga 1200 ga yaqin quruvchi jalb qilingan.
Izoh (0)