Abdulla Avloniy nomidagi xalq ta’limi rahbar xodimlarini qayta tayyorlash va malakasini oshirish institutida Xalq ta’limi vazirligi rahbariyati hamda faxriylar bilan davra suhbati bo‘lib o‘tdi. Bu haqda vazirlik axborot xizmati ma’lum qildi.
Davra suhbatida sohada uzoq yillar davomida faoliyat olib borgan faxriylar, avvalgi xalq ta’limi vazirlari, akademiklar ishtirok etdi.
Tadbirda xalq ta’limi tizimida olib borilayotgan islohotlar, takliflar muhokama qilindi. “O‘qituvchi maqomi to‘g‘risida” qonuni qabul qilinishi kutilayotgani, mazkur hujjat o‘qituvchilarning huquq va majburiyatlarini belgilab berishi bilan birga, ularning ijtimoiy himoyasiga oid masalalarni ham tartibga solishi ma’lum qilindi.
“Xalq so‘zi” nashriga ko‘ra, davra suhbati davomida Xalq ta’limi vaziri Sherzod Shermatov maktablarda obuna bilan bog‘liq masalalarga ham to‘xtalib o‘tgan.
— Maktablarda majburiy obunani cheklash borasidagi ishlarimizni noto‘g‘ri talqin qilayotgan, meni gazeta o‘qimaydigan matbuot dushmaniga aylantirib qo‘yganlari haqidagi xabarlarni eshityapman. Shaxsan mening ish stolimda har kuni gazetalar turadi. Ertalab ishimni “Xalq so‘zi”, “Narodnoye slovo”, “Pravda Vostoka” va boshqa gazetalarni o‘qishdan boshlayman. Bu targ‘ibotni boshqacha talqin qilish noto‘g‘ri, deb o‘ylayman , — degan Sherzod Shermatov.
Izoh (0)