Qashqadaryo viloyatida 2019-yilning yanvar–fevral oylari yakuni bo‘yicha o‘tkazilgan tahlil natijalariga ko‘ra, hududida jinoyatchilik sur’atining pasayishiga erishgan 297 nafar profilaktika inspektori va ularga ko‘maklashib hamkorlikda ishlagan 7 nafar fuqarolar yig‘ini raisi, jamoat tartibini saqlashda amaliy yordam ko‘rsatgan 13 nafar fuqaroga 317 million so‘m bir martalik pul mukofoti berildi. Bu haqda “Daryo” muxbiri xabar bermoqda.
Ma’lum bo‘lishicha, davlat rahbarining 2018-yil 24-dekabrdagi qarori hamda Ichki ishlar vazirligi, Bosh prokuratura hamda Moliya vazirligining 2019-yil 15-fevraldagi qo‘shma qaroriga asosan joriy yilning yanvar, fevral oylarida nafaqat Qashqadaryoda, balki butun respublika hududida jinoyatchilik va huquqbuzarliklarning ahvoli tahlil qilingan.
Mazkur tahlil natijalariga ko‘ra Qashqadaryoda 297 nafar IIB xodimi, 7 nafar fuqarolar yig‘ini raisi va 13 nafar faol fuqaro jami — 317 nafar kishining har biriga 1 million so‘mdan pul mukofoti berilgan.
“Viloyat miqyosida o‘rganilgan natijalar tahliliga ko‘ra, 297 nafar kishi ushbu mukofotga loyiq deb topildi”, — deyiladi viloyat IIB matbuot xizmati xabarida. Boshqarma matbuot xizmatining qo‘shimcha qilishicha, 1 million so‘m pul mukofotiga munosib ko‘rilgan xodimlar hududida jinoyatchilik darajasi pasaygan.
Izoh (0)