Farg‘ona shahridagi tadbirkorlar markazida xalqaro yoshlar festivalining ochilish marosimi boshlandi. Unda O‘zbekiston, Qirg‘iziston va Tojikistonning chegaradosh viloyatlari yoshlar tashkilotlari, milliy-madaniy markazlar, huquqni muhofaza qilish organlari, diniy soha va ommaviy axborot vositalari vakillari, talaba yoshlari qatnashmoqda. Bu haqda “Daryo” muxbiri xabar berdi.
11-mart kuni erta tongda Beshariq tumanidagi “Andarxon” chegara postida Tojikistonning So‘g‘d viloyati delegatsiyasi, Vodil chegara postida Qirg‘izistonning Botkent viloyati delegatsiyasi hamda Andijon viloyatining “Do‘stlik” chegara postida O‘sh va Jalolobod viloyatlari yoshlari tantanali kutib olindi.
Ikki kun davom etadigan mazkur xalqaro festivalda “Markaziy Osiyo mintaqasida ekstremizm va terrorizmga qarshi kurashning dolzarb masalalari” mavzusida o‘quv-seminari hamda “Biz kelajakni birgalikda bunyod etamiz!” shiori ostida yosh olimlarning innovatsion g‘oyalari, tadbirkor va hunarmand yoshlar ko‘rgazmalari tashkil etiladi. Festival ishtirokchilaridan iborat jamoalar o‘rtasida mini-futbol, voleybol, stol tennisi bo‘yicha “Do‘stlik” kubogi musobaqalari o‘tkaziladi.
Bugun Farg‘ona shahridagi “Istiqlol” stadionida festival ishtirokchilari va 20 mingdan ortiq yoshlar uchun konsert dasturi namoyish etiladi.
Izoh (0)