2019-yil 1-iyulga qadar O‘zbekiston hududida ro‘yxatdan o‘tgan barcha tovar belgilari to‘liq xatlovdan o‘tkaziladi. Bu Prezidentning “Intellektual mulk sohasida davlat boshqaruvini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorida belgilangan.
Bundan ko‘zlangan maqsad O‘zbekistonda hammaga ma’lum tovar belgilarining nohalol ro‘yxatdan o‘tkazilishini aniqlash ekanligi bildirilmoqda.
Xatlov yakunlariga ko‘ra qonun talablari buzilgan holda berilgan tovar belgilarini ro‘yxatdan o‘tkazish to‘g‘risidagi guvohnomalarni bekor qilish choralari ko‘riladi.
Mazkur vazifa Adliya vazirligi va Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamentiga yuklatilgan.
Eslatib o‘tamiz, Prezidentning ushbu qarori bilan Intellektual mulk agentligi Adliya vazirligi tizimiga o‘tkazildi va Adliya vazirligi huzuridagi Intellektual mulk agentligi etib qayta nomlandi.
Izoh (0)